O‘zbek boks maktabida kamol topib, Qozog‘iston safida jahon chempioni bo‘lgan charmqo‘lqop ustasi bilan tanishing

  • 25 aprel, 2020, 09:47
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

 Xabaringiz bor, O‘zbekistonda tavallud topgan hamda o‘zbek boks maktabida kamol topgan bir nechta charmqo‘lqop ustalarining keyinchalik Qozog‘istonga ko‘chib ketib, u erda ajoyib natijalar qayd etganligi haqida so‘z yuritish barobarida ular haqida ma’lumot berishni boshlagan edik. Dastlabkisi 2008 yilgi Olimpiada chempioni Baxit Sarsekboev bo‘lgan edi. Bu safar esa, Qozog‘iston terma jamooasi safida jahon chempioni bo‘la olgan Erdos Janabergenov bo‘ladi.

jana

Erdos Usenovich Janabergenov

 Ushbu charmqo‘lqop ustasi 1984 yil 17 yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xo‘jayli shahrida tavallud topadi. 1998-2001 yillar Chirchiq Olimpiya zahiralari bilim yurti boks bo‘limida tahsil olgan. Erdos o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritadi. Angrenda bo‘lib o‘tgan 1983-1984 yillarda tavallud topgan o‘smirlar o‘rtasida o‘quvchilar Spartakiadasi chempioni ham bo‘la olgandi. Mazkur natijalari orqali u "Sport ustasi" darajasiga erishadi.

 2001 yil oila a’zolari bilan Qozog‘iston Respublikasining Aqto‘be viloyatiga ko‘chib ketadi va u erda yanada ajoyib natijalarni qayd etadi. Jumladan, 2004 yil Qozog‘iston chempioni, 2005 yil Rossiyaning Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon Kubogida 3-o‘rin va “Eng yaxshi bokschi” nominatsiyasini qo‘lga kiritadi. Shuningdek, 2005 yil Vetnamning Xoshimin shahrida tashkil etilgan Osiyo chempionati g‘olibi, 2005 yil Xitoyning Manyang shahri mezbonligidagi jahon chempionati oltin medal sohibi, 2006 yilgi Almatida bo‘lgan talabalar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi, 2011 yil Amerika Qo‘shma Shtatlarida tashkil qilingan harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatida 2-o‘rinni qo‘lga kiritadi. Unga mazkur natijalari tufayli "Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan sportchi" unvoni beriladi.

 Janabergenov asosan 81 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan. Xullas Erdos ham o‘z vaqtida juda mahoratli bokschi bo‘lgandi. Qolaversa, uning kuchli zarbasi va jang olib borish uslubi professional boksga xos bo‘lib, u mazkur yo‘nalishda ham jiddiy natijalar qay eta olishi mumkin edi. Afsuski, uning faoliyati jiddiy jarohat orqali biroz erta yakuniga etadi. Hozirda u Qozog‘istonning Aqtau shahrida istiqomat qilmoqda.
Darvoqea, Erdos 2005 yil Jahon Kubogida birinchi og‘ir vazn toifasida IBF hamda WBA Regular kamari sohibi kubalik Yuner Dortikos (24-1-0,22 KO) ni nokautga uchratgandi. 

Quyida ushbu voqeylik aks etgan videolavhani tomosha qilishingiz mumkin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!