O‘zbekistonlik boks murabbiyi qanday rekord qayd etgan?

  • 20 yanvar, 2020, 10:02
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Hamyurtlarimiz orasida ajoyib mahoratga ega insonlar ko‘plab uchraydi. Lekin ularning ko‘pchiligining bunday iste’dodlarini barcha ham bilavermaydi. Vaholanki, ularning bajarayotgan tryuklari aqlbovar qilmas darajada bo‘lsa ham...

Tecno

Bugun, biz 50 yoshda bo‘lgan qo‘qonlik boks murabbiyi Burxon aka Mansurov haqida so‘z yuritmoqchimiz. Bu murabbiy ushbu yoshda turnikda 250 marotaba aylanadi. Tasavvur qilyapsizmi, og‘izning bir chetidan chiqib ketadi. Lekin bu uchun ulkan jismoniy tayyorgarlik kerak. Boz ustiga o‘ziga xos rekord!

Biz ushbu rekord sohibi bilan bog‘lanib, suhbat qurdik.

bbb

- Burhon aka asosiy mavzuga o‘tishdan avval, boks murabbiyligidagi faoliyatingiz borasida biroz ma’lumot bersangiz?

- 1991 yildan Qo‘qonda birinchi bolalar va o‘smirlar sport maktabida murabbiylik qilib kelaman. 2000 yilda Rufat Risqiev nomidagi o‘z klubimni ham ochishga erishdim. Aynan boksimizning tirik afsonasi o‘sha vaqt Qo‘qonga tashrif buyurib, o‘zlari mazkur zalimizni ochib bergan. Hozirda G‘ayratjon aka Abdusattorov bilan birgalikda 100 dan ortiq bolalarga boks sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqdamiz.

- Qo‘qon boksi O‘zbekistonda o‘z o‘rniga ega. Balki, sizning shogirdlaringiz orasida ham yaxshi natijalar qayd etgani bordir?

- Albatta, 2007 yil O‘ktamjon Rahmonov yoshlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan. 2010 yil Guanjouda bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan. 2012 yilgi London Olimpiadasi ishtirokchisi. Qolaversa, endilikda yosh iste’dodlarni tarbiya qilishda davom etmoqdamiz. Nasib qilsa, tez orada yana chempionlar etishtirib beramiz degan umiddamiz.

- Keling endi suhbatimizning asosiy mavzusi turnikdagi ajoyib tryuklaringiz borasida so‘z yuritsak, bu mukammallikka qanday erisha olgansiz?

- Boksdan keyin, gimnastika zaliga kirib, ushbu sport turidagi murabbiy Rahimjon Jo‘raboev yordamida bu yo‘nalishda mashg‘ulotlar o‘tkazar edim. Shunday qilib, turnikda aylanishni hadisini olganman. Hozirga qadar mazkur murabbiy bilan maslahatlashib, xatolarim ustida ishlayman.

b

50 yoshda 250 marotaba aylanish... Buni mo‘jiza deb ham atasak bo‘ladi?

- Yo‘q mo‘jiza emas. Insonning imkoniyatlari keng. Men asosan haftaning seshanba, payshanba va shanba kunlari mashg‘ulotlar o‘tkazaman. O‘z ustimda tinmay ishlaganim sababli ushbu marrani zabt eta oldim.

- Mazkur yoshda bunday natija qayd etgan bo‘lsangiz, yoshlik davringizda qanday ko‘rinish olgan?

- Buni qayd etish tez fursat ichida ro‘y bermaydi. Yillar davomida erishiladi. Men dastlab, 120, 130, 150, 163 ,170, 205, 215 va 250 taga chiqarganman. Dastlab, 25-27 yoshimda 102 ta qila olgandim. Bir haftaga qadar boshlarim og‘rib, dorilar ta’sir qilmay yurdi. Shuning  uchun, bunday mashqlarni hamma ham qila olmaydi. O‘z vaqtida Sobiq Ittifoq terma jamoasi a’zosi bo‘lgan, bu borada yaxshi natijalar qayd etgan sport gimnastikachisi, hozirda murabbiy Roman Saidovich o‘sha vaqtdagi terma jamoada bunday natijalar qayd etganini ko‘rmaganman va eshitmaganman  deydi. Murabbiy Keldiyor Hasanov O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Osiyo va jahon arenalaridagi musobaqalarda ishtirok etgan. U ham bunaqasini ko‘rmaganman deydi. Bu borada xabari borlar jahon rekordi deb e’tirof etishadi. Lekin o‘zim aniq ma’lumotga ega emasman. Qolaversa, biror bir joyda bu o‘z tasdig‘ini topmagan. Xullas, yomon natija emas ekan degan xulosaga kelaman.  Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, Rekord.uz ko‘rsatuvini ko‘rib yanada ilhomlanib qattiq mexnat qila boshlagandim. Afsus bu ko‘rsatuv ham yo‘q bo‘ldi.

- Tibbiyot xodimlari bilan maslahatlashib turasizmi?

- Albatta.

- Bunday turdagi musobaqalar yoki biror bir shouda ishtirok etganmisiz?

- Yo‘q ishtirok etmaganman. O‘zim uchun qilar edim. Lekin Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin olsa, 100 ming AQSh dollari taqdim etishini eshitib, 300 taga chiqarish uchun harakat qilayapman. Albatta, buning o‘ziga yarasha sababi ham bor.

rrr

- Qanday sabab?

- Agar, ushbu rekordni qayd etib, mazkur summani qo‘lga kirita olsam. Rufat Risqiev nomidagi boks klubimni yanada takomillashtirib, kelajakda Jahon, Olimpiada chempionlarini etishtirib berish istagidaman. Hozirda, zalimizda kamchiliklar juda ko‘p.

- Umuman Ginnesda bu turdagi rekord qanday?

- To‘g‘risi, xabarim yo‘q.

- Bu boradagi natijalaringizdan sportimiz mutasaddilari yoki shunday shoular uyushtiruvchi shaxslarning xabari bormi?

- Menimcha yo‘q. Kimga qizig‘i bor?

- Demak, maqsad 300 lik marrani zabt etish?

- Ha. Ramazon oyida ushbu natijani qayd etish istagidaman.

- Nega aynan muqaddas Ramazon oyida?

- Buning o‘ziga yarasha sabalari ko‘p. Aynan, 250 tani ham ushbu ro‘zai ramazon kunlari qila olganman. Qolgan vaqtlar qorinda juda kuchli zo‘riqishlar bo‘ladi. Boshlaringiz juda qattiq og‘riydi. Lekin aynan mazkur oyda bunday holatlar kuzatilmagan. Buni mo‘jiza desak bo‘ladi.

- Demak, bu mashg‘ulot hayotingizning bir bo‘lagiga aylanib ulguribdida?

-Shubhasiz, busiz tura olmayman. Huddi, bir nimasini yo‘qotib qo‘ygan odamga o‘xshayman. Asosan, kun ora jiddiy mashg‘ulotlar qilsamda, har kuni turnikka borib, bir oz mashq qilmasam bo‘lmaydi. Aytib o‘tganingizdek hayotimning mazmuniga aylangan.

- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. O‘ylaymizki, o‘sha Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin olishingizga tilkakdoshmiz?

- Raxmat!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!