
Osiyo chempionati boshlanishiga salkam ikki oy vaqt qoldi, Timur Kapadze hozirgi pandemiya sharoitida terma jamoani qanchalik tayyorlay olyapti?
O‘zbekiston milliy va yoshlar terma jamoalari Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazyapti. Timur Kapadzening hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda yoshlar terma jamoasidagi ishi qanday kechmoqda?
- Qiyinchilik bor, yo‘q emas. Birinchidan chempionatimizning majburiy tanaffusga chiqqani o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, - deya gap boshladi Timur Kapadze. - Negaki, futbolchilar kerakli darajada sport formasida emas. Ikkinchidan o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil qilishda ham qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. Pandemiyadan avvalgi yillik rejalarimiz boshqacha edi. Xalqaro turnirlar, KAFA musobaqasi va yana bir qator o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazishni mo‘ljallab qo‘ygandik. Biroq endi hammasi o‘zgarib ketdi. Lekin hamma joyda vaziyat shunday.
Oxirgi paytlarda ayrim o‘yinchilarimizning klublarida asosiy tarkib bilan shug‘ullanayotgani bizni xursand qilyapti. Baribir biz qiyinchiliklarga qaramay, harakatdamiz, izlanishdamiz. Bungacha bir nechta yig‘in o‘tkazdik va futbolchilarning imkoniyatlarini ko‘rib boryapman. Lekin o‘zim xohlagan barcha o‘yinchilarni yig‘a olmayapman. Klublarida asosiy tarkibda o‘ynayotgan bolalarga hozircha tegmayapman. Ularning o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgani o‘zlari uchun ham, biz uchun ham foydali.
Mana, jamoamiz bilan yig‘in o‘tkazish imkonini topa oldik. Chempionatimiz vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgani bois klublar ham shug‘ullanmayapti. Yig‘inga kelgan o‘yinchilar bilan gaplashsam, ular ham mashg‘ulot o‘tkazishmayotganini aytyapti. Men esa, ularni sport formasida ushlab turishim kerak. Ayniqsa, jismoniy tomondan yaxshiroq tayyorlashga harakat qilyapmiz. Vadim Abramov bilan gaplashdik va milliy terma jamoa bilan ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishga kelishib oldik. Bu o‘yinlarda yigitlarimizning o‘ziga ishonchi ortadi va kamchiliklarimizni ham ko‘rib olamiz. Ushbu yig‘inimizdan keyin Superliga yana davom ettiriladi va avgust oxirigacha o‘yinlar o‘tkaziladi. Sentyabrdan esa yana tayyorgarlikni davom ettiramiz.
Yoshlar terma jamoasi avgust va sentyabrda yig‘in tashkil etgach, oktyabrda Osiyo chempionatiga kirishib ketadi. Asosiy tarkib o‘zagi aniqmi yoki hali tanlov ketyaptimi?
- Deyarli barchani bilaman. 90 foizga asosiy tarkibni aniqlashtirib olganman. Faqat bir-ikkita pozitsiyalarga yana yangi yigitlarni chaqirib sinab ko‘ryapman. Chempionat davom ettirilmayotgani sababli kuzatuvdagi o‘yinchilarni ko‘ra olmayapmiz. Bu masalada ko‘p muammolar tug‘ilayotgani rost. Baribir imkoni qadar tarkibga yangi futbolchilarni taklif qilib, ularni ko‘rib chiqyapman. Kelajak uchun ham nomzodlarni kuzatyapmiz. Oktyabr oyidagi musobaqa ham, undan keyingi turnirlar ham muhim. Agar Osiyo chempionatida chempion bo‘lsak, kelasi yili jahon chempionatida qatnashishimiz kerak. So‘ng Olimpiada saralashi turibdi.
Shu paytgacha 80 nafar o‘yinchini ko‘rib chiqdim. O‘tgan yilning dekabr oyidan yig‘in boshladik. Keyin yanvar va fevralda shug‘ullandik. Xullas, har yig‘inimizda yangi nomlarni sinovdan o‘tkazib kelyapmiz. Kimdir kuchsizroq bo‘lishi mumkin, kimdir esa bizga to‘g‘ri kelyapti. Nomzodlar Osiyo chempionatida ishtirok eta olmasa ham ularni kuzatishda davom etamiz. Axir boya aytganimdek, oldinda o‘yinlar ko‘p. Baribir har biriga imkoniyat taqdim etiladi.
Hozir vaziyat juda xavotirli. Oktyabr-noyabr oylariga borib pandemiya yana kuchayib ketish ehtimoli bor. Kapadzeda “b” reja tayyormi?
- Menimcha, oktyabr oyidagi Osiyo chempionati reja bo‘yicha o‘tkazilishi kerak. Ammo keyinchalik nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Har qanday vaziyatda ham reja bo‘yicha tayyorgarlik ko‘raveramiz. Musobaqadan avval yakuniy tarkib OFKga taqdim etiladi. Futbolchilar “zayavka”dan o‘tganidan keyin kimdadir koronavirus aniqlansa, uning o‘rniga boshqa futbolchini tarkibga qo‘sha olamizmi yoki yo‘qmi, buni hozircha bilmayman. Chunki bunday vaziyatda OFKning qarori qanday bo‘lishidan bexabarman. Hech kim bundan kafolatlanmagan. Butun dunyoda pandemiya yana takrorlanyapti. Milliy terma jamoamizda ham covid yuqtirib olganlar chiqdi, deyishyapti. Lekin yigitlar bilan gaplashganda ular o‘zlarini yaxshi his qilishyapti. Menimcha, ularni davolash qiyin kechmaydi. Albatta, biz ham har bir yig‘indan oldin futbolchilarimiz bilan test topshiryapmiz. Yig‘in yakunida ham yana bir bor test topshirib, keyin futbolchilarni klublariga qo‘yib yuboramiz. Musobaqa yaqinlashgani sari jamoamiz bilan bitta joyda to‘planib, hech kimni tashqariga chiqarmasdan tayyorgarlikni davom ettiramiz. Osiyo chempionati katta musobaqa. OFK tomonidan ham uni o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib boryapti. Yurtimizga keladigan terma jamoalar ham test topshirib keyin keladi. Demoqchimanki, hammasining extiyotkorligi ko‘riladi.
Jasur Jaloliddinov haqida nima deydi?
- Jasurning imkoniyati yuqori. Uni bejizga olishgani yo‘q. Anchadan beri puxta kuzatib kelishgan. “Bunyodkor”dagi va terma jamoadagi o‘yinlarini ko‘rishgan. Shu yoshda Superligada o‘ynab o‘zini erkin his qilishi, “Bunyodkor”da etakchilardan biriga aylangani ham katta gap. “Lokomotiv”ga ketgani faqat foyda. U erda mutaxassislar ham kuchliroq. Uning o‘sishiga yanada yordam bo‘ladi. O‘yinchilarimiz kuchliroq klublarga borishi futbolimizga foydali. Legioner bo‘lib o‘ynagandan keyin istasa-istamasa ikki barobar ko‘proq ishlaydi. Rossiyada undan ko‘p narsa kutishyapti. O‘ylaymanki, Jasur o‘z ustida yanada ko‘proq ishlaydi. Osiyo chempionatiga uni qo‘yib yuborishi borasida muammo bo‘lmaydi. Shartnoma tuzilayotganda bu masala kelishilgan. Sentyabr oxirlarida terma jamoamiz ixtiyoriga qo‘shiladi.
Raqiblarni o‘rganish murabbiylarga qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirmayaptimi?
- Raqiblarimizning Osiyo chempionati saralash bahslaridagi o‘yinlarini topdik. Shunga qarab, ularning o‘yinlarini ko‘rdim. Lekin pandemiya davrida masalan Eron yig‘ilganmi-yo‘qmi, hozircha bu borada ma’lumotga ega emasmiz. Lekin yaqinda murabbiy almashganidan xabarim bor, demak, mashg‘ulotlarga kirishishgan bo‘lsa kerak. Menimcha, Osiyo chempionatiga keladigan jamoalar baribir tayyorgarlik ko‘ryapti. Kimdadir vaqt ko‘proq, kimdadir kamroq bo‘lishi mumkin. Jamoalar o‘zidagi ichki vaziyatdan kelib chiqib shug‘ullanyapti, menimcha. Ammo hech kim xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkaza olmaydi. Barcha termalar uy sharoitida, o‘zining mamlakatida tayyorgarlik ko‘ryapti. Bizga ham xalqaro darajadagi o‘yinlar kerak. Sentyabrning oxirlari, oktyabrning boshlarida terma jamoalar yurtimizga kelishni boshlaydi. Eshitishimcha, Malayziya terma jamoasi bizga musobaqadan oldin o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha taklif bilan chiqqan. Shu sababli turnirdan oldin o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazish niyatimiz bor. Eng asosiysi, hammaga sog‘lik tilayman. Bu bir kunda yo‘qolib ketadigan narsa emas. Biz vaziyatdan kelib chiqib imkoni boricha tayyorgarlik ko‘ramiz. Uyimizda o‘tadigan Osiyo chempionatida barchani xursand qilishga harakat qilamiz.
Fikrlar