O‘runov jarohatdan qutildimi? Bosh direktor so‘nggi ma’lumotni e’lon qildi

  • 6 noyabr, 2020, 07:45
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Ufa”dagi muvaffaqiyatli o‘yinlaridan so‘ng, yozda “Spartak” jamoasi safiga qo‘shilgan Oston O‘runovning Moskva klubida ishlari ko‘ngildagidek ketmayapti. Ufaliklar safida qisqa muddatda jamoaning asosiy figurasiga aylangan o‘zbekistonlik legioner “Spartak” uchun tom ma’noda yoshlik qilyapti.

19 yoshli futbolchimiz asosiy tarkibga kirish uchun Roman Zobnin, Nail Umyarov, Zalimxan Bakaev, Aleks Kral singari kuchli futbolchilar bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri kelmoqda. Qolaversa, “Chelsi”dan Viktor Mozes kabi yuqori klassli o‘yinchining tarkibga qo‘shilgani ham yarim himoyadagi shundoq ham kuchli raqobatni yanada kuchaytiradi va o‘z o‘zidan Ostonning asosiy tarkibdan joy olishini ham qiyinlashtiradi.

gtsGnxFgDuE

Qolaversa, jismonan baquvvat hisoblangan Oston O‘runov qariyb bir oy jarohatdan qiynaldi.  Terma jamoamizning oktyabrdagi yig‘iniga taklif etilgan va Toshkentga kelgach, jarohatga yo‘liqqan O‘runov mamlakatimiz bosh jamoasining Eron va Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi o‘rtoq uchrashuvlarini o‘tkazib yubordi. Moskvaga qaytib ketganidan keyin salomatligini tiklash jarayonida “Spartak”ning premer-liga va Rossiya kubogidagi o‘yinlarida ham ishtirok eta olmadi.

Endigina jarohatidan qutilgan Oston premer-liganing o‘tgan turida “Rostov”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvning 80-daqiqasida maydonga tushgandi. Biroq, oradan to‘rt daqiqa o‘tib, hamyurtimiz oqsagancha maydondan chiqib ketdi. Xullas, O‘runovning “Spartak”da o‘zini ko‘rsatishiga etarlicha imkon bo‘lmayapti. O‘zi ham maza qilib to‘p tepayotgani yo‘q.  

“Rostov”ga imkoniyat boy berilgan o‘yindan keyin “Spartak” bosh direktori Shamil Gazizov Oston sonining orqa qismidan shikastlanganini, aslida avvalgi jarohatidan butunlay tuzalib, uchrashuvga to‘liq tayyor bo‘lganini ma’lum qildi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari 14-tur uchrashuvlari oldidan Shamil Gazizov bilan bog‘lanib, “Spartak”dagi vaziyat bilan qiziqdi.

- Bizda hammasi joyida. Barcha futbolchilar salomat va “Ural” bilan bo‘ladigan o‘yinga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hech qanday muammo yo‘q, - dedi Shamil Gazizov jurnalistlarga.

1280_864_max (2)_3

“Spartak” bosh direktori tarkibda jarohatlangan yo‘qligiga alohida urg‘u berganiga qaraganda, Oston O‘runov ham jarohatidan qutilgan va umumiy guruh bilan bo‘lajak bellashuvga tayyorlanyapti.

Oston O‘runov “Spartak” tarkibida premer-ligada jami olti marta maydonga tushib, ikki marotaba ogohlantirish oldi. Rossiya kubogi doirasida esa, bitta uchrashuvda ishtirok etib, raqib darvozasini ishg‘ol qildi.

Premer-ligada 27 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab turgan “Spartak” navbatdagi uchrashuvni 7 noyabr kuni safarda “Ural” futbolchilariga qarshi o‘tkazadi.

Mazkur bellashuv Toshkent vaqti bilan 16:00da boshlanadi.

ProSports Management: O‘runovning agenti juda jiddiy odam, Ostonga hamon yangi takliflar bor!

O‘runovning jarohati haqida yangi ma’lumot

Murabbiy O‘runovning yulduz darajasiga etishiga ishonmoqda

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!