
O‘zbekiston Kubogi oldidan: "Navbahor" "So‘g‘diyona" uchun noqulay raqib
O‘zbekiston kubogi chorak finalidan o‘rin olgan bahsda "Navbahor" Jizzaxda “So‘g‘diyona” mehmoni bo‘ladi.
“Navbahor” O‘zbekiston Kubogini 3 marta – 1992, 1995 va 1998-yillarda qo‘lga kiritgan hamda 1993, 2022 va 2024-yillarda final ishtirokchisiga aylanib, hal qiluvchi oʻyinlarda “Paxtakor” (0:3), “Nasaf” (1:2) hamda “Andijon” (2:3) jamoalariga imkoniyatni boy bergan. “So‘g‘diyona” esa hali kubok sohibiga aylanmagan.
"Navbahor" matbuot xizmati o‘yin oldidan prevyuni taqdim qildi. Mazkur jamoalar O‘zbekiston Kubogi doirasidagi o‘yinlarida o‘zaro 4 marta kuch sinashgan.
2005-yilgi O‘zbekiston Kubogining 1/8 finali doirasida kechgan ikkita o‘yin yakuniga ko‘ra, namanganliklar 1/4 finalga yo‘l olishgandi.
2022-yili esa ushbu klublar yarim finalda ro‘baro kelgandi. Namangandagi “Markaziy” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsning asosiy va 30 daqiqalik “over-taymlar”ida hisob ochilmadi. Natijada qoidaga ko‘ra, penaltilar seriyasiga murojaat qilindi hamda unda “lochinlar” 3:1 hisobida zafar quchib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgandi.
2024-yili esa Jizzaxda chorak final doirasidan o‘rin olgan bellashuv “ekstra-taymlar”gacha davom etdi va unda namanganliklar 3:2 hisobida zafar quchishdi.
2005-yil, 26-may. 1/8 final (birinchi o‘yin)
“So‘g‘diyona” – “Navbahor” – 2:1 (1:0)
Gollar: Rasul Hayitov (42, 90+3-pen.) - Arif Mirzoev (73).
2005-yil, 4-iyun. 1/8 final (javob o‘yini)
“Navbahor” – “So‘g‘diyona” – 3:1 (2:1)
Gollar: Islom Inomov (12), Tohir Madrahimov (41), Arif Mirzoev (56) - Zokir Berdiqulov (34).
2022-yil, 14-oktyabr. Yarim final
“Navbahor” – “So‘g‘diyona” – 0:0 (pen.seriyasi: 3:1)
2024-yil. 7-avgust. Chorak final.
“So‘g‘diyona” – “Navbahor”- 2:3 (0:0, 1:1, 0:1,1:2)
Gollar: Zoran Petrovich (55), Lyupcho Doriev (109) - Giorgi Nikabadze (69), Yovan Jokich (104), Filip Ivanovich (113).
Oradan 1 yil o‘tgach, mazkur jamoalar yana O‘zbekiston Kubogining chorak finalida o‘zaro ro‘baro kelishmoqda.
Fakt: Mazkur jamoalarning O‘zbekiston Kubogi doirasidagi o‘zaro qarama-qarshiligida doimo “Navbahor” keyingi bosqichga yo‘l olgan.
Fikrlar