
“Nasaf” libosida “Surxon” uchun to‘p tepgan yashirin “agent” kim edi?
Endilikda SPORTS.uz Superliga tur yakunlariga ko‘ra eng “yaxshilar”ni aniqlab boradi. Xo‘sh, beshinchi turda kimlar o‘zini yomon tomondan qolganlardan ko‘ra "yaxshiroq" ko‘rsatdi? Bizda beshta variant bor. Matn kattalashib ketmasligi uchun qisqa va lo‘nda tushuntiramiz!
5 o‘rin. Baqoevni xafa qilgan yigit
Ulug‘bek Baqoev “Buxoro”ni qabul qilib olgach, debyutdan klub muxlislarining umidi katta edi. Raqib, hali engilmagan “Bunyodkor” bo‘lishiga qaramay! Darhaqiqat, “Baqoev” o‘z shogirdlarini anchagina keskin o‘ynashga majbur eta oldi, biroq butun boshli bahsni “Buxoro” posboni qilgan bitta xato barbod qildi desam, ishonasizmi? Keling, tushuntiraman.
Tablodagi 0:2 o‘z yo‘liga. Bahsning 15 daqiqasi. Qanotdan uzatib berilgan to‘pni darvozabon ilib olishi, yoki jarima maydonchasida uzoqlashtirishi mumkin edi. Nikola Stoshich katta tezlikda kelayotgan Ismonalievni ko‘rmay qoldi. Natijada, kiperning qo‘pol xatosidan keyin, hisob ochildi. Qolgan 75 daqiqa davomida, “Buxoro” himoyada tartibli o‘ynab, imkon bo‘lganida raqibga bosim o‘tkazdi. Afsuski, gol kirita olgani yo‘q. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda esa, raqib jarima maydonchasiga omadini izlab kelgan darvozabonni “Bunyodkor” ikkinchi bor jazoladi. Ya’ni, Baqoevning agressiv qarshi hujumga tayangan o‘yin falsafasini darvozabon 15 daqiqadayoq bir pulga aylantirdi. Agar, bu xato bo‘lmaganida, o‘sha oqshom “Buxoro” “Bunyodkor”da ochko olish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lishi aniq edi.
4 o‘rin. “Nasaf” libosida “Surxon” uchun to‘p tepgan yashirin “agent”
Jamoasi g‘alaba qozonganiga qaramay, “Nasaf” futbolchisi bu TOP 5 da nima qilyapti deb hayron bo‘lmang. Osha kuni “Surxon”ga qarshi o‘yinda Abduvohid deyarli “uchar tulporlar” sharafini himoya qilgan “agent”dek o‘zini tutdi. Vaziyatni tahlil qilamiz:
1 gol. Abduvohid o‘z o‘rnini tark etishga urindi, ammo himoyachi vaziyatni bartaraf etdi. Ayni shu onda posbon darvoza oldidagi o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi. Natijada, Nimeli yo‘llagan zarbani bartaraf eta olgani yo‘q. Vaholanki, zarba deyarli Ne’matov turgan zonaga yo‘llangan edi.
2 gol. Tezligi u qadar baland bo‘lmagan Umar Eshmurdov raqib bosim qilayotganini sezib, to‘pni boshi bilan darvozaboniga tashlab bermoqchi ekanligiga ishora qildi. Tezroq masofani qisqartirish o‘rniga, Abduvohid reaktsiya bildirishga kech qoldi. Ya’ni, o‘rnini kech tashlab chiqdi. Natijada, “Surxon” forvardi to‘pga posbondan avvalroq etib kelib uni xato qilishga majbur qildi. “Nasaf” baxtiga referi buni so‘nggi najot foli o‘rnida qabul qilgani yo‘q. Aks xolda, qizil kartochka ko‘rsatib Abduvohidni o‘yindan chetlatishi, “Nasaf”ni murakkab ahvolda qoldirishi hech gap emas edi. “Ajdarlar” bir ammalab o‘yinga qayta oldi, ammo Abduvohidning qo‘pol xatolari bahs borishiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.
Katta ehtimol, keyingi o‘yinda qarshiliklar darvozasini Umidjon Ergashev qo‘riqlasa, hayron bo‘lib yurmang! Olimpiya terma jamoamizning asosiy posboni o‘sib, boshqa darajaga ko‘tariladigan yoshda. Endi, uni bu xatolarini yoshligiga yo‘yish imkonsiz.
3 o‘rin. Nurillo To‘xtasinov – Ikkita derbini ko‘tara olmagan talant
Ba’zan, futbolda ortiqcha emotsiya ham pand berib qo‘yishi mumkin. Nurillo To‘xtasinov “Andijon”ga qarshi o‘yinda shu so‘zlar naqadar to‘g‘ri ekanligini amalda isbotlab berdi. Vodiy derbisi eng qizg‘in pallaga kirgan payt, sariq kartochkasi bor ekanligini bila turib, umuman keraksiz kontaktga borgani uchun maydondan chetlatilgan yarim himoyachi Farg‘onalik ishqibozlarni anchagina asabiylashishga sabab bo‘ldi.
Agar, “Andijon” hisobni qisqartira olganida, (o‘yin davomida bunga etarlicha imkoniyat bo‘ldi) cho‘ntakdagi naqd g‘alabani bir ochkoga almashtirishga “Neftchi” majbur bo‘lar edi. Qahramonimizning baxtiga, “yo‘lbarslar” mudofaada mardonavor o‘ynab berishdi. Nurillo esa, jamoasini qiyin ahvolda qoldiribgina qolmay, kelasi turda “Turon”ga qarshi bo‘ladigan keyingi vodiy derbisini o‘tkazib yuboradi. Bu podkat shunga arzirmidi?
2 o‘rin. Ivan Yosovich - “Qoratog‘liklar” otishmasidagi aybdor
“Qoratog‘lik” mutaxassislar duelida chinakam “otishma” sodir bo‘ldi. 2:2. O‘yin u tomondan, bu tomonga ko‘chib o‘tdi. Zabihulla O‘rinboevning super golidan so‘ng, “Metallurg” jangni g‘alaba bilan yakunlashga juda yaqin kelgan edi, ammo mehmonlar himoyachisi Yosovich pozitsiya tanlashda juda qo‘pol xarakat qilib to‘pni yo‘qotib qo‘ydi. Serdar Serdarov esa, kechirib o‘tirgani yo‘q.
Natijada, “Metallurg” xorijlik legioner tushirgan “qovun” sababli 3 ochkodan mahrum bo‘ldi. To‘g‘risi, bu legionerning qo‘pol xatosini tomosha qilar ekanman, zahirada o‘tirgan o‘zimizning qora ko‘zlarni uvoli o‘zbek futbolini tutadi deb o‘ylab qo‘rqib ketdim…
1 o‘rin. Samvel Babayan - Muxlislar ishonchini yo‘qota boshlagan mutaxassis
Ishonch – bu futboldagi eng muhim omillardan biri. Namanganlik ishqibozlar aynan shu ishonch sababli har mavsum o‘z suyuklilarini qo‘llab-quvvatlashdan charchamay kelmoqda. OKMK bilan bahs oldidan ham shu ishonch “lochinlar” fanatlari bazasida ufurib turgan edi. Yakun esa…
O‘yin yakunlanishiga 5 daqiqa qolganida, JAR stadioniga yig‘ilgan “Navbahor” ishqibozlarini maydonga qarata “Babayan pozor” deb hayqirayotgani eshitilib qoldi. Vaholanki, chempionatning endigina 5 turi davom etmoqda. Eng achinarlisi, o‘yin yakunlanishiga 2-3 daqiqa qolganida ayrim ishqibozlar tribunalarni ham tark etayotgani ko‘rindi. Bu klub muxlislari va Samvel Babayan o‘rtasidagi eng muhim ko‘prik – Ishonchni yo‘qolayotganidan dalolat.
Bilmadim-ku, agar bu ko‘prik buzilsa, Namanganda Babayan uyoqda tursin, Karlo Anchelotti ham uzoq ushlanib qolmasligi mumkin. Buni tarix ko‘p bor isbotlagan. Xo‘sh, bunda Samvel Babayanning aybi bormi? Bu ancha bahsli vaziyat, ammo shunisi aniq-ki, mutaxassis juda yaxshi tarkib yig‘ishni uddaladi. Bunday byudjet va imkoniyatlarga ega bo‘lgach, unga maydonda javob berish murabbiyning birlamchi vazifasi. Natija o‘xshamayaptimi, tamom murabbiydan so‘rab olinadi. 100 oldin ham shunday edi. 100 yildan keyin ham futbolda shunday bo‘lib qolaveradi.
Norboy Muallim
Fikrlar