Nursulton Ro‘ziboev 1-raunddayoq raqibini "uxlatib" qo‘yadi (So‘rovnoma)

TIGGO 2 PRO

31 mart tongida hamyurtimiz Nursulton Ro‘ziboev UFCda ikkinchi jangini o‘tkazadi. U Sedrik Dyumaga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Biz an’anaga muvofiq ushbu yurtdoshimizning jangdagi imkoniyatlari haqida o‘zbek yakkakurash olami vakillarining fikri bilan qiziqdik.

Mirzohid Atabaev – murabbiy

- Nursultonning g‘alaba qozonishiga shubham yo‘q. U 1-raundning o‘zidayoq maqsadiga etadi va butun O‘zbekistonni g‘alaba bilan tabriklaydi. Men va mening jamoam Nursultonga ishonamiz. Olg‘a Nursulton!

Sardorbek Sulaymonov – murabbiy

- Nursulton bu raqibidan ancha tajribali sanaladi. Lekin har qanday raqib g‘alaba uchun chiqadi. Shuning uchun  ko‘p narsa tayyorgarlik jarayoniga bog‘liq bo‘ladi. O‘ylaymanki, Nursultonning mashg‘ulot lageri yaxshi bo‘ldi. Shunday ekan, uni yutishiga ishonaman va omad tilayman!

Mavlonbek Mavlonov – murabbiy

- To‘g‘risi, Nursultonning raqibi haqida etarlicha ma’lumotga ega emasman. Ammo, o‘sha vazn tashlash jarayonida raqibi bilan bitta saunadagi videosi tarqaldi. Shunda ko‘rindiki, Nursultonda o‘ziga bo‘lgan ishonch juda yuqori. Raqibida esa qandaydir sarosimalik ko‘zga tashlandi. Nursultonda juda katta tajriba va harakter bor. Aynan ushbu omillar uning g‘alaba qozonishi uchun xizmat qiladi.



                                                                                         Muhammadjon Qurbonov – MMA jangchisi

- Nursultonni jangi haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, albatta qattiq muxlislik qilamiz. Menimcha jang to‘liq davom etadi, deb o‘ylamayman. Uzog‘i bilan 2-raundda Nursulton nokaut, texnik nokaut yoki sabmishen bilan g‘alaba qozonadi. Xullas Nursulton tezkor g‘alabani qo‘lga kiritadi. Bu borada unga omad tilaymiz!

Husan Majlimov – murabbiy

- Albatta, bu jangda Nursultonning imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim. Bilasizmi, bundan ko‘ra avvlgi raqibi Bruno Ferreyra kuchliroq edi, deb o‘ylayman. Sedrik Dyumani o‘rganib chiqdim. O‘ylaymanki, 1-raunddayoq Nursulton nokaut bilan g‘alaba qozonadi.


Mirafzal Axtamov – MMA jangchisi

- Albatta, Nursulton Ro‘ziboevning g‘alabasini kutyapmiz. Sedrik Dyumani janglarini ko‘rib chiqdim. Avvalgi raqibi kabi emas, deb o‘ylayman. Jang uch raund davom etmaydi. Uzog‘i bilan 2-raundda Nursulton nokaut bilan g‘alaba qozonadi.

Humyun Mahkamov - MMA jangchisi

- Nursulton aka bilan bir klubdamiz, desak bo‘ladi. Ko‘p mashg‘ulotlarida ishtirok etganman. Ko‘p narsa o‘rganganmiz. Albatta, ustozimizdek bo‘lib qolgan akamizga omad tilaymiz.  Nursulton akaga ishonamiz. Meni fikrim Nursulton aka jangni 1-raundidayoq raqibini uxlatib qo‘yadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!