
"Navbahor"ni "Istiqlol" stadionida yana nimalar kutmoqda yoxud jo‘jani kuzda sanaydigan payt
18 oktyabrdan Superliganing 21-turi davom ettiriladi. Yodingizda bo‘lsa, ushbu turdan o‘rin olgan “Paxtakor” – “Dinamo” bellashuvi 6 oktyabr kuni o‘tkazilgan bo‘lib, bu safar qolgan 6 ta o‘yin tashkillashtiriladi. Uchrashuvlar 18- 21 oktyabr kunlari davomida bo‘lib o‘tadi.
18 oktyabr
18:00. “Nasaf” – “Surxon”
Superliganing 21-turi “Nasaf” – “Surxon” o‘yini bilan davom ettiriladi. Chempionlikka juda yaqin kelgan “Nasaf” bu safar “Surxon”ni qabul qiladi. Har bir g‘alaba Ro‘ziqul Berdiev jamoasini chempionlik sari tobora yaqinlashtiryapti. Bu yo‘lda “Ajdarlar”ning ochko yo‘qotishiga haqqi yo‘q. To‘g‘ri, “Surxon” ham oxirigacha qarshilik qiladi. Ammo “Nasaf” balki kichik hisobda bo‘lsa ham o‘z maqsadiga erishishi katta ehtimol. Agar “Surxon” safardan ochko bilan qaytadigan bo‘lsa, buni kutilmagan natija sifatida qabul qilmasa ham bo‘ladi.
19 oktyabr
15:00. “Lokomotiv” – “Bunyodkor”
Toshkent derbisida imkoniyatlar mutlaqo teng. “Bunyodkor” ikkinchi davrada natijalarini yaxshilayapti. “Lokomotiv” ham bundan mustasno emas. Turnir jadvalida “Loko” 18 ochko bilan 13-o‘rinda, “Bunyodkor” esa 19 ochko bilan 12-pog‘onada turibdi. O‘yin taqdirini birgina gol ham hal qilishi mumkin. “Lokomotiv”ga ham, “Bunyodkor”ga ham g‘alaba suv va havodek zarur. O‘yin shiddati yuqori darajada o‘tishi kutilmoqda.
17:15. “Metallurg” – “Andijon”
O‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan “Andijon” klubi chempionatning ushbu turida Olmaliqda “Metallurg”ga qarshi maydonga tushadi. Ulkan g‘alabadan ruhlangan “Andijon” “Metallurg”ga qarshi hujumkor va yuqori kayfiyatda maydonga tushishi tabiiy. “Metallurg” oxirgi o‘rinda. Ularni g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmaydi. Shunday ekan, Olmaliqdagi uchrashuv ham qiziqarli, hujumkor ruhda o‘tishi kutilmoqda. Imkoniyatlar esa hozircha teng. Lekin Kubokni yutgani uchun “Andijon” futbolchilarida ishtiyoq yanada katta.
20 oktyabr
15:00. “Neftchi” – “Navbahor”
Bu turda vodiy derbisi bor. Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida yana “Navbahor” o‘ynaydi. Bu safar mezbon – “Neftchi”ga qarshi maydonga tushadi. 5 oktyabr kuni namanganliklar ushbu arenada O‘zbekiston Kubogi finalida vodiy derbisi doirasida “Andijon”ga qarshi bahsda alamli tarzda mag‘lubiyatga uchraganini hamma biladi. “Neftchi” va “Navbahor” turnir jadvalida bir xil 29 ochko jamg‘arib 5- hamda 6-o‘rinlarda borishyapti. O‘yin shiddati ancha yuqori bo‘ladi. Qiziq, "Navbahor"ni bu safar "Istiqlol" stadionida yana nimalar kutyapti, ekan? Hozircha imkoniyatlar 50\50. Qolganini uchrashuvdan so‘ng bilib olamiz.
17:15. “Olimpik” – “Qizilqum”
“Olimpik” ikkinchi davrada hali g‘alaba nimaligini bilmayapti. Bu turda “Qizilqum”ni qabul qiladigan Denis Korostichenko jamoasi qanday bo‘lmasin g‘alaba uchun bor imkoniyatini ishga soladi. “Qizilqum” ham hisobiga uch ochkoni yozdirib musobaqa jadvalidagi mavqeini yanada mustahkamlash payida. Lekin “Olimpik” g‘alabasiz odimlayotgan bo‘lsa ham futbolchilar bosimsiz harakat qilishmoqda. Istalgan vaqtda o‘yini o‘xshab qolishi mumkin.
21 oktyabr
18:00. “So‘g‘diyona” – OKMK
Turning yana bir markaziy uchrashuvi Jizzaxda o‘tadi. Ivan Boshkovich jamoasi Mirjalol Qosimov jamoasiga qarshi saf tortadi. Bu klublar chempionatni sovrindorlar qatorida yakunlashni maqsad qilishgan. OKMK 2-o‘rinni saqlab qolish uchun kurashyapti. “So‘g‘diyona” esa kamida bronzani qo‘lga kiritish harakatida. Jizzaxdagi o‘yin “yonadi”. Jamoalar hujumkor o‘yin namoyish qilishadi. Ayniqsa, uchrashuvda hisob ochilgach, o‘yin ham yanada ochilib ketadi. Bu o‘yinni o‘tkazib yubormasangiz kerak.
Fikrlar