
Osiyo bolalari-2022. O‘zbekiston delegatsiyasi Vladivostokda tantanali kutib olindi

Toshkent-Vladivostok yo‘nalishida uchgan "HY3707" reysdagi samolyot 6 soatu 45 daqiqa yo‘l bosib o‘tdi.
Vladivostokning markaziy aeroportida yurtimiz sportchilarini Osiyo bolalari o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi a’zolari, hamyurtlarimiz uchun biriktirilgan volontyorlar, O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi, shahardagi o‘zbekistonlik faol vatandoshlar guruhi non-tuz va nozu-ne’matlar bilan karnay surnay sadolari ostida tantanali kutib olishdi.
Sportchilar, murabbiy va hakamlar, mutaxassislar o‘yinlar dasturida belgilangan yotoqxonalari sari kuzatib qo‘yildi.
"Biz uchun e’tiborli jihati, sportchilarimizning kayfiyati a’lo. Barcha sport jamoalarning vakillari sog‘-salomat. Bugundan Vladivostokda Osiyo bolalari sport o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston delegatsiyasining shtabi onlayn tarzda ish boshladi. Barcha yo‘nalishlarda mas’ullar belgilandi. Shtab 13 kun mobaynida faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, shtab qoshida sportchi yoshlarimizga tibbiy xizmat ko‘rsatish markazi, tezkor axborot tarmog‘i faoliyat ko‘rsatadi", — deydi ayni paytda Osiyo bolalari o‘yinlarida ishtirok etayotgan Sportni rivojlantirish vazirligi boshqarma boshlig‘i Akram Nizametdinov.
"Vladivostokda 3 mingga yaqin vatandoshimiz istiqomat qiladi. Bosh konsulxonamiz ular bilan doimiy aloqa o‘rnatishga harakat qilib kelmoqda. Vladivostokda Osiyo bolalari o‘yinlarining o‘tkazilishi, unda yurtimizning iste’dodli sportchilari qatnashayotganligi bizni juda ruhlantirdi. O‘yinlar jarayonining har bir musobaqasida sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘ziga xos ishqibozlar guruhlarini tashkil etganmiz. Istagimiz, mazkur o‘yinlarda O‘zbekistonning navqiron yoshlari yangi g‘alabalarga erishishiga baholi qudrat hissa qo‘shish. Kutib olish marosimiga Vladivostokda mehnat qilayotgan 50 nafardan oshiq vatandoshlarni gullar, noz-ne’matlar bilan chiqishini ta’minladik. O‘ylaymanki, bundan yosh sportchilarimiz xursand bo‘ldi", - deydi O‘zbekiston Respublikasining Vladivostokdagi Bosh konsuli Rustam Ismoilov.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 28 iyul kuni Osiyo bolalari sport o‘yinlariga rasman start beriladi. Kunning birinchi yarmida bir qator sport turlari bo‘yicha musobaqalar oldi mashg‘ulotlar tashkil qilinadi. Hakamlar, murabbiylar uchun o‘quv-seminarlar o‘tkaziladi. Kechki payti esa Vladivostokdagi muhtasham Fetisov nomli sport arenada o‘yinlarning tantanali ochilish marosimi o‘tkaziladi.
Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati
Fikrlar