Otabek Shukurov: Har bir g‘alaba va har bir ochko bizni Jahon chempionatiga yaqinlashtiradi

  • 17 mart, 22:23
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

"JCh-2026" saralashi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 20 mart kuni Qirg‘iz Respublikasiga qarshi, shuningdek, 25 mart kuni Eronga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Ayni vaqtda "oq bo‘rilar" qo‘shnilarimizga qarshi uchrashuv oldidan Toshkentda tayyorgarlikni davom ettirmoqda. 

Termamiz etakchilaridan biri hisoblangan Otabek Shukurov muhim uchrashuvlar oldidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Marhamat, uning fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin. 

- Sizlar ham qattiq ishlayapsizlarmi deyman? Ancha ko‘payishib qolibsizlar (Jarayon boshlanishidan avval jurnalistlarga qarata) 

- Hal qiluvchi bosqichda, hal qiluvchi o‘yinlarga yaqin kelyapmiz. Kechadan yig‘ilib, bugundan mashg‘ulotlarni boshlayapmiz. Yigitlar har xil holatda kelmoqda. Hamma sog‘-salomat va optimal holatda kelishi muhim. 

- Jamoada ichki muhit qanday?

- Jamoaning ichida kayfiyat a’lo darajada. Hamma vaziyatni tushunib, yig‘inga etib keldi. Futbolchilar, murabbiylar shtabi uchrashuvga shay holatda. O‘ylaymanki, sizlar ham (jurnalistlar). 

- Qirg‘iz Respublikasiga qarshi ilk bellashuv oson kechmagandi. Bu safar tayyorgarlik qanday kechmoqda? 

- Bu gal ham oson bo‘lmaydi. Sababi, hal qiluvchi bosqich va hamma ochko olish uchun harakat qilyapti. Guruhni bir va ikkinchi o‘rinda yakunlay olmagan taqdirda ham termalarda imkoniyat bo‘ladi. Bu termalarning ishtiyoqini oshirib yuboradi. Bundan tashqari, har bir terma o‘zining muxlislari uchun ham o‘ynaydi. Murabbiylar ham bugun bizga shuni tushuntirishga harakat qildi. Har bir g‘alaba va har bir ochko bizni Jahon chempionatiga yaqinlashtiradi. O‘ylaymanki, birinchi uchrashuvda chiroyli g‘alaba bilan yuzimizni yorug‘ qilamiz. 

- BAA tomoni Qirg‘iz Respublikasiga g‘alaba uchun mukofot puli va’da qildi, deyilmoqda. Bunga munosabatingzi qanday?

- Ilk bellashuvda ham Qirg‘iz Respublikasining prezidenti biz bilan o‘tgan ilk bahs uchun futbolchilariga mashina va’da qilgani haqida eshitgandik. Bu normal holat. Ayni vaqtda BAA va hamma harakat qilmoqda. Ularni bu vaziyatga biz olib keldik, aslida. Takliflar bo‘lishi tabiiy holat. Hamma JChga chiqishni istaydi. Biz ham maqsadimiz yo‘lida harakat qilamiz

- Eron yoki boshqa kuchli raqiblarni taslim etish uchun biz ham mukofot puli taklif qilishimiz kerak emasmi?

- Unday, deb o‘ylamayman. Sababi, hammasi o‘z qo‘limizda va juda yaxshi holatdamiz. Bu taklifingizni rahbariyatga borib aytsangiz, yaxshi bo‘ladi. Biz futbolchi sifatida o‘zimizning qo‘limizdagi imkoniyatdan foydalanishga harakat qilamiz. 

- Terma jamoada bosh murabbiy o‘zgargani o‘yinga ta’sir o‘tkazmaydimi? 

- Ta’sir o‘tkazmaydi, deb o‘ylayman. Temur aka termada yangi emas. Avval ham bu erda ishlagan. Bundan tashqari, Temur aka eski murabbiylar shtabini saqlab qolgan va muhit o‘sha-o‘sha.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!