
"Paxtakor" O‘zbekistonga eng katta ball koeffitsentini keltirgan bo‘lardi, agarda...
Qatarda markazlashgan holda o‘tgan musobaqada "Paxtakor" chorak finalgacha etib bordi.
Oxirgi marta "sherlar" Chempionlar Ligasida guruh bahslaridan 2010 yilda nimchorak finalga yo‘l olishni uddalagandi. 2009 yildan beri esa, chorak finalda o‘ynash nasib qilmagandi. Joriy mavsumda "Paxtakor" ushbu noxush an’analarga barham berishga erishdi. Bungacha jamoa 2003, 2004 va 2009 yillarda musobaqaning chorak finalida o‘ynagandi.
Shu tariqa, 11 yil chorak finalsiz davom etgan noxush natijaga chek qo‘yildi. "Sherlar" 4-bor musobaqa chorak finalida ishtirok etdi. So‘nggi mavsumlarda jamoaning turnirdagi natijasi yuqoriga tomon harakatlanmoqda. 2019 yil guruh bosqichida yaxshi o‘yin ko‘rsatib, barcha jamoalarga etarlicha qarshilik ko‘rsata olishini isbotlagan "Paxtakor" bu yil Osiyo etakchilariga safiga qaytayotganini namoyish qildi.
Shu o‘rinda, "Paxtakor"ning uchrashuvlarda qayd etgan turli ko‘rsatkichlari bo‘yicha ko‘rish mumkinki, "sherlar" "Persepolis" bilan o‘yindan tashqari qolgan bahslarda raqibdan ustunlik qilgan. Chorak finalda 15-daqiqadan boshlab kamchilikda qolgan jamoa darvozaga raqibdan ko‘proq aniq zarba berishni uddalagan. Afsuski, raqibning darvozaga bergan ikki to‘g‘ri zarbasi golga aylangan.
"Al-Hilol" bilan rasman bekor qilingan ikki o‘yinni hisobdan chiqarib tashlasak, "Paxtakor" "OChL-2020"da jami 6 o‘yinda maydonga tushib, 4 g‘alaba, bittadan durang va mag‘lubiyat qayd etdi. Raqib darvozasiga 8 gol urib, 4 to‘p o‘tkazib yubordi.
Agarda ushbu mavsumdagi ko‘rsatkichlar hisobga olinganida, toshkentliklar O‘zbekistonga eng katta ball koeffitsentini keltirgan bo‘lardi. "Paxtakor" koeffitsent uchun jami 19 ball to‘plashga erishgandi. Biroq OFK Kubogi musobaqasi yakuniga etmagani sababli joriy yilgi ballar hisobga olinmaydi.
Fikrlar