
"Navbahor" "Bunyodkor"ga yutqazgan o‘yinda yubiley bahsini o‘tkazdi
Namanganning “Navbahor” klubi milliy chempionatimizga asos solinganidan buyon Cuperliga (oliy liga)ning muntazam 2 ishtirokchisidan (“Paxtakor” bilan birgalikda) biri hisoblanadi.
Xabaringiz bor, 29 sentyabr – 3 oktyabr kunlari Coca Cola Superligada 20-tur bahslari o‘tkazildi. Mazkur turda jamoamiz Toshkentda “Bunyodkor” mehmoni bo‘lib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Ushbu uchrashuv “Navbahor”ning milliy chempionatlarimizdagi 900-o‘yini sifatida tarixga kirdi.
Ta’kidlash joizki, jamoamizdan tashqari, faqatgina “Paxtakor” Superliga (oliy liga)da 900 ta uchrashuv o‘tkazgan xolos.
“Lochinlar” O‘zbekiston Superliga (oliy ligasi)da o‘tkazilgan 900 ta o‘yinda 414 g‘alaba, 192 durang, 304 mag‘lubiyatni qayd etib, raqiblar darvozasiga 1446 ta gol urgan holda, o‘z darvozalaridan 1054 ta to‘p o‘tkazib yuborishgan.
Namanganliklarning 1992-2022 yillardagi chempionat bahslarida ayni paytgacha jamg‘argan jami ochkolari 1437 tani tashkil etmoqda.
Ortda qolgan milliy chempionatlarimiz tarixida shu paytgacha Superliga (oliy liga)da qatnashgan 40 ta jamoa (“Olimpik” Superliganing 40-jamoasi) orasida “lochinlar” umumiy ochkolar soni bo‘yicha faqatgina Toshkentning “Paxtakor” (jami ochkolari 1988) va Farg‘onaning “Neftchi” (jami ochkolari 1570) jamoalaridan ortda borishmoqda, xolos.
To‘rtinchi pog‘onadagi “Nasaf” (Qarshi) klubining umumiy ochkolari esa 1380 tani tashkil etadi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar