O‘zbekiston chempioni bo‘lgan reper qiz yoxud "Top Rank" qiziqishiga sabab bo‘lgan vakilamiz haqida eshitganmisiz?

  • 16 noyabr, 2020, 15:06
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Yurtimizda ayollar boksi ham asta-sekin rivojlanib bormoqda. Bunga ichki chempionatlarda qizlarimiz tomonidan taqdim etilayotgan murosasiz janglar va jiddiy raqobat misol bo‘la oladi. Kuni kecha yakunlangan joriy yilgi mamlakat chempionatida ham qizlar o‘rtasidagi janglar yaxshi taassurot qoldirdi. Jumladan, 54 kg vazn toifasida Andijon viloyati sharafini himoya qilgan Aziza Yoqubova barcha raqibalarini  mag‘lub etib, O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi.

Tecno

Biz o‘ziga xos imidjga ega bo‘lgan, iste’dodli bokschi qizimizni suhbatga tortdik.

- Chempionlik muborak!

- Tashakkur!

- Faoliyatingizdagi nechanchi chempionlik?

- Oltinchi.

- Qaysi vaznlarda ushbu unvonlarni qo‘lga kiritgansiz?

- 51, 54 va 57 kg.

- Avval, Jizzax viloyati sharafini himoya qilardingiz. Bu safar esa Andijon...?

- Buning o‘ziga yarasha tarixi bor. Men 1994 yil 3 avgustda Jizzax shahrida tavallud topganman. 10 yoshimdan buyon boks bilan shug‘ullanib kelaman. Tog‘alarim sportchi bo‘lganligi sababli, boksga qiziqishim kuchli va ushbu sport turini tanlaganman. Rio Olimpiadasida bokschilarimizning ko‘rsatgan natijalaridan ilhomlanib, yanada o‘sish uchun ustozim Ziyoyiddin Tayg‘onboevning qo‘l ostida shug‘ullanish maqsadida Andijonga kelganman. Ma’lumki, bu viloyat boks maktabi butun jahonga mashhur.

Aziko

- Demak, hozir Andijonda istiqomat qilasiz?

- Ha.

- Qachon kelgansiz?

- 2019 yilda.

- Unga qadar kimning qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib borgansiz?

- Jizzaxda G‘ayrat va Dilshod Karimovlar qo‘l ostida shug‘ullanganman.

- Andijonga kelishingizni ular qanday qabul qilgan?

- Ijobiy. Chunki ular o‘zimning tog‘alarim bo‘ladi. Ularning duolari bilan Ziyoyiddin akani oldiga kelgandim.

- 2019 yil kelganligingizni inobatga olsak, Ziyoyiddin Tayg‘onboev qo‘l ostida ilk chempionlikka erishibsizda?

- Yo‘q, ikkinchi bor.

- Andijonga kelib, ilk uchragan murabbiyingiz Ziyoyiddin aka bo‘lganmi? Chempionat mobaynida sizga O‘tkir Haydarov ham ko‘rsatmalar berib turdi?

- Albatta, ustoz Ziyoyiddin Tayg‘onboevga uchraganman. Juda xursand bo‘lgan. Hozirda, 50-maktabda Ziyoyiddin aka va O‘tkir aka qo‘l ostida shug‘ullanaman.

Aziko1

- Kelishingiz avvaldan gaplashilgan edimi yoki dabdurustdan shunday qarorga kelganmisiz?

- Jizzaxdagi murabbiylarim gaplashgan edi. O‘zim ham istagimni aytgandim.

- Andijonda hozir faqat boks bilan shug‘ullanasizmi yoki o‘qish va ish, degandek?

- Faqat boksga e’tiborimni qaratganman. O‘qish borasida esa, Jizzax davlat pedagogika institutini 2019 yil tamomlaganimni aytishim mumkin.

- Mutaxassisligingiz borasida ham ishlasa bo‘ladi, nazarimda?

- Yo‘q. Men o‘z oldimga ulkan maqsadlar qo‘yganman. Ya’ni, jahon va Olimpiada chempioni bo‘lish niyatidaman. Shuning uchun bor e’tiborim mashg‘ulotlarga qaratilgan. Lekin xobbi borasida aytadiganlarim bor... J

- Tabiiyki, biz va muxlislar uchun bu qiziq...?

-Qo‘shiq kuylashni yoqtiraman va bunga alohida vaqt ajrataman.

- Qaysi yo‘nalishda kuylashni maqul ko‘rasiz?

- Vokal va rep yo‘nalishlarida.

- Reperlardan kimlarni eshitasiz?

- Asosan, rus shou-biznesidagi Timati, Egor Krid va Terrini...

- Ehtimol, o‘zingizni muallifligingizdagi qo‘shiqlar bordir?

- Albatta.

- Oynai jahon yoki radiolarda aylantirganmisiz?

- Yo‘q.

- Demak, qachondir bu sohani kasbga aylantirishingiz mumkin ekanda?

- Bunday o‘ylamayman. Bu xobbiligicha qoladi. Chunki meni boksda o‘ziga xos rejalarim bor.

Aziza

- Yuqorida Olimpiada chempionligi haqida gapirdingiz. Olimpiadadan sizning vazningiz emas, 51 va 57 kg o‘rin olgan. Bunga qanday echim topmoqchisiz?

- Buning xavotirli joyi yo‘q. Oldinda jahon chempionati, Osiyo chempionati va o‘yinlari turibdi. Shunda munosib ishtirok etaylik,keyin o‘ylab ko‘ramiz.

- Niyatlaringizdan kelib chiqib, professional boksda ham faoliyat yuritishingizga ishongim kelyapti?

- Albatta. Havaskorda o‘zim ko‘zlagan natijalarni qayd etib, professionalda ham jang qilaman. Hozirdan bu borada takliflar bor.

- Sir bo‘lmasa, qaysi promouterlik kompaniyasidan yoki promouterdan takliflar bo‘ldi?

- Jahonning eng mashhur promouterlik kompaniyasi “Top Rank”dan taklif bo‘ldi. Ayniqsa, ushbu O‘zbekiston chempionatidan so‘ng, AQSh va Rossiya promouterlik kompaniyalaridan qiziqishlar yuzaga keldi.

- “Top Rank” tomonidan qiziqish bo‘lsa, bundan unumli foydalanish lozim. Har kimga ham taklif bo‘lavermaydi.

- To‘g‘ri, lekin yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, mening havaskor boksda qiladigan ishlarim bor. Professionalga ham vaqt keladi.

- Vaqti kelib, professional boksga o‘tsangiz, ringga o‘z ashulangiz ostida chiqib kelsangiz kerak. Bu voqelikka oid ijod qilasizmi?

- Shubhasiz, bunday niyatim bor.

- Soch turmagingiz Konstantin Tszyuni esga soldi?

- Kostya Tszyu eng yaxshi ko‘rgan bokschilarimdan biri... Shuning uchun imijim bunday ko‘rinish olgan. Shuningdek, Vasiliy Lomachenko ham kumirim hisoblanadi.

- Lomachenkoning muxlisasi sifatida Teofimo Lopesdan uchralgan mag‘lubiyat borasidagi fikrlaringiz qanday?

- Boksda g‘alaba va mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. “Loma” jahondagi texnikasi eng yuqori bokschi bo‘lsa-da, Lopes jismoniy holatining mukammalligi evaziga yaxshi jang qildi.

- Musobaqaga tayyorgarlik jarayonida sparring raqiblar ham kerak bo‘ladi. Andijonda siz bilan sparringga tura oladigan qizlar bormi yoki o‘g‘il bolalar bilan ishlaysizmi?

- Qizlar kamligi uchun ko‘proq o‘g‘il bolalar bilan sparring o‘tkazaman.

- Hasanboy Do‘smatovning murabbiyi qo‘l ostida shug‘ullanishingiz va birgalikda mashg‘ulotlar olib borishingizni inobatga olsak, u ham sizga yordam bersa kerak?

- Albatta. Hasanboy aka yaqindan yordam beradi, ko‘p narsalarni o‘rgatadi.

Aziko2

- Bokschi qizlar orasida eng yaqin dugonangiz kim?

- Juda ko‘p. Lilianna Ismoilova, Hadichabonu Abdullaeva, Dilfuza Bekova, Setora Turdibekova, Mahliyo Habibullaevani aytib o‘tishim mumkin.

- Oila qurganmisiz?

- Bu haqida o‘ylaganim ham yo‘q. Birinchi navbatda, o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarga erishish niyatidaman.

- Shu kunga qadar erishgan muvaffaqiyatlaringizga sababchi bo‘lgan insonlarga saytimiz orqali minnatdorlik bildirish imkoniga egasiz?

- Avvalo, ota-onam, oila a’zolarimga, shuningdek yuqorida aytib o‘tgan ustozlarimga, jumladan, Ziyoyiddin Tayg‘onboev, O‘tkir Haydarovga chin dildan minnatdorlik bildiraman. Ularning qo‘llab-quvvatlashi va yordamlari tufayli, kamtarona bo‘lsa-da, ushbu natijalarga erishdim.

- Suhbat uchun rahmat va o‘z o‘rnida oldingizga qo‘ygan barcha maqsadlaringiz amalga oshishiga tilakdoshmiz!

- Rahmat. E’tibordan xursand bo‘ldim.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!