O‘sha kuni undan eng yaxshisini topolmasdik yoxud Superligada 10-turning qahramonlari

  • 4 iyun, 2024, 15:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 10-turidan keyin nima gap? 30 maydan 2 iyunga qadar bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar mobaynida muxlis va mutaxassislarning alohida e’tirofiga sazovor bo‘lgan va tabiiyki, eng yaxshisi deb atalgan futbolchilarga to‘xtalamiz.

Tecno

“Dinamo” – “Qizilqum” – 2:0. Eng yaxshi futbolchi: Anvar Xojimirzaev

Vadim Abramov jamoasi ushbu turda ishonchli o‘yin ko‘rsatib, haqli ravishda uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Bu yil “Dinamo”da debyutini o‘tkazayotgan Anvar Xojimirzaev samarqandliklarning ishonchli futbolchilaridan biriga aylanib ulgurdi. Har bir uchrashuvda u faol o‘yin ko‘rsatmoqda. “Qizilqum”ga qarshi bahsda Anvar penaltidan gol urdi. Butun o‘yin mobaynida maydonda ajralib turdi.

“Navbahor” – “Olimpik” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Xamidillo Abdunabiev

Namanganliklar juda qimmatli ikki ochkosidan mahrum bo‘ldi. Bunga “Olimpik” darvozaboni Xamidillo Abdunabiev sababchi. Shu kuni u a’lo darajada o‘yin namoyish qildi va mezbonlarning ko‘plab xavfli zarbalarini o‘zining ajoyib seyvlari bilan bartaraf qildi. Aslida “Navbahor” g‘alabaga loyiq o‘yin namoyish etdi. Biroq “Olimpik” posboni mezbonlarning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymadi. Darhaqiqat, Namangandagi stadionda o‘sha kuni Abdunabievdan eng yaxshisini topolmasdik.

“Surxon” – “So‘g‘diyona” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Vladimir Yovovich

Bu bahsda “Surxon” “So‘g‘diyona”ni yagona gol evaziga engdi. Bahsning eng yaxshi futbolchisi esa g‘olib jamoadan emas, balki mag‘lub jamoadan bo‘ldi. “So‘g‘diyona”ning chernogoriyalik yarim himoyachisi Vladimir Yovovich haqli ravishda eng yaxshisi bo‘ldi. U o‘rtada hukmronligini ko‘rsatdi. “So‘g‘diyona”ning “motor”iga aylanib boryapti. Ammo uning bir o‘ziga ham oson emas. Shunga qaramay, bu legioner o‘z vazifasini yaxshi uddaladi.

OKMK – “Metallurg” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Xurshid G‘iyosov

Mirjalol Qosimov jamoasi derbida muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Allaqachon OKMKning asosiy etakchilaridan biriga aylangan Xurshid G‘iyosov bu safar ham o‘zini ko‘rsatdi. Garchi gol urmagan bo‘lsa-da, “Metallurg”ga qarshi yana dadil o‘yin ko‘rsatdi va raqiblariga boshog‘riq bo‘la oldi.

“Bunyodkor” – “Neftchi” – 0:3. Eng yaxshi futbolchi: Xusayn Norchaev

“Neftchi”ning “Bunyodkor”ga qarshi o‘yinida Xusayn Norchaev o‘zini ko‘rsatdi. Nihoyat, u farg‘onaliklar safida joriy chempionatdagi debyut golini urdi. Aslida yana bir golda ham o‘zi ishtirok etdi va zarbasi rikoshet holatida darvozadan joy egalladi. Shuningdek, yana bir golga pas uzatdi. Xullas, barcha gollarda Norchaev bor. Raqibga katta muammolar tug‘dirdi.

“Andijon” – “Paxtakor” – 1:3. Eng yaxshi futbolchi: Doston Hamdamov

“Paxtakor” futbolchisi Doston Hamdamov mehmonda “Andijon”ga qarshi uchrashuvning eng yaxshisi deb topildi. Darhaqiqat, gol urdi va golli pasni uzatdi. Bundan tashqari, maydonda faolligi bilan jamoasining g‘alabasiga munosib hissasini qo‘shdi.

“Nasaf” – “Lokomotiv” – 3:0. Eng yaxshi futbolchi: Bobur Abduxoliqov

Vanihoyat Bobur Abduholiqov “Nasaf” safida bu yil Superligadagi gollari hisobini ochdi. U nafaqat ochdi, balki bir urinishdayoq xet-trik qayd etdi. Shu paytgacha golsiz seriyasi davom etayotgan hujumchi bor alamini “Lokomotiv” bilan bahsda oldi, deyish mumkin. Uning bir o‘zi uchrashuv taqdirini hal qildi va shubhasiz eng yaxshi o‘yinchi nomi faqat unga tegishli.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!