
O‘zbekiston delegatsiyasi nufuzli turnirda optimal tarkib bilan ishtirok etadi!
Joriy yil Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tishi kerak bo‘lgan XIX Osiyo o‘yinlari Parij-2024 Olimpiadasidan oldin e’tiborda bo‘lgan eng muhim turnir edi. Biroq musobaqa Xitoyda avj olgan koronavirus pandemiyasining yana bir to‘lqini sabab noma’lum muddatga kechiktirildi. Shu bois Turkiyaning Konya shahrida o‘tadigan V Islom birdamligi o‘yinlari muhimlik jihatdan birinchi planga chiqdi.
Bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasida ushbu kompleks musobaqa tayyorgarligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, federatsiya va assotsiatsiyalar mas’ullari ishtirok etishdi. Dastlab Shahrullo Mahmudov musobaqa tayyorgarligiga katta e’tibor qaratilayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Avval Konyadagi musobaqa uchun zaxira tarkibini yuborishni mo‘ljallayotgan edik. Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari bekor bo‘lgach, endi barcha yo‘nalishlarda asosiy tarkibni jalb qilamiz. Unda Eron, Qozog‘iston, Indoneziya kabi Osiyo davlatlari qatorida Ozarbayjon, Misr, Turkiya kabi boshqa qit’a vakillari ham bo‘lishi, ishtirokchi mamlakatlar geografiyasining kengayishi ba’zi sport turlari uchun bellashuvlar Osiyo o‘yinlaridan ham murakkab o‘tishini anglatadi. Eng muhimi bu Islom birdamligi o‘yinlari Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari oldidan atletlarimizning tayyorgarligini sinovdan o‘tkazib beradi. Undagi ishtirokimiz bilan xalqimiz, Prezidentimiz va hukumatimiz oldida o‘ziga xos imtihondan o‘tamiz. Shu bois bor kuchimizni Konyadagi musobaqaga yo‘naltiramiz. Buning uchun bugunning o‘zida barchadan yana bir bor ro‘yxatdan o‘tkazilgan tarkibni qayta ko‘rib chiqishingizni so‘rab qolamiz”, – dedi Shahrullo Mahmudov.
Sherzod Tashmatov terma jamoalardan musobaqagacha optimal tarkib bilan yuqori sport formasida etib borishni so‘radi:
“Barcha sport turlarida xalqaro federatsiya taqvimidan o‘rin olgan muhim musobaqalar bor. Islom birdamligi o‘yinlariga yuqori formada etib borish uchun yakkakurash turlarida iyul oyida o‘tadigan turnirlarga asosiy tarkibni jalb qilmaslik maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Boisi unda atletlarimiz kichik bo‘lsa ham jarohat olgudek bo‘lsalar, avgust oyida bo‘ladigan Islom birdamligi o‘yinlariga to‘liq tiklana olmasliklari mumkin. Rejaga ko‘ra, barcha terma jamoalarimiz iyul oyini to‘laligicha o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida o‘tkazishadi. 2017 yil Ozarbayjonda 63 ta medal bilan umumjamoa hisobida to‘rtinchi bo‘lgan edik. Bu yil Turkiyada o‘tadigan ushbu kompleks musobaqada 57 ta davlatdan tashrif buyuradigan atletlar ishtirok etishi kutilmoqda. Biz ham unga katta tarkibni jalb etib, shunga mos ravishda yuqori natija bilan qaytishni maqsad qilganmiz”.
Yig‘ilish davomida har bir federatsiya mas’ullari bilan musobaqaga ro‘yxatdan o‘tkazilgan tarkib muhokama qilindi. Sherzod Tashmatov suzish, engil atletika kabi medallar jamlanmasi ko‘p bo‘lgan turlar delegatsiyamizning umumjamoa hisobida etakchilar qatoriga kirishida o‘ziga xos lokomotiv bo‘lishlari zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilar barcha terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishga sharoit yaratib berilishi, buning uchun mas’ullardan yig‘in manzili va unda qatnashadigan shaxslar soni bo‘yicha aniq ma’lumotlarni tez fursatda taqdim etishlarini so‘rashdi.
Tadbirning ikkinchi yarmi 23 may kuni Prezidentimiz raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar, berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashga bag‘ishlandi. Unda Sherzod Tashmatov Andijon viloyati misolida taekvondo va dzyudo bo‘yicha tuzilgan ommaviy musobaqalar rejasi bilan tanishtirdi. Shundan kelib chiqqan holda har bir federatsiyalarga tuman va shaharlar kesimida ana shunday ommaviy turnirlar rejasini shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
MOQ matbuot xizmati
Fikrlar