
Oleg Zoteev eng yaxshisi! U koreyalik muxlisidan maktub oldi, unda nimalar yozilgan yoxud sevimli o‘yinchisining futbolkasiga erishish yo‘li
Bugungi maqolamiz orqali kuni kecha o‘z klubida Janubiy Koreya Kubogini qo‘lga qiritgan hamyurtimiz Oleg Zoteev bilan bog‘liq qiziq bir holat haqida to‘xtalmoqchimiz.
O‘tgan yildan beri “Chonnam Dragons” uchun o‘ynab kelayotgan futbolchimiz u erdagi vaqtini bekor ketkazgani yo‘q. Avvalo, buni Koreya Kubogi sohibiga aylangani orqali bilib olsak ham bo‘ladi. Zero, legioner sifatida xorijda qandaydir sovrin yutish bu katta gap va faoliyatida ham unutilmas onlar bo‘lib qolishi shubhasiz. Eng asosiysi shundaki, Oleg rostakamiga koreyalik muxlislarning mehrini qozona oldi. O‘yini hamda mehnatini mahalliy ishqibozlar yuksak qadrlashyapti. Bu futbolchimiz uchun eng muhimi va unga berilgan munosib baho desak mubolag‘a qilmaymiz. Buning yuqori notasi esa aynan Kubok finalida ko‘rindi.
Muxlis stadionga avvalo jamoasining chiroyli o‘yinini va uning g‘alabasini ko‘rish uchun keladi. Bundan tashqari, sevimli jamoasida o‘zi uchun yoqtirgan futbolchilari ham bo‘ladi. Ammo bunday e’tirofga hamma ham sazovor bo‘la olmasa kerak.
Gap shundaki, Zoteevga ham klubida individual tarzda muxlislik qiladiganlar bisyor. “Chonnam Dragons”ning yosh muxlisi Olegning jamoa safiga qo‘shilganidan keyin hamyurtimizning o‘yinini yoqtirib qolgan va shundan beri personal ravishda unga ishqibozlik qilib keladi. Kubok finalida esa hamyurtimiz uchun alohida “plakat” ham ko‘tarib chiqdi va qizig‘i, unda o‘zbek lotin alifbosida yozilgan so‘zlar, futbolchining rasmi va O‘zbekiston bayrog‘i chizilgandi. “Plakat”da jumladan shunday deyilgan: “Oleg sen mening eng yaxshi futbolchimsan! Agar qarshi bo‘lmasangiz, menga sizning “futbol formasi”ni xohlayman”. U o‘zining qalbidagi so‘zlarini kichik bannercha sifatida o‘zimiz tushunadigan tilda eplab shunchalik yozib chiqqanining o‘zi katta gap.
O‘z navbatida bu “plakat” stadiondagi barchaning e’tiborini tortdi va tabiiyki, Zoteev ham buni ko‘rdi. O‘sha yosh muxlis va uning sheriklarida Oleg bilan uchrashish istagi kuchli bo‘lgani bois ular buning imkonini topdilar. Natijada bugun legionerimiz o‘z muxlislari bilan uchrashdi. E’tiborlisi, ular uchrashishdan avval hamyurtimizga maktub ham yo‘llashdi. Bu borada Oleg bilan kecha gaplashganimizda shunday degandi: “To‘g‘risini aytsam, bu bolani yaxshi tanimasdim. Lekin har o‘yinimizga kelardi va stadionda unga ko‘zim tushardi va salomlashib qo‘yardim. U jamoamizning instagramdagi sahifasida doim Oleg bilan ko‘rishmoqchiman deb yozardi, ekan. Keyin klub “administratori” menga qo‘ng‘iroq qildi va shu bola sizni so‘rayapti dedi hamda qo‘limga xat berdi. Ertaga ular bilan uchrashamiz va shunda yaqindan tanishaman”, - deya ushbu vaziyatga izoh bergandi, Oleg.
Sizda Zoteevga yozilgan maktub qiziqish uyg‘otdimi? Futbolchimiz bilan muxlislarning uchrashuvi tafsilotiga to‘xtalishdan avval siz o‘quvchilarga koreyalik muxlisning maktubda nimalar haqida yozganini e’tiboringizga havola etamiz. Oldindan shuni aytish kerakki, u xatni Oleg o‘qishi qulay bo‘lishi uchun koreys tilida yozganlarini o‘zbek lotin alifbosiga tarjima qildirgan va so‘ng uni qog‘ozga tushirgan. Maktubda shunday deyiladi:
“Salom Oleg! Men sizning muxlisingizman, Jun Seong Xa. Siz bu yil ajoyib ish qildingiz. Sizning chiqishingizni ko‘rish juda sharaf edi. Xavotirda edim, chunki mavsum boshida kutilmagan o‘zgarishlar bo‘ldi, lekin siz mavsumni xavfsiz yakunlaganingizdan juda minnatdorman. Men sizni haqiqatan ham juda ajoyibsiz deb o‘ylayman. Chunki siz har bir o‘yinda hujum qilasiz va himoya qilasiz...Bu juda qiyin bo‘lsa kerak, lekin oxirigacha taslim bo‘lmasdan qo‘lingizdan kelganini qilayotganingizni ko‘rish juda ajoyib bo‘ldi. Qolaversa, terma jamoada bo‘lganingiz uchun boshqalardan ko‘ra, qiyinroq bo‘lgan bo‘lsa kerak. Lekin jamoaga bo‘lgan fidoyiligingiz menda chuqur taassurot qoldirdi. Siz eng yaxshi futbolchisiz. O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi bizning jamoada ekanligiga ishonmayman.
Bu yil o‘qishda eng ko‘p “stress”ga tushdim va “Dragons” o‘yinchilarining, shu jumladan sizlarning o‘yinlaringiz va chiqishlaringizni tomosha qilib, ko‘nglimni ko‘tara oldim. Shuning uchun men sizga katta rahmat aytmoqchiman. Siz mening sevimli futbolchimsiz. Menga O‘zbekiston juda yoqadi. Kelgusi yil universitetga boraman va rus tili bo‘yicha mutaxassislikka kirishni rejalashtirganman. O‘zbekistonda ham ruscha gapiradi, deb eshitdim. Endi men sizga tarjimon va lug‘at orqali yozdim. Lekin bir kun kelib siz bilan erkin gaplashmoqchiman. Ehtimol, maktubning mazmuni juda g‘alati bo‘lishi mumkin, shuning uchun tushunasiz, degan umiddaman. Kelajak qanday bo‘lishini bilmayman, lekin umid qilamanki, siz bilan hammasi yaxshi bo‘ladi. Har doim sog‘ligingizga g‘amxo‘rlik qiling. Nasib qilsa, o‘yiningizni yana shaxsan ko‘rishim mumkin, degan umiddaman”.
Jun Seong.
Biz maktubda qanday yozilgan bo‘lsa, shundayligicha berdik. Tarjima qilinganida ayrim jumlalari bir-biriga to‘g‘ri kelmay qolgan bo‘lishi mumkin va bu borada ma’zur tutasiz, degan umiddamiz. Oleg ushbu maktubni olganidan keyin bugun o‘sha muxlislari bilan uchrashdi va bu borada klubini ham tashabbus ko‘rsatganini aytib o‘tishimiz kerak.
Klub qarorgohida tashkil etilgan ushbu uchrashuv ayniqsa, Zoteevning sodiq ishqibozlari uchun unutilmas bo‘lib qoldi. O‘z navbatida hamyurtimiz ham ularga hurmat ko‘rsatdi va taklifini ijobiy tarzda qabul qilib, istagini amalga oshirdi. Uchrashuvda ishqibozlar suyukli o‘yinchisi bilan dildan suhbatlashdilar va kutilganidek, Oleg ularga o‘zining formasini sovg‘a qildi. Uchrashuv qanday o‘tgani xususida legionerimiz bizga quyidagilarni aytdi: “Ajoyib o‘tdi, hammasi yaxshi. Menga sovg‘a berdi (kuladi). Men ularga formamni berdim, to‘rt kishi kelishdi. “Plakat” chizib, xat yozgan bola ham juda xursand bo‘ldi”.
Xullas, legionerimizning Koreyadagi faoliyati mana shunday qiziq hamda yorqin ko‘rinishda o‘tgani biz uchun ham quvonarli. Muxlislar mehrini qozonish qanday ekanligini Oleg Zoteev misolida ko‘rdik.
Fikrlar