
Niko Uilyams “Barsa”ni ikkinchi bor “uxlatdi”
“Barselona” anchadan beri o‘zi orzu qilgan futbolchi – “Atletik” etakchisi Niko Uilyamsni qo‘lga kiritishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, maqsadiga erisha olmayapti.
O‘tgan yili yozda kataloniyaliklar bu transferni amalga oshirishga yaqin kelgandi. Biroq so‘nggi pallada Niko Uilyams Bilbaoda qolishni ma’qul ko‘rgandi.
Bu yoz ham “Barselona” 22 yoshli qanot hujumchisini olishga jiddiy harakat qildi. Niko Uilyamsning o‘zi ham agar “Atletik”dan ketadigan bo‘lsa, faqat “Barselona”ga o‘tishini aytib, “Arsenal”, “Manchester Yunayted”, “Bavariya” va PSJ kabi qator qudratli klublar chorlovini javobsiz qoldirgandi.
Ispaniya matbuotida “Barselona” Niko bilan kelishuvga erishgani va tez orada transfer rasman amalga oshirilishi haqida ma’lumotlar chiqarildi.
Biroq kutilmaganda, “Atletik” klubi matbuot xizmati Niko Uilyams bilan hamkorlik shartnomasi o‘n yilga uzaytirilgani haqida rasmiy xabar berdi.
Uilyamsning amaldagi bitimi 2027 yilning yarmigacha davom etishi ko‘zda tutilgan va o‘sha huddatni futbolchini 58 million evro miqdordagi badal puli evaziga transfer qilish bo‘yicha band kiritilgandi. Yangi bitim 2035 yilning 30 iyunigacha tuzilgani bilbaoliklar o‘z etakchisini umuman qo‘yib yuborish niyati yo‘qligini ko‘rsatadi.
Fikrlar