
"Navbahor" 1 yildan keyin aniq chempionlikka da’vogarlik qilishni boshlaydi" yoxud klubning serbiyalik sobiq ustozi Babayan haqida fikr bildirdi
“Navbahor” klubi “Mavsum-2022”da marrani katta oladiganga o‘xshayapti. Bunga sabab bosh murabbiylikka Samvel Babayanning tayinlanishidir. Rahbariyat bu lavozimga ko‘plab murabbiylarni qo‘yib ko‘rdi, biroq hadeganda natija o‘xshayvermadi.
Oxir-oqibat bu yil chempionat o‘rtasidan “Navbahor”da maslahatchi murabbiy lavozimida ishga kirishgan Babayanga bosh murabbiylik posti topshirildi. O‘zbek futbolida o‘z so‘zini aytishga ishtiyoqi baland bo‘lgan murabbiy uchun esa Namanganda ishlash va “Navbahor”dek katta klubni boshqarishning o‘zi unga jiddiy motivatsiya berishi turgan gap.
O‘z navbatida barcha namanganliklar endi Babayanga umid ko‘zi bilan qarashmoqda. O‘ta talabchan va jonkuyar muxlislariga ega jamoa uchun sovrinlarni yutishdan boshqasi tatimaydi. Samvel Vyacheslavovich ham qanday mas’uliyatli ishga kirishganini juda yaxshi tushunib turibdi. Qolaversa, uning “Navbahor” bosh murabbiyiga aylangani ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Shu paytgacha jamoani kimlar boshqarmadi-a?! Hali u erdan, hali bu erdan mutaxassislar olib kelindi. Baribir “Navbahor”ning ishtiyoqi pasaygani yo‘q va doim yangicha shijoat bilan mavsumga kirishadi. Shuningdek, Babayanning “Navbahor”i qanday bo‘larkin, deya qiziqayotgan va bu borada o‘z fikrini bildirayotganlar ham bisyor.
Biz yuqorida klubni ko‘plab murabbiylar boshqarganiga urg‘u berdik. 2019 yili “Navbahor”ga ustozlik qilgan serbiyalik Deyan Jurjevich Samvel Vyacheslavovich bilan juda yaxshi munosabatda. Ilgari ushbu juftlik “Paxtakor”da birga ishlashgan va keyin ma’lum muddat Xitoyda ham faoliyat olib borganlar. Tabiiyki, Babayanning “Navbahor” boshqaruvini o‘z qo‘liga olgani Jurjevichni ham bee’tibor qoldirmadi.
“Ha, Samvel Babayan “Navbahor” bosh murabbiyiga aylandi! Bu klub uchun juda yaxshi xabar. O‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, ushbu klubga Babayan boshchilik qilar ekan, demak, u erda tashkilotchilik juda yuqori darajada bo‘ladi. Bungacha esa klubda tashkilotchilik borasida kamchiliklar bor edi. Hozirda “Navbahor”da tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak. Samvel Babayan esa buni qanday qilib amalga oshirishni juda yaxshi biladi. Hozirdanoq aniq bir narsa deya olmayman, biroq “Navbahor” bir yildan keyin aniq chempionlikka da’vogarlik qilishni boshlaydi. Albatta, ushbu gaplar 100 foiz mening fikrim. Bu mavsumda biror nima deya olmasam-da, ammo keyingisida chempionlikka kurashadi, bu aniq”, - dedi Deyan Jurjevich.
Serbiyalik murabbiy doim sobiq klubini kuzatib, uning natijalaridan xabardor bo‘lib turadi. Namanganda u qadar uzoq vaqt ishlamagan bo‘lsa ham o‘ziga yarasha xotiralar saqlanib qolgan. Babayanga doim ko‘maklashgan va unga elkadosh bo‘lgan Jurjevich yana bir bor u bilan birga ishlash uchun sobiq jamoasiga qaytishga tayyormi? Ochig‘i, shu savol bizni qiziqtirayotgandi. Deyan esa bu masalada o‘z fikrini aytdi.
“Babayanda kuchli mutaxassislardan iborat murabbiylar shtabi bor. Hozirda meni Serbiyada amalga oshirishim kerak bo‘lgan vazifam mavjud. Siz aytgan narsa esa haqiqatdan yiroq. Babayanni u erda o‘z ishi bor, mening esa bu erda o‘z ishim bor. Albatta, men Samvel Vyacheslavovichga omad tilayman. U mening do‘stim. Shunday ekan, Babayanga ham, “Navbahor”ga ham doim muvaffaqiyat yor bo‘lishini istayman. “Navbahor”da potentsial bor, buni Babayan yaxshi biladi”.
Demak, Jurjevichning javobidan shuni bilish mumkinki, hozircha Babayan bilan yo‘llari kesishmaydi. Baribir unda O‘zbekistondagi faoliyati orqali ajoyib taassurotlar qolgan. “Paxtakor”, “Navbahor” va terma jamoalarimizda ishlagan. Xoh Serbiyada, xoh boshqa mamlakatda bo‘lsin unga doim ish topiladi. Hozirgi paytda Jurjevich o‘z yurtida “Kolubara” klubiga ustozlik qilyapti. Bu haqda ilgari saytimizga bergan intervyusida ham aytib o‘tgandi. Undan klublarimizdan takliflar bo‘ldimi va hozirgi ishi qanday ketayotgani haqida ham so‘radik.
“Ha, O‘zbekiston klublaridan biri bilan gaplashdim. Lekin ular jiddiy munosabatda bo‘lishmadi. O‘rtamizdagi muzokaralar ham shunga yarasha tus olmadi. Men o‘zim tug‘ilib o‘sgan Belgrad shahrining “Kolubara” jamoasida faoliyat yurityapman. Hozirda ishlayotgan klubimni tashlab ketish noqulay. Bu kichik bo‘lsa-da, jiddiy klub. Oliy ligada oldimizga qo‘yilgan vazifani hali bajarib tugatmadik. Bizda mavsum tugadi, biroq shartnomam hali nihoyasiga etgani yo‘q. Bitim o‘z yakuniga etganidan so‘ng u yog‘iga nima qilishni o‘ylab ko‘raman. E’tiborlisi, men ishlayotgan jamoa 120 yillik tarixi davomida oliy ligaga birinchi marta chiqdi. Klubdagi odamlar menga aloqaga chiqib, ishlashni taklif qilishgan. Hozircha hammasi yaxshi ketyapti, vaziyat biz uchun yomon emas. Oldimizga qo‘yilgan birinchi vazifa esa quyi ligaga tushib ketmasdan kuchlilar orasida qolish”.
Fikrlar