
O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi IMMAF e’tirofiga sazovor bo‘ldi!
Ayni vaqtda Gruziyaning Tbilisi shahrida havaskor MMA (IMMAF) bo‘yicha jahon chempionati davom etmoqda. 63 ta davlatdan tashrif buyurgan sportchilar g‘oliblik uchun bahs yuritishyapti.
Albatta ushbu dunyo birinchiligida o‘zbekistonlik sportchilar ham muvaffaqiyatli ishtirok etayapti. Shubhasiz, mazkur sport turiga rasman ruhsat berilganiga va O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmadi. Biroq, qisqa vaqt mobaynida ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Jumladan, o‘tgan yili Toshkentda o‘tkazilgan jahon chempionatida vakillarimiz ajoyib ishtirok etib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
18-20 yosh va kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida 72 ta mamlakatdan 843 nafar sportchi ishtirok etdi va o‘ynalgan 80 ta medallar jamg‘armasidan 30 tasini o‘zbekistonlik sportchilar qo‘lga kiritgan edi. 5 yil ichida jahonning eng kuchli terma jamoasiga aylanishni tarixiy natija desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, buning zamirida ulkan mehnat yotibdi.
Shuningdek, hukumatimizning sportga berayotgan e’tibori bilan birgalikda assotsiatsiya mutasaddilarining jonbozligi, murabbiylarimizning katta mehnati yotibdi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Albatta, ushbu samarali faoliyat bee’tibor qoldirilmadi va kuni kecha O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi "Yilning eng yaxshi assotsiatsiyasi" nominatsiyasini qo‘lga kiritdi. Shubhasiz, hali qilinadigan ishlar ko‘p. Lekin asta-sekin yangidan-yangi marralar zabt etilishiga ishonamiz!
Fikrlar