
"Navbahor"ning asosiy futbolchilaridan biri safga qaytdi. Termaga chaqirilgan legioner ham tarkibda (Foto)
“Navbahor” jamoasi bir kunlik hordiqdan so‘ng, Superliga 4-turidan o‘rin olgan 2 aprel kuni Olmaliqda AGMKga qarshi kechadigan uchrashuvga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
“Lochinlar” mashg‘ulotni Viktor Romanovich Jalilov boshchiligidagi murabbiylar shtabi qo‘l ostida “Markaziy” o‘yingoh zaxira maydonida o‘tkazishdi. Poytaxtimizda “A” litsenziyasi uchun tahsil olayotgan murabbiylar – Sherzod Jo‘raev va Denis Toymentsov ham tayyorgarlik jarayonida Viktor Romanovichga yordam berishdi.
Shuningdek, jamoa ixtiyoriga Tojikiston terma jamoasiga yig‘iniga jalb etilgan mahoratli yarim himoyachi Ehsoni Panshanbe ham qo‘shildi. Hamyurtimiz Usmon Toshev murabbiylik qilayotgan tojikistonliklar JCh-2022 saralash turnirining guruh doirasida Dushanbeda Mo‘g‘uliston termasini qabul qilib, yirik - 3:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ammo hisobidagi sariq kartochkalari ikkita bo‘lganligi bois, Panshanbe ushbu o‘yinda maydonga tushmadi.
“Navbahor”ning rossiyalik yarim himoyachisi Ivan Solovyov yakka tartibda shug‘ullandi. Bundan tashqari, mashg‘ulotda tajribali himoyachi Mirzohid G‘ofurov ham ishtirok etdi. U “Nasaf” bilan o‘yinda jarohat olganligi bois, maydonni erta tark etgan hamda jamoaning mashg‘ulotlarida qatnasholmayotgandi. Mirzohid jarohatidan tezda forig‘ bo‘lib, safga qaytdi.
Fikrlar