
Nega Valverde mavsum yakunida «Barsa»ni tark etishi kerak? (Erkinjon G‘aybullaev maqolasi)
Ernesto Valverde o‘zining «Nou Kamp»dagi ilk mavsumida «oltin dubl»ga erishgan edi. Ayni vaqtda «ko‘k-anorranglilar» La Liga va Chempionlar Ligasi guruh bosqichi peshqadami bo‘lib turibdi. Ammo u hammaning ustidan g‘olib chiqa olmayapti. Xo‘sh, u joriy mavsum yakunida klubni tark etishi kerakmi?
Bobbi Robsondan bir vaqtlar Jimmi Byorns «Barselona»ni boshqarish nima ekanligi haqida so‘ragandi. Angliyalik murabbiy shoirona tarzda javob qaytargandi:
«Evropa musobaqasi oqshomi... To‘lqinlantiruvchi muhit, sochni tikka qiladigan stsenariy... Agarda yutqazsang, kuchli zarbani qabul qilasan, muxlislar baxtsiz bo‘lishadi va matbuot sendan nimalar kutganini yozishni boshlashini bilasan. Bunday bosim adrenalin va zavq olib keladi. Armiya mag‘lubiyatga uchrashiga haqqi yo‘q.»
«Barselona» ortiq klubdan ko‘prog‘i emas. Shubhali transferlar va futbolkalardagi homiylik eski shiorga allaqachon rahna solib bo‘lgan.
Ammo o‘ta maxsus muhit yashamoqda. Robson buni «Kamp Nou»dagi yagona mavsumida barcha sovrinlarga ega chiqib o‘rgangan edi.
«Men tarixni yaratdim» – deya hitob urgandi Robson o‘zining oxirgi matbuot anjumanida. «Men birinchi mavsumdayoq to‘rtta sovrindan uchtasini yutgan ilk murabbiy bo‘lishim kerak va buni boshqa hech kim bajara olmaydi.»
Robson bu bilan Qit’alararo Kubokni, Qirol Kuboshi va Ispaniya Superkubogini nazarda tutgandi. Biroq «Real» «Barsa»ni La Liga bosh sovrini uchun kurashda dog‘da qoldirgandi.
Ammo Robson klubning chiroyli futbol namoyish qilish an’anasini o‘zgartirib yuborgandi. Muammo shundaki, u Yoxan Kruyff emasdi. Gollandiyalik mutaxassis «Kamp Nou»da haqiqatdan yirik ahamiyat kasb etadi.
Kruyff zamonaviy «Barselona»ni yaratdi. Uning standartlari keyingi murabbiylar uchun ham, jumladan Valverde uchun ham meros bo‘lib qoldi.
Robson kabi Valverde «Kamp Nou»da erishgan natijalaridan xursand bo‘lishi kerak. U ilk mavsumdayoq «oltin dubl»ga erishdi. La Liga tarixida ilk marta butun mavsumni birgina mag‘lubiyat bilan tugatdi.
Ammo u barcha tomonidan hurmat qilinmayapti. Uning amaldagi shartnomasi 2020-yilgacha amal qilsada, joriy mavsum yakunida klub u bilan shartnomani e’lon qilinmaydigan mablag‘ evaziga bekor qilish huquqiga ega.
Natijalar har qanday jamoada hayotiy ahamiyatga ega. «Barsa» Chempionlar Ligasining chorak finalida yana musobaqadan chiqib ketadigan bo‘lsa, Valverdening La Ligadagi ko‘rsatkichidan qat’iy nazar klubni tark etadi.
«Barsa» rahbariyati o‘tgan yilgi alamli mag‘lubiyatni unutgani yo‘q. Rimga 4-1 hisobidagi yirik ustunlik bilan tashrif buyurgan kataloniyaliklar «Olimpiko»dan yirik mag‘lubiyat bilan qaytgani hali hammaning yodida.
Ba’zi direktorlar, muxlislar Valverdening futbol falsafasidan norozi. Uning «Barsa»si yana oldingidek Messining daholigiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Valverdening imkoniyati chegaralangan Paulinoni saqlab qolish va Malkom transferiga qarshi bo‘lganining o‘ziyoq uning pragmatik qarashlarini ochiq-oydin tushuntirib beradi.
O‘tgan mavsumda klubning an’anaviy 4-3-3 o‘yin uslubidan voz kechishi ko‘pchilik tomonidan xush qabul qilinmadi. Garchi taktik o‘zgarish qilinishi kerak bo‘lsa ham.
Neymarning barchani shokka tushirgan holda klubni tark etishi, Dembelening sport formasi va intizomidagi qiyinchiliklar Valverdeni mavsum davomida Suares va Messi atrofida o‘yinni qurishiga majburladi.
Filippe Koutinoning mavsum startida emas, yanvarda kelishi ham o‘yin tizimini shakllantirishda muammo tug‘dirdi.
Ushbu yozda Arturning kelishi tufayli Valverde «Liverpul»ning sobiq vakilini hujumga o‘tkazdi. Barcha iqtidoriga qaramay Koutino hujumdan ko‘ra yarim himoyada ko‘proq nafi tegadi.
«Barselona» prezidenti Xosep Mariya Bartomeu oktyabr oyida bosh murabbiyning shartnomasi bo‘yicha bergan javobida qoniqish hosil qilayotganini ta’kidlagandi:
«Biz u muvaffaqiyatga erisha olishini bilamiz, ishlar borishidan baxtlimiz va u doim bizning birinchi tanlovimiz. U shunday ishlashda davom etishini istayman, uning bizga va futbolchilarga bo‘lgan munosabatidan mamnunman» – degan klub prezidenti.
Ammo bu yarim haqiqat. Valverde tarkibida norozi futbolchilar etarli. Ulardan eng muhimi Rafinya va Denis Suares. Ular Valverdening rotatsiyasi qurboni. Bu uning transfer bozoridagi qoniqarsiz ishi ko‘rinishi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Valverdeni shuningdek, «La Masiya» – klubning yoshlar akademiyasi tarbiyalanuvchilarini asosiy jamoaga o‘tkazishda no‘noqlikka yo‘l qo‘yayotganini ham qattiq tanqid qilishmoqda. Faqatgina Karles Alenya va Riki Puchlar o‘tgan haftada asosiy jamoa safida debyutlarini o‘tkazishdi.
Valverde unga bo‘lgan bosim ortib borayotganini tushunib turibdi. Hatto jamoa bilan misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishgan Pep Gvardiola ham 4 yillik faoliyatidan keyin klubni tark etgandi.
Ehtimol uning shu mavsum yakunida jamoani tark etishi ma’quldir. Albatta, kimdir u uchun qarorni qabul qiladi.
Hech bir murabbiy abadiy emas. Hatto Kruyff ham. O‘yinlar maydonda yutib olinadi. G‘alabaga erishish esa ancha qiyinroq. Bosim ortmoqda, vaqt ketmoqda. Armiya mag‘lubiyatga uchramasligi kerak!
Fikrlar