
O‘runov – modalar qiroli!
Rossiya premer-ligasi qizg‘in pallada. Hozircha, bu ligada faqatgina bir futbolchimiz – Oston O‘runov bor va o‘zbekistonlik futbol muxlislar unga ishqibozliq qilmoqda. Qizig‘i shandaki, legionerimiz yangi mavsumni chempionlikka da’vogar bo‘lgan “Spartak” jamoasida boshladi va chempionatni ligada qolish uchun kurashayotgan “Ufa”da yakunlaydigan bo‘ldi.
Qishki transferlar vaqtida “Ufa” bir Oston O‘runov bilan birga birt necha futbolchilarni qo‘lga kiritdi. Ulardan biri burundilik Parfe Bizoza. Futbol olamida deyarli tanilmagan mamlakatdan kelgan yarim himoyachi ufaliklar tarkibidagi birinchi uchrashuvning 13-daqiqasidayoq qizil kartochka olib, maydondan haydalgani bilan mashhur bo‘ldi.
Norvegiyaning “Olesunn” jamoasidan olingan futbolchi rossiyalik jurnalistlarga intervyu berib, o‘zi bilan bir paytda “Ufa”ga kelgan Oston O‘runov haqidagi savollarga ham javob qaytardi.
“Ufa”ga qaytgan Oston O‘runov haqida fikring qanday?
- Oston – ajoyib futbolchi. Uni “Spartak”ga bejizga taklif qilishmagan. Ha, u erda biroz omadi chopmadi, balki o‘yin uslubi to‘g‘ri kelmagandir. Lekin u maydonda ko‘proq o‘ynashi kerak va shunda o‘zining mahoratini namoyish qilib, yanada ko‘proq o‘sishga erishadi. Shuning uchun ham “Ufa”ga qaytib, juda to‘g‘ri ish qildi. O‘runov jamoaning premer-ligada qolishiga ko‘maklashadi, klub esa uning o‘sishiga yordam beradi.
- O‘runovning “Spartak”da mashhur brendlardan qimmatbaho kiyimlar xarid qilgani ovoza bo‘lgan. Jamoadoshlar bu borada u bilan hazillashib turadimi?
- Men bu borada hech kim hazillashganini sezmadim. Oston “Ufa”da modalar qiroli, bu shundoq ko‘rinib turadi. Uning o‘ziga yarashgan juda yaxshi uslubi bor va garderobida zo‘r narsalar ko‘p. Men undan kiyinish bobida ayrim usullarni o‘rganishim kerak. Lekin men “Guchchi”ni “Guchchi” bo‘lgani uchun sotib oladigan odam emasman.
Agar menga biror mahsulot ma’qul kelsa, brendidan qat’i nazar uni sotib olishga harakat qilaman. Men hatto “H&M”dan ham u-bu narsa xarid qilishim mumkin. O‘runovga kelsak, bu kiyimlar unga yoqishiga va unda o‘zini qulay his qilishi uchun olganiga aminman.
Ta’kidlash joizki, “Ufa” klubi o‘zbekistonlik legioner ijarasi uchun “Spartak”ga 5,5 million rubl miqdorida mablag‘ to‘lagani haqida xabarlar tarqatildi. Futbolchining maoshini ham to‘laligicha ufaliklar ko‘taradi. O‘runov “Spartak” bilan besh yillik shartnoma imzolaganida yiliga 600 ming evro atrofida maosh olishi belgilangan edi.
O‘zbekistonlik legioner “Ufa”ga mavsum oxirigacha ijaraga berilgan. Ufaliklarda yozda futbolchini 3 million evroga to‘liq sotib olish huquqi bor. Avvalroq, “Spartak” Oston O‘runov bo‘yicha rasmiy transfer so‘rovini yuborgan “Rubin”dan olti million evro miqdorida badal puli talab qilgan edi.
Joriy mavsumda premer-liga doirasida “Spartak”da sakkizta uchrashuvda maydonga tushgan Oston O‘runov, “Ufa”ga o‘tgach, asosan boshlang‘ich tarkibdan joy olmoqda va hozirgacha to‘rtta bahsda qatnashishga ulgurdi.
Ayni paytda, Oston O‘runov O‘zbekiston milliy terma jamoasining Toshkent shahrida tashkil etilgan navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashmoqda.
Fikrlar