Nega O‘zbekiston "K" guruhiga joylashtirildi? Qur’a tadbiridagi cheklovlar izohi
Jahon chempionati 48 ta jamoaga kengaytirilgani sababli, qur’a jarayonida qaysi terma jamoalar bir guruhga tushishi mumkinligiga oid cheklovlar ham ko‘paydi. 2022 yil Qatarda o‘tgan qishki mundial, undan keyingi Evropa chempionati, UEFA va KONKAKAF Millatlar Ligalari tufayli JCh saralashini boshlash kechikdi. Shuning uchun pley-off uchrashuvlari 2026 yil mart oyiga qoldi — ya’ni jahon chempionati qur’asi o‘tkazilgandan so‘nggina pley-off g‘oliblari ma’lum bo‘ladi.
Qur’a paytida O‘zbekiston tushganida bir nechta guruhlar “o‘tkazib yuborildi”. Bu tomoshabinlar orasida biroz chalkashlik keltirib chiqardi. O‘zbekistonni Portugaliya, Kolumbiya va Xalqaro pley-off g‘olibi (DR Kongo/Yamayka/Yangi Kaledoniya) bilan birga guruh Kga joylashtirish shart edi. Chunki uni boshqa guruhga qo‘yish Osiyodan ikki jamoa bir guruhga tushib qolish xavfini kuchaytirgan bo‘lardi — bu esa UEFAdan tashqari barcha konfederatsiyalar uchun taqiqlangan.
Pley-off g‘olibi hali aniq emasligi ham masalani murakkablashtirdi. Agar pley-off g‘olibi ham Osiyodan chiqib qolsa, ikki osiyolik bir guruhga tushishi mumkin edi. Shu tufayli konfederatsiyalar to‘qnashuvining oldini olish rejaga asosan hal etilishi kerak edi.

Qur’adagi asosiy cheklovlar
Jahon chempionatida asosiy qoida — bir guruhda bir konfederatsiyadan faqat bitta jamoa bo‘lishi mumkin (faqat Evropa istisno, chunki ular 16 ta jamoa bilan qatnashadi va ikki guruhda ikkidan evropalik bo‘lishi kerak).
Biroq pley-offda bir nechta konfederatsiya vakillari aralashgani sababli cheklovlar yanada ko‘paydi. Pley-offda ishtirok etuvchi jamoalar — DR Kongo (KAF), Yamayka (KONKAKAF), Yangi Kaledoniya (OFK) — turli mintaqalardan ekani uchun ularni ko‘p guruhlarga joylashtirish imkoni qolmagan.

Bundan tashqari, pley-offda KONKAKAF vakillari borligi tufayli, mezbon davlatlar (AQSh, Kanada, Meksika) ular bilan bir guruhga tushmasligi kerak edi. Bu ham variantlarni yana qisqartirdi.
Barcha cheklovlar, texnik va reglament talablarini hisobga olganda, qur’a paytida O‘zbekiston uchun amalda faqat Guruh K qolgan edi. Shuning uchun O‘zbekistonning aynan shu guruhga joylashtirilishi FIFA qoidalari bo‘yicha yagona to‘g‘ri qaror bo‘ldi.



Fikrlar