O‘zbek millatiga mansub futbolchi Shomurodov ortidan Italiyaga o‘tishga yaqin!
Italiya klublari MDH mamlakatlari futbolida o‘zini ko‘rsatgan charm to‘p ustalari transferiga alohida e’tibor bilan qaray boshladi. Ana shunday o‘yinchilardan Eldor Shomurodov, “Jenoa”da, Aleksandr Kokorin “Fiorentina”da, Genrix Mxitaryan “Roma”da, Aleksey Miranchuk, Ruslan Malinovskiy, Viktor Kovalenko “Atalanta”da to‘p tepmoqda.
Endi ular qatoriga o‘z vaqtida “Rostov”da Eldor Shomurodov bilan birga o‘ynagan va keyinchalik TsSKAga o‘tib ketgan Baxtiyor Zaynutdinov qo‘shilishi mumkin. Bu futbolchiga ayni paytda “Atalanta”dan jiddiy qiziqishlar bo‘layotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Italiya klubi chap qanot himoyachisi qidirmoqda. Buni futbolchining agenti Evgeniy Novikov ham tasdiqladi.
- Baxtiyor “Atalanta” qiziqayotgan futbolchilarning qisqartirilgan ro‘yxatiga kirgani haqidagi xabarlar rost. Agar tomonlar kelishuvga erishsa, transfer amalga oshadi. Muhimi, italiyaliklar TsSKAga rasmiy taklif yuborishi kerak, - dedi Novikov.
Qozog‘iston milliy terma jamoasi sharafini himoya qilayotgan iste’dodli futbolchi etnik o‘zbeklardan. Buni jurnalistlarga uning otasi Botirjon Zaynutdinov ma’lum qilgan.
- Biz etnik o‘zbeklarmiz. Lekin Qozog‘istonning Taraz shahrida tug‘ilganmiz. Bobomning otasi bu erlarga Namangandan ko‘chib kelgan. Hayotimiz futbolga bog‘langan. Men o‘zim salomatligim tufayli to‘p tepmaganman. Shunday bo‘lsa-da, ashaddiy muxlislardanman. O‘g‘illarimning hammasi futbolchi. To‘ng‘ich farzandim Bobir 25 yosh va darvozabon bo‘lgan. Jarohat tufayli futbolchilik faoliyatini erta tugatdi. Shifokorlar shuni talab qilishdi. Hozir “Taraz” akademiyasida murabbiy. Kenja o‘g‘lim Bahrom “Taraz” o‘rinbosarlari safida o‘ynaydi. O‘rtanchasi Baxtiyorni yaxshi taniysizlar, - degan edi Botirjon Zaynutdinov.

Sports.kz internet-portali bu masalaga oydinlik kiritish uchun Ultimate Sport futbol agentligining Italiya departamenti rahbari, ukrainalik taniqli futbol agenti Aleks Velikixga murojaat qildi.
- Matbuotda “Atalanta” Zaynutdinovga qiziqayotgani haqidagi xabarlar tarqatilayotgani rost. Bunga asosan rus tilidagi ommaviy axborot vositalari mualliflik qilmoqda. Zamonaviy sportda o‘yinchi olishning o‘zi qoidalari bor va bu bozor talablari bilan hamohang.
“Atalanta” Baxtiyorni Robin Gozens o‘rniga olishi mumkinligi aytilmoqda. Gozens qanot bo‘ylab, himoyadan hujumga katta tezlikda qo‘shila oladigan, mehnatkash, chidamli va gol ura oladigan futbolchi sifatida Evropa futbolida o‘z o‘rniga ega. Unga “Yuventus”dan tashqari Italiya va Angliya jamoalari qiziqmoqda.
Baxtiyor Zaynutdinov ham Gozensning pozitsiyasida ishonchli harakat qila oladi va o‘yin xarakteristikasi ham o‘xshash. “Atalanta” Italiyada katta klub hisoblanmaydi. Ular selektsiya, futbolchilar zaxirasini yaratish va murabbiyning taktik mahorati tufayli nom qozonmoqda. Shu bois, so‘nggi yillarda bu klub o‘z yulduzlarini etishtirib, ularni qimmat narxlarga sotishni uddalamoqda.
Hozir, kuchli beshlik chempionatlaridan o‘ynamagan va ko‘pchilik tanimaydigan futbolchilarni transfer qilish tendentsiyasi kuzatilmoqda. Bunda asosiy e’tibor, murabbiylar tomonidan o‘sha o‘yinchilarning yangi qirralarini ochishga qaratiladi.
Aslida Italiya Sharqiy Evropa, Lotin Amerikasi, Benilyuks davlatlari futbolchilariga e’tibor qaratar edi. Keyigi paytda MDH futbolchilariga qiziqish oshmoqda. Bunda sobiq Ittifoq mamlakatlarida tarbiyalangan o‘yinchilarning mehnatkashligi, xarakteri va turli mojarolardan uzoqligi muhim ahamiyat kasb etmoqda, - dedi Aleks Velikix.

22 yoshli Baxtiyor Zaynutdinov Rossiyadagi faoliyati davomida “Rostov”da 31 ta uchrashuv o‘tkazib, to‘rtta gol urgan. Joriy mavsumda TsSKAda barcha turnirlarda 29 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga bitta to‘p kiritdi. Uning transferi 3,5 million evroga baholanmoqda.
Fikrlar