
Pro-liga translyatsiya qilinishi evaziga futbolchimiz legionerga aylandi. Biroq u erda o‘sishi mumkinmi?
Pro-ligada G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi sharafini himoya qilgan darvozabon Mirzohid Mamatxonov faoliyatini kutilmaganda o‘zgartirishga qaror qildi. Bundan buyon u Maldiv orollari chempionatida ishtirok etadi. Yangi klubining nomi “Super Yunayted sports” jamoasidir.
Barchamizga asosan sayohat qilinadigan davlat sifatida taassurot qoldiradigan Maldivda futbolning darajasi qanday ekanligidan yaxshi xabardor emasmiz. Ilgari u erda o‘zbekistonlik Alisher Ahmedov degan futbolchi ham to‘p surganini eslab qolganmiz. Qizig‘i, u ham Mamatxonov kabi darvozabon edi.
“Sho‘rtan”ning birinchi raqamli posboni hisoblangan Mirzohidning Maldiv orollariga ko‘chib o‘tishi qay tariqa yuz bergani xususida futbolchining o‘zi quyidagi sababni aytdi:
- Pro-liga o‘yinlari ham katta ekranlarga chiqqani tufayli agentlar e’tibor bera boshladi. Televizor orqali namoyish etilgan uchrashuvlar hamda “Yutub” tarmog‘i orqali ham ko‘rsatilgan bellashuvlar orqali jiddiy kuzatishyapti. Menga ham aynan “Yutub”dagi o‘yinlarimizni ko‘rib keyin aloqaga chiqdi. To‘g‘risi, Maldivdan taklif sentyabr oylarining boshlarida bo‘ldi. Taxminan 20 oktyabrlarga kelib muzokaralar oxiriga etdi. Oldimda Maldiv chempionatidan ikkita taklif bor edi. Bittasi OFK Kubogida ishtirok etishi ma’lum edi. Men qo‘shilgan klub esa yangi tashkil etilgan. Oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan. Bu yil chempionlik yoki Kubok uchun kurashadi. Asosiy maqsad OFK Kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. Klub bosh murabbiyi bir paytning o‘zida Maldiv orollari terma jamoasini ham boshqaradi. Bu jamoa o‘z safiga tajribali futbolchilarni jalb qila boshladi. Shu sababli ham men ularning taklifini qabul qildim.
Albatta, hamyurtimizga u erda faqat omad tilab qolamiz. Ammo Maldivda futbol darajasi qanday, chempionatining saviyasi-chi? Xalqaro maydonlarda ham klublari yoki terma jamoasi biror nimani qoyillatib qo‘yganini ko‘rmaganmiz. Shunday ekan, Mamatxonov to‘p suradigan chempionatning mavqei qandayligini biroz tasavvur qilsa bo‘ladi. Balki Maldiv futboli pro-ligamizdagiga o‘xshashdir-a? Bu xususida Mirzohid quyidagilarni qo‘shimcha qildi:
- To‘g‘ri, men ham sizning fikrlaringizga qo‘shilardim, toki bu erga kelmagunimcha. Odam biror nimani o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagunicha hech nimaga ishonmaydi-ku. Bunga qadar o‘zim ham Maldiv chempionatini kuchsiz deb o‘ylardim. Ha, qaerdadir darajasining pastroqligi bilinar, ammo pro-ligamizdan katta farqini ko‘rmadim. Chunki hozir hamma futbolni o‘rganib olgan. Oldin saviya er bilan osmoncha deyilardi. Hozir esa oson o‘yinlarning o‘zi qolmagan. Kuni kecha jamoamiz o‘tgan yili Kubokni qo‘lga kiritgan klub bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Klublar o‘rtasida katta tavofut yo‘q, saviyasi ham chakki emas. To‘g‘ri, chempion jamoa bu mavsumda ham kuchliroq ko‘rinyapti. Bizning jamoa esa unga raqobatbardosh bo‘lishi uchun yaxshi o‘yinchilarni to‘pladi. Mendan tashqari har bir klubda to‘rttadan legioner faoliyat olib borish huquqiga ega. Bizning jamoada ikkita yaponiyalik va bitta ispaniyalik legioner ham bor, o‘zim bilan to‘rttamiz. O‘z navbatida “Sho‘rtan” jamoasiga rahmat aytmoqchiman. Menga kelgan taklifni ular to‘g‘ri tushunishdi. Sobiq klubimga omad tilab qolaman. Superligaga chiqadi, degan umiddaman. Bu erdan turib bo‘lsa ham “Sho‘rtan”ga muxlislik qilib turaman.
Futbolchining Maldiv futboli saviyasi haqidagi fikrini eshitdingiz. Qiziq, Mirzohid Mamatxonovni u erga nima etakladi? Pulmi? Yoki Maldiv orollarida to‘p surgan holda faoliyatini o‘stirmoqchimi? Agar shuni o‘ylagan bo‘lsa u holda o‘zimizda ham to‘p surgani yaxshiroq edi, to‘g‘rimi? Futbolchimizga shu savol bilan murojaat qilganimizda shunday dedi:
- Har bir futbolchi faoliyatini pulga taqqoslamasa kerak. O‘zim shunchaki faoliyatimni boshqa mamlakatda davom ettirib, tajriba orttirgim keldi. Yangi mamlakat, yangi hayot va boshqa insonlar...menga yangi chaqiruvlar juda qiziq, hayotda. “Navbahor” o‘rinbosarlari tarkibida to‘p surgan paytimizda Farg‘onada “Hokim Kubogi”da qatnashgandik. O‘shanda Qirg‘izistonning “Oloy” jamoasi murabbiylarining e’tiboriga tushganman va meni taklif qilganlar. O‘shanda ham “Oloy”ga ikkilanmasdan borgandim. Yangi chaqiruvlardan hech qachon qochmayman va bu menga qiziq.
Xayolimizga yana bir savol keldi: balki Mamatxonovning Maldivga ketgani “Sho‘rtan”dagi moliyaviy muammolar bilan bog‘liqmikin? Har xolda g‘uzorliklarda bu borada qiyinchiliklar yuz berayotgani haqida eshitgandik.
- “Sho‘rtan”da to‘p surib yurgan kezlarimda klubda moliyaviy muammo faqat mukofot pullari bilan bog‘liq edi. Oylik maoshlar bo‘yicha muammo yo‘q edi. Jamoani tark etganim pul bilan bog‘liq emas. Maldivda futbolchilarga to‘lanadigan ish haqqi albatta o‘zimizning pro-ligadan ancha tafovut qiladi. Superligamiz bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, u qadar katta farqi yo‘q, - deya bu borada ham munosabatini bildirdi, Mamatxonov.
Mayli, har qanday holatda ham yangi legionerimizga o‘zi o‘ylagan niyatlariga erishishini tilab qolamiz. Qaror o‘ziniki va nima qilish uning ixtiyorida. Muloqotimiz yakunida Mirzohid qancha muddatga shartnoma tuzgani, Maldivda chempionat qanday formatda o‘tishi va klubi qanday sharoitlar qilib bergani to‘g‘risida aytib o‘tdi.
- Klub bilan o‘rtamizdagi shartnomam 2021 yilning 31 iyuligacha amal qiladi. Maldivda chempionat 8 dekabrdan start oladi va iyulga qadar davom etadi. Klub menga poytaxt Maledan ikki xonali kvartira bergan, u erda bir o‘zim istiqomat qilyapman. Sharoitlari ko‘ngildagidek. Klubning restorani bor, o‘sha erda bemalol qornimni to‘ydiraman.
Fikrlar