Olti ochkolik o‘yin oldidan nimalarni bilamiz?

  • 24.09.2020 21:40
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

“Andijon” chempionatimizda haligacha g‘alaba qozona olmay kelayotgan yagona jamoa bo‘lib turganini yaxshi bilasiz. Ular ortda qolgan 16 ta o‘yinning 7 tasida durang o‘ynashdi va 9 bor raqiblariga yutqazishdi.

Hozircha chempionatdagi eng ko‘p durang andijonliklarga tegishli bo‘lib turibdi. 17-turda o‘z maydonida “Buxoro”ni qabul qiladi. Bu o‘yinning bir qator o‘ziga xos qiziq jihatlari bor. Ikkala jamoa turnir jadvalida yonma-yon borishayotganini hisobga olsak, bu autsayderlar o‘rtasidagi bahs desak to‘g‘ri bo‘ladi. Faqat “Andijon”dan farqli o‘laroq, “Buxoro”ning hisobida bitta g‘alaba bor.

Shuningdek, “Andijon”ni boshqargan Aleksandr Xomyakov va Jamshid Saidov tandemi endi “Buxoro”da ham birgalikda ishlashmoqda. Bu safar Saidov bosh murabbiy rolida. Shu bois ikkala mutaxassis ham “Andijon”ni yaxshi bilishadi va hozirgi tarkibining aksariyatini ushbu murabbiylar shakllantirishgan.

Birinchi davrada Muborakda o‘tkazilgan uchrashuvda 2:2 hisobi qayd etilgan. Aslida o‘sha o‘yinda andijonliklar mavsumdagi dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritishga juda yaqin edilar. Ammo oxirgi soniyalarda buxoroliklar mag‘lubiyatdan qutulib qolishgandi.

Umumiy hisobda ushbu jamoalar 47 marta to‘qnash kelishdi. Ustunlik esa “Buxoro” jamoasida. Ular 21 marotaba g‘olib chiqishgan bo‘lsa, andijonliklar 13 ta uchrashuvda ustun kelishgan. Yana 13 bor jamoalar durangga rozi bo‘lishgan.

E’tiborlisi, ikkala jamoa bosh murabbiylari bo‘lajak uchrashuvni olti ochkolik ahamiyatga ega deya ta’riflashmoqda. Chunki ikkalasiga ham g‘alaba suv va havodek zarur. Ularning maqsadi Superligada jon saqlab qolish va bu yo‘lda ularni xato qilishga haqqi yo‘q. Shunday ekan, Andijonda bo‘lib o‘tadigan bellashuv har jihatdan muhim.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Расулжон Тоштемиров
25/09/2020 11:20
Андижон ютади деб умид киламан