
"Olimpik Mobiuz" ustozi: "Ikkinchi bo‘limda g‘alabani xohlab hujumga berilib ketib, himoyada ehtiyotkorlikni yo‘qotdik"
Pro liganing 24-turidan o‘rin olgan “Mash’al” – “Olimpik Mobiuz” (3:1) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Farhod Nishonov matbuot anjumanida qatnashdi.
- “Mash’al”ni Superliga bilan tabriklaymiz. Ular yaxshi o‘yin ko‘rsatishyapti va yaxshi o‘ynab kelishmoqda. Tayyorgarlik ko‘rdik, g‘alabani juda xohlagandik. O‘yinni ajoyib boshladik, tezkor gol urdik. Lekin o‘zimizni xatoimiz bilan gol o‘tkazib yubordik. Ikkinchi bo‘limda biz ko‘proq g‘alabani xohlab hujumga berilib ketib, himoyada extiyotkorlikni yo‘qotdik. Shuni hisobiga ikkinchi golni ham o‘tkazib yubordik. Aynan shu ikkinchi gol o‘yin taqdirini hal qildi.
- Gollarda himoya chizig‘ingizni ayblagan bo‘lardingizmi yoki mag‘lubiyatda butun jamoani aybi bormi?
- Golda himoyachilarni ham aybi bor, ammo, baribir butun jamoani aybi bo‘ladi. Himoya hujumdan boshlanadi. Biz ko‘p vaziyatlarda qarshi hujumlarni o‘tkazib yubordik.
- Jamoangizni yarmi Argentina va Urugvayda o‘ynab qaytdishdi. Yo‘lga 40 soat ketibdi. Charchoq ham ta’sir qildimi?
- Balki bu ham ta’sir qilgandir. Dam olganimiz yo‘q. Bugun o‘ynagan 11 nafar futbolchi Urugvayda ham o‘ynashdi. Ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Chunki ikki kun yo‘lda yurishgan. Keldik, o‘yin oldi mashg‘uloti va bu yoqqa keldik. Poezdda 6 soat yo‘l bosdik. Ammo yigitlar bu narsalarga moslashishgan. Menga charchashganga o‘xshamadi. Faqat individual xatolar hisobiga mag‘lubiyatga uchradik.
Fikrlar