
O‘zbekiston terma jamoasi qay tarzda mag‘lubiyatga uchradi? Raqibga nimalarda yutqazdik?
"Bunyodkor" stadionida 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi final bahsi o‘tkazildi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Saudiya Arabistoni bilan kuch sinashdi. Bellashuv qanday kechgani borasidagi barcha jarayon bilan tanishing.
Biz finagacha barcha raqiblarni o‘z jarima maydonida ushlab turgandik. Bugun bizga Saudiya shu usulni qo‘lladi, dastlabki daqiqalarda. Muxlislar eng katta kuchimizga aylandi. Ammo bu futbolchilarimizga bosim yuklagani ham bor gap.
O‘yin ahamiyati yuqoriligidan Saudiya Arabistoni olimpiya terma jamoasiga milliy jamoadan 23 yoshgacha 2 nafar futbolchi jalb qilindi. Bu ularning maqsadi qay darajada ekanligini ko‘rsatdi.
Raqib ancha baquvvat ekanligi bois yakkakurashlarda ustunlik qildi. Bu bellashuvda ham asablar sinaldi.
To‘pni oldingi chiziq vakillariga etkazib berishda muammolar ko‘zga tashlandi. Avvalgi bog‘liqlikni raqibning tayanch yarim himoyachilari uzib qo‘ydi.
Avvalgi uchrashuvlarda chap fanotimiz faol edi. Bu safar negadir o‘ng qanotga tayandik yoki chap tomonni saudiyaliklar yopip qo‘ydi. Saidazamat Mirsaidov paslarda ko‘p xatoga yo‘l qo‘ydi.
Ilk xavfli vaziyatimiz 32-daqiqada yuzaga keldi. Hojimat Erkinov sherigi tashlab bergan to‘pni darvozaga yo‘llash uchun kuchli tepdi. Natijada to‘p ancha olisdan o‘tib ketdi.
Raqib ham bunga tezkorlik bilan javob qaytardi. Qarshi hujumda jarima maydoni tashqarisidan Saud Abdulhamid darvozabonimizga ancha qiyinchilik tug‘dirdi.
Taym oxirida darvozamiz tomon penalti belgilandi. Futbolchimiz raqibni yiqitgandi. Biroq ungacha bo‘lgan vaziyatda o‘yindan tashqari holat qayd etilgani bois VARni ko‘rgan bosh hakam qarorini o‘zgartirib, penaltini bekor qildi.
49-daqiqada saudiyaliklar niyatiga erishdi. Ahmed Mazen Algamdi jarima maydoni chizig‘idan darvozaning yuqori burchagini aniq nishonga olib, hisobni ochdi.
60-daqiqaga qadar Husain Norchaev biror marta to‘g‘ri pozitsiya tanlay olmadi, to‘p uchun kurashlarda deyarli yutib chiqmadi. Jasur Jaloliddinovning zaryadi tugab qolgan shekilli avvalgi bosqichlarda. Oyog‘ini ko‘tarishi qiyin bo‘lyapti. Hojimat Erkinov esa qanotlarni almashtirsa ham foyda bermadi.
Shu fikrimni yozib bo‘lishim bilan Jaloliddinov o‘zini eslatib qo‘ydi. Yaponiyaga urgandek, uzoq masofadan darvozani o‘qqa tutdi. Biroz aniqlik etmadi.
71-daqiqada terma jamoamiz a’zosi gol urgandi. Ammo o‘yindan tashqari holat qayd etildi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay 74-daqiqada markazda to‘pni to‘xtatishdagi texnik xato qimmatga tushdi. Natijada yuzaga kelgan hujumdan Feras Albrixon jarima maydoni ichidan chap oyoqda mohirlik bilan pastgi burchakni ishg‘ol qildi – 0:2.
89-daqiqada burchakdan to‘pni oshirilgan vaziyatda futbolchimiz darvozaga to‘g‘rilab qo‘ygandek edi. Biroq posbon to‘pni ushlab oldi.
Og‘ir maydonda shundoq ham charchab qolgan futbolchilarimiz o‘zlarini ko‘rsata olmadi. Etakchilar mas’uliyatni ola olmadi.
Shu tariqa, Saudiya Arabistoni olimpiya terma jamoasi 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi sohibiga aylandi. Saudiyaliklar musobaqani gol o‘tkazmasdan yakunladi.
Bekzod ISAEV
Fikrlar