
Piter Xyuistra: Ertaga Hayit bayrami, balki homiylar bo‘yicha yaxshi yangiliklar bo‘lib qolar
O‘zbekiston Superligasi 8-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Qo‘qon-1912" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda mezbonlar 3:0 hisobida zafar quchdi. O‘yindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida "sherlar" bosh murabbiyi Piter Xyuistra quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Qo‘qon-1912" o‘yinlarini o‘rganib chiqqandik, bu jamoa xavfli raqib. Ular qarshi hujumlarda juda yaxshi o‘ynaydi. Dastlabki 20 daqiqada qo‘qonliklarda ko‘p vaziyatlar bo‘ldi, 25-daqiqadan keyin tashabbusni qo‘lga oldik. Golni ham juda muhim paytda urib oldik. Tanaffusdan keyin ham shu sur’atni ushlab qoldik. So‘nggi paytda uchta o‘yinda oldinda borib, yakunda durang qayd etgandik. Bugun bunday bo‘lmaganidan xursandman. O‘yinchilar oxirigacha hujumkorlikni to‘xtatmadi. Ramazon oyida deyarli butun jamoa ro‘za tutgani sababli jismoniy jihatdan baribir qiyinroq bo‘ldi. Endi yangi davr boshlanadi va jismoniy holatimiz hamda o‘yin tomonlama yanada kuchayamiz.
Mavsumni qanotlarda Rashidov va Turg‘unboev bilan boshlagandik. O‘tgan mavsum tarkibimizda ko‘plab futbolchilar bor edi. Bu yil esa 20 nafar futbolchi mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Erkinov va Xolmatovga xalqaro o‘yinlarda imkoniyat berdik, ular munosib o‘ynagani uchun hozir ham maydonga tushiryapmiz. Bundan xursandman. Lekin hali mavsum uzoq davom etadi. Rashidov ham, Turg‘unboev ham jamoamizning muhim a’zolari. Ko‘plab futbolchilarimiz terma jamoada ham o‘ynashi kerak. Ularni yaxshi holatda terma jamoa ixtiyoriga borishlarini ham ta’minlashimiz kerak.
Futbolchilar ba’zida maoshlarini ololmay qolishsa, bu yoqimli holat emas. Garchi moliyaviy qiyinchiliklar bo‘lsa ham mashg‘ulotlarda bor kuchlari bilan shug‘ullanishmoqda. Bu bilan ular haqiqiy professional ekanliklarini isbotlashmoqda. Biz Superkubokni qo‘lga kiritdik va Superligada peshqadamlik qilyapmiz, demak jamoada barchasi joyida ekanini ko‘rish mumkin. Ertaga Hayit bayrami, balki homiylar bo‘yicha yaxshi yangiliklar bo‘lib qolar",-deya niderlandiyalik mutaxassis so‘zlarini keltirmoqda "Paxtakor" matbuot xizmati.
Fikrlar