"Navbahor" muxlislari xavotirlanishmasin, jamoada hammasi joyida"
Coca Cola Superliga 16-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Andijon” (0:0) o‘yinidan so‘ng, mezbonlar yarim himoyachisi Islombek Isoqjonov klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
- Islom, mazkur bahsda “Navbahor”ga g‘alaba qozonish uchun nima etishmadi?
- “Vodiy derbisi” o‘yinlari jamoalar turnir jadvalida qaysi o‘rinda bo‘lishidan qat’i nazar, doimo shiddatli, keskin kurashlar ostida o‘tadi. Yakunlangan bahs ham bundan mustasno bo‘lmadi, albatta.
“Andijon” ayni paytda turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida borayotgan hamda autsayder bo‘lsa-da, uchrashuv “vodiy derbisi” maqomiga ega bo‘lganligi bois, mehmonlar bizga munosib qarshilik ko‘rsatishga intildi. Tashabbus asosan jamoamiz tarafida bo‘ldi. Biroq yuzaga kelgan vaziyatlardan foydalana olmadik. Shuningdek, omadimiz ham kelmadi. Natijada durang qayd etdik.

- “Navbahor” so‘nggi 7 o‘yindan buyon g‘alaba qozona olmayapti. Sizningcha, buning sababi nimada?
- Buning sababi, aytib o‘tganimdek, omadimizning kelmaganligida. Imkoniyatlardan foydalana olmaslik, so‘nggi daqiqalarda o‘z darvozamizdan to‘p o‘tkazib yuborishimiz ham pand bermoqda. O‘sha 7 uchrashuvda ham maydonda barcha imkoniyatimizni ishga soldik, bor kuchimiz bilan harakat qildik. Lekin aytganimdek, jamoamizdan omad yuz o‘girdi.
Bundan tashqari, so‘nggi o‘yinlarda jamoadoshlarimning ayrimlari COVID – 19 kasalligiga chalinib, ushbu xastalikdan davolanishlariga to‘g‘ri keldi. Tabiiyki, bu ham o‘yinlarimizga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
- Ayrimlar “Navbahor”ning so‘nggi o‘yinlardagi omadsizligini jamoadagi ichki muhit bilan bog‘lamoqda va futbolchilarning o‘zaro munosabatlari ijobiy emasligini ta’kidlamoqda. Bu haqda nima deya olasiz, ya’ni jamoada ichki muhit qanday?
- “Navbahor”da ichki muhit a’lo darajada. To‘g‘ri, jamoa g‘alaba qozona olmasa, turli bahonalar ko‘payadi. Ammo muxlislar xavotirlanishmasin, bizda hammasi joyida. Nasib qilsa, ushbu qiyin vaziyatdan chiqib ketamiz. Biz bir oilamiz. Barcha futbolchilar va murabbiylarning bir - birlariga munosabatlari a’lo darajada. Xuddi aka – ukadekmiz.
- Joriy mavsumda “Navbahor”ning oldiga Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgandi. Endi ushbu maqsadni jamoa O‘zbekiston kubogi sohibiga aylanish orqali amalga oshirishi mumkin, shundaymi?
- Superligada hali yana 10 ta o‘yinimiz bor. O‘sha bahslarda maydonda barcha mahoratimizni ishga solgan holda, g‘alaba qozonsak, sovrindorlar safidan o‘rin olishimiz mumkin. Menimcha, hali milliy chempionatimiz o‘yinlarida sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyatimiz bor. Faqatgina qolgan bahslarda ijobiy natijalarni qayd etishimiz lozim.
O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritgan holda ham OChLda qatnashish huquqiga ega bo‘lish mumkin. Kubokning hal qiluvchi final uchrashuvi jamoamiz uy o‘yinlarini o‘tkazadigan va biz uchun qadrdon bo‘lgan Namangandagi “Markaziy” stadionda o‘tkazilishi ham bizga motivatsiya beradi.
Shuning uchun billur sovrin uchun bo‘ladigan bahslarda muvaffaqiyat qozonish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.

- Muxlislarga tilaklaringiz...
- Fursatdan foydalanib, o‘zim va jamoamiz nomidan barcha ishqibozlardan qayd etilayotgan salbiy natijalar uchun uzr so‘rayman. Chunki muxlislar joriy mavsumda biz – futbolchilardan bundan ko‘prog‘ini kutishgandi. Shunday bo‘lsa-da, hali hech narsa yo‘qotilmadi hamda qolgan o‘yinlarda zafar quchib, muxlislarni xursand etish, ular uzoq vaqt davomida orziqib kutgan OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga harakat qilamiz. Baxtimizga muxlislar doimo sog‘-salomat bo‘lishsin.
Ma’lumot uchun
Islombek Isoqjonov - 1993 yil, 29 aprelda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan.
Futbol bilan 6 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.
Birinchi murabbiylari: Shuhrat va Xolmat Karimovlar.
To‘raqo‘rg‘ondagi futbolga ixtisoslashgan maktab-internatni tamomlagan.
Ampluasi: Yarim himoyachi.
Futbolchilik faoliyati davomida “Xotira-79” (Uychi), AGMK (Olmaliq), “So‘g‘diyona” (Jizzax), “Andijon” (Andijon), “Navbahor” (Namangan) va “Metallurg” (Bekobod) jamoalarida to‘p surgan.
2020 yildan yana “Navbahor”da.
Muxlislik qiladigan jamoasi: “Real” (Madrid, Ispaniya).
Havas qiladigan futbolchilari: Eden Azar (Belgiya terma jamoasi va “Real” klubi yarim himoyachisi), Neymar (Braziliya terma jamoasi va PSJ klubi hujumchisi) hamda Odil Ahmedov (O‘zbekiston terma jamoasi va Xitoyning “Tyantszin Teda” klubi yarim himoyachisi).
Oilali, bir farzandning otasi.

Fikrlar