"O‘zimni ko‘rsatishimga ishonaman" - "Andijon"da faoliyat olib borgan murabbiy boshqa chempionatda ish boshladi

  • 10 fevral, 2023, 02:16
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Muxlislar uchun yaxshi tanish bo‘lgan sobiq futbolchilardan biri Anvar Abduqodirov o‘tgan mavsumni “Andijon” jamoasining murabbiylar shtabida o‘tkazdi.

Tecno

Uning akasi Qahramon Abduqodirov ham o‘z paytida ko‘zga ko‘ringan, taniqli o‘yinchilardan bo‘lgandi. Ayni paytda aka-ukalar o‘zlarini murabbiylik sohasiga bag‘ishlaganlar.

Andijon futboli tarbiyalanuvchisi kichik Abduqodirov bir qator jamoalarda va xususan “Neftchi”dagi faoliyati orqali ishqibozlar eslab qolishgan bo‘lsa ajab emas.

Endilikda Anvar Abduqodirovning faoliyatida yangi sahifa ochilyapti. Boisi, u Qirg‘iziston chempionatidan tushgan taklifni qabul qildi. Mamlakat oliy ligasining yangi ishtirokchisi “O‘shMuAldier” klubida ish boshladi. Aslida bosh murabbiy mahalliy Oybek Sulaymonov. Ammo hozir jamoadagi asosiy ishni Anvar Abduqodirov bajaryapti.  

- O‘zim uchun murabbiylik faoliyatimni boshlashim kerak edi, - deya gap boshladi, Abduqodirov. - Yaxshi murabbiy bo‘lish niyatim bor. Bu mening maqsadlarimdan biri. Menga Qirg‘izistondan taklif bo‘lib qoldi. Jamoa bu yil birinchi marta oliy ligaga chiqdi. Klubga kelib yurgan o‘zbek futbolchilari bor ekan. Jamoa rahbariyati o‘shalar orqali meni topishibdi. Keyin chaqirishdi, borib gaplashdim. Hammasi yoqdi, shunday qilib klubda ish boshladim. Futbolchilik faoliyatimni tugatganimdan keyin yaxshi murabbiy bo‘lib, o‘zbek futboliga yordamim tegishini niyat qilganman. Yoshlarga ham foydam tegsa bundan faqat xursand bo‘laman. Qaerda bo‘lsam ham murabbiy sifatida o‘zimni ko‘rsatishim kerak.

- Demak, rasman ish boshlabsiz-da?!

- Ha, bu erda ishni boshladim. Qirg‘iz futboli uchun sharoitlari yaxshi. Ishlasa bo‘ladi. Hozirgi kunda yig‘inlarimiz O‘sh shahrida davom etyapti. “Kaganat” jamoasining futbol akademiyasida yig‘in o‘tkazyapmiz. Birinchi davradagi o‘yinlarimizni “Alay” stadionida o‘tkazib turamiz. O‘zimizni stadionda ta’mirlash ishlari olib borilyapti.

- Debyutant klub qanday maqsad uchun kurashadi?

- Jamoaning maqsadi kuchli beshtalikka olib chiqish. Kuniga ikki mahaldan mashg‘ulot o‘tkazyapmiz. Mashg‘ulot jarayonlarini o‘zim olib boryapman. Menga ko‘maklashadigan mahalliy murabbiy bor.

anvar_2

- Bilamizki, Qirg‘izistonning “Dordoy”, “Alay” singari etakchilari bor. Ularga qanday qarshilik ko‘rsatmoqchisizlar?

- Siz aytgan “Dordoy”, “Alay” kabi klublarga bemalol jiddiy qarshilik ko‘rsatadigan jamoa shakllantiryapmiz. Bizni jamoaning o‘z maqsadi bor. Bu vaqtinchalik klub emas.

- Siz ishlayotgan jamoaga o‘zbekistonlik futbolchilar ham chaqirilyaptimi?

- Albatta, O‘zbekistondan ham o‘yinchilarni chaqirganmiz. “Mash’al”dan Maradona Safarovni taklif qilganmiz. Qolaversa, bir qator jamoalarimizda o‘ynagan Abdurahmon Abdulxaqov ham shu erda. U o‘tgan yili “Mash’al”da va “Yangier”da to‘p surgandi. Bemalol shularga o‘xshagan futbolchilarni chaqirishimiz mumkin, buning uchun sharoit bor.

anvar2_1

- Bu klubni tarixi qanday? Kim moliyalashtiradi?

- Bu jamoa 1994 yildan beri bor. Oldin nomi “Aldier” bo‘lgan. O‘sh millatlar Universiteti bor va bu yilgi jamoa ushbu Universitet bilan hamkorlikda tashkil qilingan. Shuning uchun nomi “O‘shMuAldier”. Universitet homiyligida ishtirok etamiz. 

- Qirg‘izistonda murabbiy sifatida o‘z so‘zingizni aytishga tayyormisiz?

- Men ishlashga va o‘zimni ko‘rsatishga tayyorman. O‘tgan yili “Andijon”da Viktor Kumikov qo‘li ostida ishladik. Undan ancha-muncha narsani o‘rgandik. O‘zim ham bir qator yaxshi klublarda va tajribali mutaxassislar boshchiligida to‘p surganman. Ulardan ham o‘zim uchun kerakli narsalarni o‘rganganman. Bemalol ishlab, o‘zimni ko‘rsatishimga ishonaman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!