“Nasaf" futbolchilari Qamashida(foto)
Qamashi tumanidagi 4-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari 2018 yilning 8 fevral ertalabdan sabrsizlik bilan tashrifi kutalayotgan mehmonlarni kutishmoqda. Va nihoyat mehmonlarning avtobusi ko‘rindi. Tarbiyalanuvchilar, ayniqsa, o‘g‘il bolalarning quvonchini ko‘rsangiz, qalbingizda o‘zgacha tuyg‘ular paydo bo‘ladi. Mana shunday sharafga erishishning o‘zi katta baxt. Bunga faqat va faqat mehnat bilan erishiladi.
O‘zbekiston Oliy ligasida o‘tgan mavsumda kumush medallarni qo‘lga kiritgan Qarshining “Nasaf” jamoasi bugungi kunda nafaqat vohada balki yurtimiz bo‘ylab ko‘plab muxlislariga ega jamoa hisoblanadi. Ularning mehribonlik uyiga tashrifi Qamashi tuman futbol ixlosmandlarini va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini juda ham xursand qildi. Ayniqsa, ular orasida yaqinda yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan terma jamoa safida to‘p tepgan futbolchilarning borligi tadbirning yanada ko‘tarinki bo‘lishiga xizmat qildi.
Mehribonlik uyida tashkil qilingan tadbir davomida “Nasaf” jamoasining murabbiy va futbolchilariga ularning ashaddiy muxlislari o‘zlarining qiziqarli savollarini berishdi. Tarbiyalanuvchilar sevimli “Nasaf” jamoasi bilan esdalik uchun surat ham tushishdi.
Shundan so‘ng, mehribonlik uyida mashg‘ulotlarni olib borayotgan Qamashi tuman Bolalar va o‘smirlar sport maktabining futbol to‘garagi yosh futbolchilardan iborat jamoa “Nasaf” jamoasiga qarshi o‘zaro o‘yinda maydonga chiqdi. O‘rtoqlik tarzida uyushtirilgan uchrashuv yorqin lahzalarga boy bo‘ldi. O‘yin davomida tarbiyalanuvchilar sevimli jamoasi posboni qo‘riqlagan darvozaga ikki bor to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lishdi. Ushbu qiziqarli “master klass” uchrashuvi yosh futbolchilarga olam-olam quvonch olib keldi.

“Nasaf” jamoasi a’zolari mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga mustahkam sog‘lik, hayot yo‘llarida muvafaqqiyatlarga erishishlarini tilagan holda, imzolari tushirilgan maxsus to‘plar va futbolkalarni esdalik uchun topshirishdi. Tadbir so‘nggida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘zilarining ajoyib kuy va qo‘shiqlari bilan mehmonlarga bayram kayfiyatni ulashdi.
"Shuni ta’kidlash joizki, “Nasaf ” jamoasining mehribonlik uyiga tashrifi bu erda tarbiyalanayotgan bolajonlarga quvonch, samimiylik va ko‘tarinki kayfiyat olib kelgani uchun bosh homiy “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ direktori va “Nasaf ” PFK klub prezidenti Iskandar Umarovga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman", - deydi 4-sonli mehribonlik uyi direktori Gulbahor Hamidova.

"Umid qilamanki, mehribonlik uylarida bunday yuqori saviyadagi bayramona tadbirlarni tashkil etayotgan tashkilotchilar bolajonlarning qalbida kelajakka bo‘lgan ishonchni uyg‘otishmoqda", - dedi mehribonlik uyi ma’naviy-ma’rifat ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Ro‘ziboy Abdiev. Ishonch xissi – bu har bir insonni yashashga va kelajakka talpinishga undaydi.
Faxriddin Choriev

Fikrlar