
"Navbahor"ning pressingi shu qadar kuchlimi yoki "Lokomotiv" himoyachilari shunchalik zaifmi?
Kecha Jaloliddin Qobiljonov o‘zining telegram sahifasida “Navbahor”ning 6 oy ichida “Lokomotiv” darvozasiga kiritgan ikkita o‘xshash go‘lini joylab, buni sababi nima deb so‘radi. Yaxshi savol. Albatta, uning javobini izladik. Iloji boricha kichikroq matnda javobni bayon qilishga urinib ko‘raman.
Namangandagi o‘yin
“Loko” futbolchisi to‘pni tepib yuborishdan ko‘ra, nazorat qilishni afzal ko‘rdi va darvozasi sari olib bordi. Aynan shu zonada “lochinlar” bosimni kuchaytiradi. Ushbu suratda “temiryo‘lchilar” himoyachisida pas berishga boshqa variant qolmaganini ko‘rish mumkin. Pressing a’lo darajada ishladi, ammo bu himoyachining aybini yuvmaydi. U shunchaki to‘pni autga tepib yuborish orqali vaziyatni yumshatishi mumkin edi.
Toshkentdagi bahs
Darvozabon birinchi pas orqali hujum boshlashi bilan “Navbahor”ning 4 futbolchisi erta pressingni kuchaytirdi. Jamshid Iskanderov “Loko” posbonining yo‘lini to‘sib, himoyachini ortga o‘ynash imkonidan ayirgan bo‘lsa, Marushich ikkinchi markaziy himoyachi yo‘lini berkitdi. Sobirjonov va Diyor Turopov qanot himoyachilarini yopdi. Natijada, “Lokomotiv” himoyachisi vaziyatni o‘ziga olishdan boshqa chora topa olmadi.
Ikki xatoni umumiy tarzda nima bog‘lab turadi?
Birinchi navbatda ikki epizodda ham to‘pni Jamshid Boltaboev olib qo‘yganiga e’tibor qiling! Maydon markazida bosim uyushtirgan “lochinlar” yarim himoyachisi ikkita epizodda ham raqibning o‘girilib olishiga imkon qoldirmay, to‘pni olib qo‘ydi. Bu gollarni bemalol uning hisobiga yozib qo‘yish mumkin.
Aslida, “Loko”ning o‘yin falsafasi zamonaviy futbolga yaqin ekanligi uchun ham mana shu gollar sodir bo‘ldi. Murabbiy futbolchilarini shunchaki to‘pni oldinga tepib yuborishidan ko‘ra, paslar orqali chiqib ketishga undayotgani aniq. Bu hurmatga loyiq, biroq ijro 2 epizodda ham pand berib qo‘ymoqda. Har ikki vaziyatda ham tayanch yarim himoyachisi to‘pni olib chiqib ketish uchun “pastroqqa” tushib, himoyachilarga variant taklif etishi lozim edi.
“Navbahor”ning jismoniy tayyorgarligi ham gollardagi asosiy omillardan biri. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, “Loko” mudofaasi o‘yinning 3/2 qismi o‘tgan paytga kelib (63 va 56 daqiqalar) “Navbahor”ning kuchli pressingiga dosh bera olmadi. Yaxshi jismoniy tayyorgarlik va erta pressing zamonaviy futboldagi asosiy qurollardan biriga aylanib borayotgani shu ikki o‘xshash gol misolida ko‘rinib turibdi.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar