
"Navbahor"ning 2 futzalchisi 2 yilga chetlatildi, klub jarima tortildi - O‘FA tartib intizom qo‘mitasi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘nggi turlar doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardagi intizomiy ishlar ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
“NAVBAHOR" — “METALLURG”
Futzal Oliy ligasi 12-turi doirasidagi “Navbahor lochinlari” — “Metallurg” uchrashuvining 40-daqiqasida hakam tomonidan “Navbahor” jamoasi o‘yinchisi Doniyor Sotvoldievga qizil kartochka ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng “Navbahor” jamoasi futbolchisi Ilhom Yusupjanov uchrashuv hakami oldiga borib o‘z e’tirozlarini qo‘pol tarzda bildiradi va unga nisbatan kuch ishlatadi.
Shuningdek, jamoa a’zolari va boshqalar tomonidan janjalli holatni bartaraf etish choralari ko‘rilayotgan vaqtda “Navbahor”ning yana bir futbolchisi G‘ulomjon Mamadjonov ham uchrashuv hakamiga nisbatan kuch ishlatadi.
Mazkur uchrashuv internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etilayotgani, keyinchalik ushbu holat aks ettirilgan videoyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va keng jamoatchilik tomonidan jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lgan.
QAROR
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Intizom kodeksining 5.48, 5.49-bandiga asosan “Navbahor” futbolchilari Ilhom Yusupjanov va G‘ulomjon Mamadjonovga nisbatan 2 yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, “Navbahor lochinlari” klubi tomonidan 2022 yilgi mavsumda O‘zbekiston professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar Reglamentining 16.2,16.3,16.4-bandlariga rioya qilinmagani uchun klubga ham jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Fikrlar