
"Nasaf"ning chempionlik imkoniyati qanday?
O‘zbekiston Superligasida 19-tur uchrashuvlari yakuniga etdi. Chempionat tugashiga esa 7 tur qoldi. Oldingi yillarga qaraganda, bu mavsum O‘zbekiston birinchiligida o‘yinlar ancha qizg‘in kechmoqda. O‘tgan mavsumlarda 19-turdan keyin chempion nomi deyarli aniq bo‘lib qolar edi. Biroq hozir qaysidir jamoani aniq chempionlikni qo‘lga kirita oladi deya ayta olmaymiz.
Xalqaro o‘yinlar sabab O‘zbekiston Superligasida ham qisqa tanaffus yuzaga keladi. Shu bois, biz vaziyatdan foydalanish maqsadida chempionlik uchun asosiy da’vogar bo‘lib turgan 3 ta klub – “Nasaf”, “Paxtakor” va “Navbahor”ning imkoniyatlarini baholaymiz. Sababi, hozirda mazkur jamoalar chempionatda to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlardagi klublardan ochkolar borasida biroz ilgarilab ketgan (5 ochko).
Turnir jadvalidan kelib chiqsak, hozirda “Nasaf” oltin medallar uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Shuning uchun, bugun “ajarlar”ning Superligada g‘olib bo‘lish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz.
“Nasaf”
Qarshi klubi 19-turdan keyin 38 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida etakchilik qilmoqda. “Nasaf” o‘tgan uchrashuvlarda 10 ta g‘alaba va 8 ta durang qayd etgan, shuningdek, bir marta maydonni ochkolarsiz tark etgan. To‘plar farqi – 31:10.
“Ajdarlar”ni oldinda 7 ta muhim bahs kutib turibdi:
“Paxtakor” – “Nasaf”
“Nasaf” – “So‘g‘diyona”
“Qizilqum” – “Nasaf”
“Nasaf” – “Bunyodkor”
“Nasaf” – “Dinamo”
“Nasaf” – “Neftchi”
“Olimpik” – “Nasaf”
Aytish mumkinki, Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari uchun haqiqiy sinov endi boshlanadi. Chunki qarshiliklar keyingi 3 ta turni Superligada etakchi o‘rinlarda ketayotgan jamoalarga qarshi o‘tkazadi. Ular 1 oktyabr kuni “Paxtakor” maydoniga safar uyushtirsa, 8 oktyabrda “So‘g‘diyona”ni Qarshida qabul qiladi. Keyin esa “ajdarlar” Navoiyda “Qizilqum”ga qarshi saf tortadi. Agar klub mazkur uch bellashuvda maksimal ochkolarni qo‘lga kirita olsa, Berdiev shogirdlari chempionlik uchun katta qadam tashlagan bo‘ladi. Sababi “Paxtakor” hozir “Nasaf” bilan bir xil 38 ochko to‘plagan bo‘lsa, “So‘g‘diyona” va “Qizilqum” 32 ochko bilan to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni band etgan.
Aytish joizki, “Nasaf”ning Toshkentda Maksim Shatskixning “sherlar”iga qarshi o‘yini ko‘p narsani aniqlashtirib beradi. Bu uchrashuvdagi mag‘lubiyat “ajdarlar”ga nafaqat etakchi jamoadan 3 ochko ortda qolishga, balki medallar uchun kurashdan ham uzoqlashishiga sababchi bo‘ladi. Chunki keyingi o‘rinlarda kelayotgan “Navbahor”, “Qizilqum” va “So‘g‘diyona” bilan oradagi farq katta emas. “Nasaf” va “Paxtakor”ning birinchi davradagi o‘yinida hisob ochilmagan – 0:0. Birinchi davra yakunlanganidan keyin ushbu jamoalar Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi va unda Poytaxt klubining qo‘li baland kelgan edi – 3:1. Ammo hozir vaziyat umuman boshqacha.
“Paxtakor” har doim “Nasaf” uchun noqulay raqib bo‘lib kelgan. Agar bu jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi besh bahsga qaraydigan bo‘lsak, Toshkent klubi 3 marta, “ajdarlar” esa 1 marta g‘alaba qozongan. 1 bahsda esa g‘olib nomi aniqlanmagan.
Ayni paytda “Nasaf” uchta “front”da kurash olib bormoqda – Superliga, O‘zbekiston kubogi va OChL. Osiyo chempionlar ligasi keyingi yilning fevral oyida davom ettirilishini hisobga olsak, Qarshi klubi hozircha chempionat va kubok haqida bosh qotirib tursa bo‘ladi. Ammo “Nasaf”dan farqli o‘laroq “Paxtakor” na Osiyo chempionlar ligasida, na O‘zbekiston kubogida qatnashmoqda. Ular har ikki musobaqadagi yurishini ham biroz erta yakunlagan. Shuning uchun Shatskix va uning “sherlar”i bor e’tiborni ichki chempionatga qaratadi. Bu esa “ajdarlar” uchun biroz qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy.
Agar “Nasaf” Toshkentdan 3 ochko bilan qaytadigan bo‘lsa, “So‘g‘diyona” va “Qizilqum”ga qarshi o‘yinlarda ruhiy tomonlama ustun holda ishtirok etadi. Qolaversa, “ajdarlar”ning Jizzax va Navoiy klublariga qarshi so‘nggi o‘yinlardagi natijalarini ham ijobiy deyish mumkin. Xususan, birinchi davrada kechgan “So‘g‘diyona” – Nasaf” bahsida Berdiev jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozongan, “Qizilqum” qarshi Qarshida kechgan o‘yinda esa “ajdarlar” foydasiga 5:0 hisobi qayd etilgan.
Klub keyingi uchta turni o‘z maydonida o‘tkazadi – muammolar girdobidagi “Bunyodkor”, deyarli Superliga bilan xayrlashgan “Dinamo” va bir tekisda o‘yin ko‘rsata olmayotgan “Neftchi”. Hozirga holatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, ushbu bahslarda favorit jamoa nomi ma’lum.
“Nasaf” so‘nggi turni Toshkentda o‘tkazadi. Qarshiliklar o‘sha kuni ko‘plab grandlar uchun “chaqilmagan yong‘oq”ga aylanib ulgurgan “Olimpik”ka qarshi saf tortadi. Bu jamoalarning birinchi davradagi o‘yinida 2:2 hisobi qayd etilgan. Ta’kidlash kerakki, mazkur bahsda qaysidir jamoani ustun deya olmaymiz. Ammo “Nasaf” ushbu bahslarga yo‘qotishlarsiz etib kela olsa, ya’nikim Kapadze jamoasiga qarshi o‘yingacha ular hamon birinchi o‘rinda bo‘lsa, Qarshi klubini hech narsa to‘xtata olmaydi. U holda, Berdiev jamoasi faqat g‘alaba uchun harakat qiladi. Biroq buning aksi bo‘lsa...
Hozirgi holatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Nasaf”ning chempion bo‘lish imkoniyati o‘z qo‘lida. Agar ular barcha raqiblarga qarshi maksimal ochkolarni to‘play olsa, hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi. Faqatgina “Paxtakor” to‘plar farqiga ko‘ra “Nasaf”dan o‘tib ketishi mumkin. Biroq hozir “ajdarlar” kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar farqi bo‘yicha +21 natijani qayd etib turibdi, “sherlar”da esa bu ko‘rsatkich +15ni qayd etmoqda.
Agarda, biz 100 foizlik kategoriyada oladigan bo‘lsak, “Nasaf”ning chempion bo‘lish imkoniyatini 80 foizga baholagan bo‘lar edik.
Sababi hozirda ular musobaqada 1-o‘rinni band etgan, shuningdek barcha narsa klubning o‘z qo‘lida. Ya’ni ular qolgan klublarga o‘xshab, boshqa jamoaning ochko yo‘qotishini kutishmaydi.
Albatta, bu bizning sub’ektiv fikrlarimiz hisoblanadi. Barcha natijalar esa maydondagi futbolchilar va murabbiylarning qarorlari evaziga qayd etiladi.
P.S. Ertaga “Paxtakor” va “Navbahor”ning chempionlik imkoniyatlari haqida gaplashamiz.
Jamshidbek Mahmudov
Fikrlar