
Nodirbek Abdusattorov: "Endi Gukeshga qarshi bo‘ladigan keyingi partiyani sabrsizlik bilan kutyapman"
Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Tata Steel Chess-2025” turniridagi o‘tkazilgan 5-tur o‘yinlari “Masterc” guruhida g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lgan Nodirbek Abdusattorov uchun har jihatdan omadli kechdi.
Hamyurtimiz qora donalarda Niderlandiya vakili Yorden van Forestga qarshi dona surdi. Shiddatli kechgan o‘yin kutilganidek Nodirbekning ustunligida o‘tdi va 47-yurish holatida Yorden van Forest yutqazganini tan oldi. Bu Nodirbek Abdusattorovning 4 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, “Masters” guruhi etakchisiga aylanishini ta’minladi. Ushbu g‘alabadan so‘ng vakilimiz o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Nodirbek, Jorden Van Foreest ustidan qozonilgan g‘alaba bilan tabriklayman! Birinchi dam olish kunidan oldin 5 turdan keyin 4 ochko to‘pladingiz — ehtimol, natijadan mamnunsiz?
Rahmat! Ha, juda xursandman. Hozircha hammasi yaxshi ketyapti, bugungi g‘alabadan keyin esa yanada mamnunman. Endi Gukeshga qarshi bo‘ladigan keyingi partiyani sabrsizlik bilan kutyapman.
Keyingi raqibingiz — yangi jahon chempioni. Lekin avval bugungi partiya haqida gaplashsak. Avvalgi intervyularda Veyk-an-Zeeda o‘yinlaringiz yaxshi chiqayotgani haqida gaplashgandik, ammo ikki yil avval oxirgi turda aynan Jorden g‘alabali seriyangizni to‘xtatgan edi. O‘tgan yili revanshni oldingiz, bugun ham shu an’anani davom ettirdingiz.
Ha, partiya oson bo‘lmadi. Men Karo-Kann himoyasini o‘ynadim, lekin undan c4 yurishini kutmagan edim. Shuning uchun taxtada eski tahlillarimni eslashga to‘g‘ri keldi.
Agar aniq tayyorgarlikni eslay olmasangiz, qanday yo‘l tutasiz?
Men, odatda, tez o‘ynashga harakat qilaman, hatto debyutni puxta bilmasam ham. Shunday tezlik raqibga bosim o‘tkazishda yordam beradi.
Partiya qachon murakkablashdi?
Kalit lahza uning b5 yurishi bo‘ldi. Men uning rejasini tushunishga harakat qildim. Masalan, c5 yurishi d5 katagini zaiflashtirishi mumkin edi, shu sababli xavfli bo‘lishi mumkin. Ammo menimcha, u eng to‘g‘ri yo‘lni tanlamadi.
Partiyada murakkab vaziyatlar bo‘ldimi?
Ha, masalan, farzin a2 yurishidan keyin men uzoq variantlarni, jumladan, qurbonliklar va murakkab manyovrlarni ham hisobladim. Yaxshiyamki, hammasi men xohlagandek natija berdi.
Shunday uzoq hisob-kitoblar qilayotganingizda o‘zingizni qanday his qilasiz?
Men har doim chiroyli va uzoq kombinatsiyalarni topishni yaxshi ko‘rganman. Bu partiya davomida menga kuch va energiya beradi.
Raqibingiz uzoq o‘ylayotganida, siz o‘rningizdan turmay taxta yonida qoldingiz. Siz allaqachon hamma narsani hisoblab bo‘lgandingizmi?
Ha, men pozitsiyada nimalar bo‘layotganini aniq bilardim va hisob-kitoblarimga ishonchim komil edi.
Bir turdan keyin siz Gukeshga qarshi o‘ynaysiz. Jahon chempioniga qarshi o‘ynash qanday his?
Bu har doim alohida voqea. Biz avval ham bir necha marta o‘zaro to‘qnash kelganmiz. Uning jahon chempionligi uchun bo‘lgan matchi juda ilhomlantiruvchi bo‘ldi. Men uning uchun xursandman va o‘zaro o‘yinimizni kutyapman.
Jahon chempionligi matchida unga muxlislik qilganmidingiz?
Ha, men uni kichik favorit, deb o‘ylagandim. Oxir-oqibat, uning asabi Dingga nisbatan kuchliroq bo‘lib chiqdi.
Shunday matchlarni muxlis sifatida kuzatish qanday?
Men matchni to‘liq tomosha qila olmadim, chunki Qatar Masters turnirida o‘ynayotgan edim. Jahon chempionligining yakuniy partiyasi bilan mening turnirimning so‘nggi turi bir vaqtda boshlandi. O‘zimning partiyam tugagach, darhol Gukeshning g‘alabasini tomosha qildim. Match juda yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.
Ertaga dam olish kuni. Rejalar bormi?
Ha, men Amsterdamga borishni, yaxshi ovqatlanishni va biroz dam olishni rejalashtirganman. Tayyorlanish ishlarini keyinroq davom ettiraman", - dedi Abdusattorov.
Fikrlar