Neymarning jarohati kutilgandan jiddiyroq bo‘lishi mumkin
“Santos” hujumchisi Neymarning jarohati atrofidagi vaziyat xavotir uygʻotmoqda.
Avvalroq Braziliya terma jamoasining Jahon chempionati uchun qaydnomasiga kiritilgan 34 yoshli futbolchi boldir mushagidan jarohat olgani va 5-10 kun maydondan chetda qolishi xabar qilingan edi.
Biroq ESPN maʼlumotiga koʻra, Braziliya futbol konfederatsiyasida tiklanish jarayoni bundan ham uzoqroq davom etishi mumkin deb hisoblashmoqda. Tashkilot Neymarning jismoniy holatini baholash uchun 27 may kuni terma jamoa yigʻini boshlanishini kutmoqchi.
“Santos” esa hali ham futbolchining jarohati jiddiy emasligini taʼkidlamoqda. Klub hatto Neymar 26 may kuni “Deportivo Kuenka”ga qarshi Janubiy Amerika Kubogi bahsida maydonga tushishi mumkinligini ham istisno qilmagan.
Shu bilan birga, vaziyatdan xabardor manbalar terma jamoa vakillariga tiklanish jarayoni avval oʻylanganidan murakkabroq kechayotganini bildirgan.
Ayni paytda Neymarning 1 va 6 iyun kunlari Panama hamda Misrga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etishi ehtimoli juda past baholanmoqda.

Fikrlar