Otabek Shukurov: "Buni hazm qilish qiyin"

  • 20 may, 2022, 23:47
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz "Dangal" loyihasi orqali muxlislarimizga haqiqatlarni taqdim etishda davom etadi. Bugun BAAning "Sharja" jamoasi a’zosi Otabek Shukurov bilan bo‘lgan suhbatning yozma versiyasini e’tiboringizga havola etamiz. Intervyuni to‘liq tomosha qilishni istagan insonlar uchun matn so‘ngida havola qoldiriladi.

Biroz orqaroqdan boshlaymiz. Abramov murabbiyligidagi terma jamoa Saudiyadan alamli mag‘lubiyat qabul qilib olgach, kiyinish xonasida eng ko‘p yig‘lagan siz bo‘ldingiz. Bu nima bilan bog‘liq?

- Buni hamma har xil qabul qilgan bo‘lishi mumkin, menga juda qattiq ta’sir qilgandi. Faoliyatimdagi ikkinchi Jahon chempionatini o‘tkazib yuboryapman. Buni hazm qilish qiyin. Hali yoshman, deyishga haqqim yo‘q. Bu kichik narsa emas. Butun O‘zbekiston xalqi singari biz ham yoshligimizda JChdan quruq qolganimizda ko‘z yosh to‘kkanmiz.

Butun boshli o‘zbek futbolini mundial yo‘llanmasi uchun qurish qay darajada to‘g‘ri?

- Faqat terma jamoadan buni talab qilish kerak emas. Ayniqsa, JCh saralashi chog‘ida bosimni oshirishdan naf yo‘q. Ko‘proq yoshlarga e’tibor qaratish lozim. Bugundanoq harakatni boshlash kerak. Tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, xuddi Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron, Avstraliya singari barcha katta musobaqalarga yo‘l olish mumkin. Ularda asosiy tarkib o‘ynmasa ham boshqa 11 ta futbolchi bemalol bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin. Bizda birgina futbolchining yo‘qligi darrov seziladi. Akademiya va maktablarga ko‘proq e’tibor berish shart. Ana shunda, 8 yoki 12 yildan so‘ng e’tibor berilgan yoshlar kuchli raqobatda etishgani bois, bizni Jahon chempionatiga olib chiqishi mumkin. Biz ham bu narsani normal qabul qilishni boshlaymiz. Barchasi bolalar futboliga bog‘liq. Futbolchi sifatida saralash o‘yinlarida buni his qilamiz. Balki, shuning uchun ham yig‘larmiz.

Siz 10 yil avval o‘smirlar terma jamoamiz sardori sifatida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgansiz. O‘shanda sizni kelajakda Evropada harakat qilishingiz taxmin qilingan edi. Ammo hozir "Sharja"dasiz...

- Hech narsadan nolimayman. Hamma narsa uchun Yaratganga shukur qilaman. Agar o‘zimga bog‘liq narsa bo‘lsa, doimo ishimga professional yondashganman. To‘g‘ri, kamchilik hammada bor. Nima bo‘lgan taqdirda ham qilgan ishlarimni xato, deb o‘ylamayman. Xudo menga shuni nasib qilibdi. Savolingizni tushundim. "Sharja"ga majburan kelganman. Oyog‘im singani bois Germaniyaga keta olmadim. Hozirgacha BAAda futbol o‘ynaganimdan ko‘nglim to‘lmaydi. Shuning uchun transfer oynasi ochilishi bilan klub rahbarlari bilan talashib turaman. Ketmoqchi ekanligimni aytaman, ammo bu foyda berganicha yo‘q. Kuchli chempionatda to‘p tepishga kuchim ham, vaqtim ham etarli. Shu kungacha hech narsa o‘z xohishim bilan bo‘lgani yo‘q.

Tecno

O‘zbekistonda futbol "tirik"mi yoki ancha og‘ir ahvoldami?

- Birinchi navbatda, muxlislarni to‘g‘ri tushunaman, futbol ular bilan. Siz vatan sha’nini himoya qilasiz. Klub bilan terma jamoaning farqi juda katta. Ularning tanqidlari va keskin fikrlarini to‘g‘ri tushunaman. Ular singari men ham futbolimiz rivoji uchun qo‘limdan kelganini qilishga tayyorman. Savolingizga keladigan bo‘lsak, barchasi JCh saralashi bilan bog‘liq. Final bosqichiga chiqa olmaganimiz uchun e’tibor va munosabat shunday bo‘lishi tabiiy. Mirjalol aka Qosimovning bir gap bor: "Qarsak hech qachon bir qo‘ldan chiqmaydi!" Biz chiqa olmadik, demak e’tibor ham shunga yarasha bo‘lmoqda, barchasi bir-biriga bog‘liq. Hozir yangi murabbiylar keldi. Futbolga e’tibor oshgan. Odil aka Ahmedov federatsiyada ishlayapti. Hozir bizdan o‘yin so‘ralmayapti. Maqsadimiz JChga tayyorlanish. Mana shunday qo‘yib berish kerak. Eng kerakli pallada o‘zgarishlar bo‘lmasligi shart. Bu jamoaviy o‘yin, bir kishiga qarab qolmagan.

щltsuщlptsщulp

Bugungi va avvalgi futbol avlodlarini solishtirsak, hozirgisi biroz kuchsizroqdek tuyuladi. Bu borada fikringiz qanday?

- Bu ham psixologiya bilan bog‘liq. Agar saralashning hal qiluvchi bosqichiga yo‘l olib, JCh uchun kurashganimizda barchasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Sizdan tortib, qolgan muxlislargacha, hatto, o‘zim ham. 3-bosqichda eng kuchlilar bilan kurash olib borayotgan bo‘lar edik. Ochkolarni sanab, boshqa o‘yinlarni kuzatib, bir jamoaga aylanish imkoni qo‘ldan ketdi. Tasavvur qilib ko‘ring! Bir yo ikki o‘yinda mundial yo‘llanmasi ko‘rina boshlansa, ikki hissa kuch bilan harakat qilishingiz aniq. Futbolchilargina emas, murabbiylar ham o‘sadi. Barchasini bunday chigal bo‘lib ketishiga o‘zimiz sababchi. Futbolda hozir muxlislar bizga pasayish bordek nazar tashlamoqda. So‘nggi yig‘inlardagi yoshlar bilan shu haqida gaplashdik. Barchasini avvalgi darajaga olib chiqish ham o‘z qo‘limizda.

Intervyuning to‘liq versiyasini tomosha qilishingiz mumkin.


Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
21/05/2022 11:36
Жуда яхши йигит! Лекин бошка уйинчилар бундай эмас, уша тирракиларни хисобига барча кийналмокда