
Nega “Manchester Siti”da qozog‘istonliklar emas, Husanov o‘ynayapti?
Abduqodir Husanovning Angliya Premer-ligasi grandi “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgani ko‘plab mamlakatlarga ovoza bo‘ldi.
20 yoshli markaziy himoyachining dunyoning eng qudratli klublaridan birining sharafini himoya qilayotgan hali hamon keng muhokama qilinmoqda.
Xususan, qo‘shni mamlakat – Qozog‘iston futbol jamoatchiligi vakillari ham o‘zbek futbolchisining jahon futbolining eng nufuzli va murakkab chempionatiga ko‘chib o‘tganiga o‘z munosabatlarini bildirmoqda.
Sports.uz portali Qozog‘iston futbolini yoritayotgan manbalarning Abduqodir Husanov transferi bo‘yicha mutaxassislardan olgan fikr-mulohazalarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
Sports.kz sayti Qozog‘iston terma jamoasi sobiq futbolchisi Evgeniy Averchenkoga murojaat qilib, “Nega “Manchester Siti”da qozog‘istonliklar esa, o‘zbekistonlik Husanov o‘ynayapti?”, deb savol berdi.
Javob quyidagicha bo‘ldi:
- Men bu futbolchining faoliyatini sinchkovlik bilan kuzatmaganman. “Manchester Siti”ning “Chelsi”ga qarshi bellashuvidagi debyutini va golga sababchi bo‘lganini ko‘rdim. Unga moslashish uchun hali vaqt kerak.
Husanovning qozog‘istonlik futbolchilar yaqqol ajralib turadigan xususiyatlarini sanash qiyin. Biroq u “Manchester Siti”da o‘ynayaptimi, demak u bizning o‘yinchilarda bo‘lmagan sifatlarga ega, - dedi Evgeniy Averchenko.
Yana bir manba – sportarena.kz sayti “Qayrat Jastar” jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi Timur Kasimovning Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga transferi bo‘yicha munosabatini e’lon qildi.
- Men uning o‘yinlarini ko‘p kuzatganman. Xususan, Olimpiya o‘yinlarida Ispaniya terma jamoasga qarshi uchrashuvdagi o‘yinini kuzatganman. Shunday deyishim mumkin: u yuqori saviyada o‘ynadi. Husanov ispanlar bilan tengma-teng o‘yin ko‘rsatdi.
Shuningdek, uning “Lans”dagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratishni istayman. Mening fikrimcha, uning Xosep Gvardiola nazariga tushishida hayratlanarli narsa yo‘q. Xosep Gvardioladek tajribali mutaxassis Abduqodir Husanovdek talantlarni topishni biladi.
Himoyachi uchun muhim bo‘lgan gavdasi va mahorati bilan u hali uzoqqa boradi. Biroq ishtiyoq va quvvatini saqlab qolishi zarur, - dedi Qozog‘istonning eng mahoratli murabbiylaridan hisoblangan Timur Kasimov.
Abduqodir Husanov “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Professional faoliyati davomida Belarusning “Energetik-BGU” klubida 37 ta uchrashuvda to‘rttadan gol va assist muallifi bo‘lgan.
2023 yilning yozida Frantsiyaning o‘sha paytdagi vitse-chempioni “Lans”ga ko‘chib o‘tgan himoyachimiz jami 31 ta uchrashuvda ishtirok etdi.
“Manchester Siti” 20 yanvar kuni Husanov bilan 4,5 yillik shartnoma imzoladi. “Shaharliklar” o‘zbek futbolchisi uchun “Lans”ga bonuslarni qo‘shib hisoblaganda 50 million evro to‘laydigan bo‘ldi.
Shu tariqa, Abduqodir Husanov O‘zbekiston va “Lans” tarixidagi eng qimmatbaho transfer egasiga aylandi. U yangi jamoasida 45-raqamda to‘p tepmoqda.
Fikrlar