
Omadsiz Papu Gomes yoxud jahon chempioni futbolchilik faoliyatini yakunlash arafasida!
2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida Argentina g‘olib chiqdi va o‘z tarixida 3-bor ushbu sovrinni qo‘lga kiritdi. Kubokni boshi uzra ko‘targan futbolchilar orasida 34 yoshli Papu Gomes ham bor edi. To‘g‘ri, Lionel Skaloni uni turnir davomida ko‘p o‘ynatmadi. Ammo g‘oliblar ro‘yxatida futbolchining ismi mavjud edi. Aynan mundialdan oldin Gomes ta’qiqlangan modda iste’mol qilgani ma’lum bo‘lib, futboldan 2 yilga chetlatildi.
Alexandroning yulduzli onlari "Atalanta"dagi davriga to‘g‘ri keladi. U 2014 yilda "Metallist" klubida bergamoliklar safiga ko‘chib o‘tgan. Keyingi yillarda jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylangan Gomes 31 yoshida Italiyani tark etib, "Sevilya"ga yo‘l oladi. Ispaniyada uning unchalik omadi kelgani yo‘q. Ishtirok etgan o‘yinlarining yarimida vinger zaxiradan bahsga qo‘shilgan. Bu davrda "Sevilya"ga ham havas qilib bo‘lmasdi. Ammo jamoa bir marotaba Evropa ligasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Aynan ushbu sovrinni ham Gomes boshi uzra baland ko‘targan.
Yozgi transferlar oynasi o‘z nihoyasiga etganidan keyin kutilmaganda Papu "Sevilya" bilan amaldagi shartnomasini bekor qilib, jamoani erkin agent sifatida tark etdi. Shu bilan birga, futbolchi Italiyaga qaytdi. U "Montsa" bilan 1 yillik shartnoma imzoladi. Afsuski hali Gomes yangi jamoasi tarkibida asosiy tarkibda maydonga tushishga ulgurmadi. Palladino unga 40 daqiqa imkon berdi.
Gomesning doping qabul qilingani ma’lum bo‘lganidan keyin uning o‘zi holatga izoh berdi. Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, u bilan kutilmagan voqea sodir bo‘lgan.
"Avvalo shuni tasdiqlaymanki, menga Ispaniyaning anti doping komissiyasi qo‘ng‘iroq qilib, 2 yilga diskvalifikatsiya qilinganimni aytishdi. Men har doim barcha qonunlarga qat’iy rioya qilganman. Shu bilan birga, dopingni har qanday turini qoralayman. O‘tgan yili o‘g‘lim shamollab qolgandi va unga berilgan siropdan men ham bir qoshiq qabul qilganman. Uning tarkibida terbutalin bor ekan va bu modda futbolchilar uchun ta’qiqlangandi. Bunday og‘ir vaziyatda meni qo‘llab-quvvatlaganlarga rahmat aytmoqchiman".
Gomes hali rasman futbolchilik faoliyatini yakunlagani yo‘q. Sababi, unga qo‘yilgan ayblov olib tashlanishiga umil qilmoqda. Agarda qaror o‘zgartirilmasa, Alexandro futbol bilan xayrlashadi. Shuningdek, undan Jahon chempionati va Evropa ligasi sovrinlari olib qo‘yiladi.
Fikrlar