O‘zbekiston Osiyo kubogi saralashida yirik hisobda g‘alaba qozondi
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi yoshlar o‘rtasidagi 2027 yildgi Osiyo Kubogi saralash bosqichida Hindistonga qarshi o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozondi.
Uchrashuv 4:0 hisobi bilan o‘zbek yoshlari foydasiga yakunlandi.
Hisob 29-daqiqada ochildi — Ulug‘bek Maratov raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 35-daqiqada Quvonchbek Abraev yana bir gol urib, O‘zbekiston ustunligini oshirdi. Tanaffusdan keyin ham o‘zbekistonlik futbolchilar maydondagi ustunlikni qo‘ldan boy bermadi. 66-daqiqada Shorahim Shorahmedov hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi, 90-daqiqada esa Nurbek Sersenbaev jamoaning to‘rtinchi golini urib, uchrashuvga yakuniy nuqta qo‘ydi.
Shu tariqa, O‘zbekiston ikki turdan so‘ng olti ochko jamg‘ardi. Avvalroq jamoa saralashning dastlabki uchrashuvida Bangladesni 2:0 hisobida mag‘lub etgan edi.
Guruh bosqichining so‘nggi turida, 6 sentabr kuni, V guruhi doirasida O‘zbekiston Suriya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Fikrlar