"Neftchi"ni alohida hisob-kitobi bor, Shatskix sobiq klubiga qarshi yoxud 20-turda nimalar kutmoqda?

  • 20 avgust, 07:59
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superligada 20-tur o‘yinlariga start beriladi. 3 kun davomida qiziqarli uchrashuvlar guvohiga bo‘lamiz. Bugun G‘uzorda autsayder “Sho‘rtan” “Navbahor”ni qabul qiladi. OKMK - “Xorazm” qarama-qarshiligi bilan tur yakuniga etadi.

Tecno

20 avgust

19:00. “Sho‘rtan” - “Navbahor”

10 ochko bilan oxirgi o‘rinda borayotgan “Sho‘rtan” 31 ochkosi bor “Navbahor”ni G‘uzorda qabul qiladi. “Navbahor” raqibidan kuchli, buni hamma biladi. Lekin vaziyat shundayki, “Sho‘rtan”ga g‘alaba “Navbahor”dan ko‘ra zarur. Faqat buning uchun g‘uzorliklarni kuchi etarmikin?

20:00. “So‘g‘diyona” - “Dinamo”

Jizzaxda tomoshabop o‘yin bo‘ladi. Ikkinchi davrada tarkibini kuchaytirgan “So‘g‘diyona” medallar uchun kurashayotgan “Dinamo”ni qabul qiladi. Ikkala jamoa hujumkor o‘yinni xush ko‘radilar. Bu yil ancha yaxshi taassurot qoldirayotgan “Dinamo” Jizzaxda ham favorit maqomida bo‘ladimi? Balki Ivan Boshkovich kuchli raqibiga qarshi syurpriz tayyorlayotgandir. Bu o‘yinni o‘tkazib yubormang.

21 avgust

19:00. “Neftchi” - “Mash’al”

“Neftchi”ni “Mash’al” bilan alohida hisob-kitobi bor. Yodingizda bo‘lsa, farg‘onaliklar O‘zbekiston Kubogi doirasida uyida “Mash’al”ga yutqazib musobaqani tark etgan. Chempionlik uchun kurashda “Neftchi” yo‘qotadigan ochkolarini yo‘qotib bo‘lgan. Bu yog‘iga xato qilishga haqqi yo‘q. “Mash’al” oldin Farg‘onada “Neftchi”ni yutib qaytishni uddalagan va bu safar ham takrorlaydimi?

20:00. “Buxoro” - “Qo‘qon-1912”

Turnir jadvalida oxirgi o‘rinlarda borayotgan klublar o‘rtasidagi uchrashuvda tomonlar ehtiyotkor futbolni birinchi o‘ringa qo‘yadilar. Ular xato qilishdan cho‘chishadi. Lekin ayniqsa, “Buxoro”ga uch ochko nihoyatda muhim. Yopiq o‘yinda gollar kam bo‘lsa kerak. Bitta gol o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin.

22 avgust

19:00. “Andijon” - “Paxtakor”

“Andijon” bosh murabbiyi Maksim Shatskix bu safar sobiq jamoasi - “Paxtakor”ga qarshi. Turning markaziy uchrashuvlaridan biri “Bobur arena”da bo‘lib o‘tadi. Qiziqarli o‘yin bo‘ladi. “Andijon” ikkita mag‘lubiyatdan keyin bu safar muxlislarini xursand qilishga harakat qilishi aniq. Birinchi davrada “Andijon” safarda “Paxtakor”ni mag‘lub etgan. Hozircha imkoniyatlar teng.

20:00. “Qizilqum” - “Bunyodkor”

O‘tgan turda safarda “Xorazm”ni yutib qaytgan “Qizilqum” o‘z uyida”Bunyodkor”ni qabul qiladi. Yaxshi o‘yin bo‘lsa kerak. “Qizilqum” Akmal Rustamov boshchiligida yomon ko‘rinmayapti. “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvda ham navoiyliklar muxlislari qarshisida balki yanada yorqinroq o‘yin ko‘rsatar. Ammo “Bunyodkor” ham sovg‘a emas. Imkoniyatlar borasida esa tenglik mavjud.

23 avgust

18:30. “Surxon” - “Nasaf”

Amaldagi chempion va chempionlik kamarini himoya qilayotgan “Nasaf” yaqin ta’qibchisidan bir ochkoga oldinda borayotgan holda peshqadamlikni saqlab turibdi. Termizda “Surxon” bilan o‘yin ikkala jamoaga qiyin bo‘lishi shubhasiz. Bu o‘yinda vaziyatlardan ustalik bilan foydalanadigan jamoa g‘alabani ilib ketadi.

19:30. OKMK - “Xorazm”

O‘tgan turda ikkala jamoa 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi. Undan oldingi turda esa ikkalasi ham durang o‘ynashgan. O‘tgan turdagi mag‘lbuyatdan so‘ng “Xorazm” ustozi Hakim Fuzaylov asosiy maqsad ligada jon saqlab qolish deya aniq aytib o‘tdi. Buning uchun ular Olmaliqda ochko olishlari lozim. Biroq Mirjalol Qosimov jamoasi bu o‘yinda favorit. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!