Pro ligadan ham Turkiyada yig‘in o‘tkazadigan jamoa bor yoxud "Torpedo"ga qarshi o‘yin, shartnoma tuzgan futbolchilar va Kumikovdan munosabat

  • 8 fevral, 2022, 22:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliga klublari bilan bir qatorda pro liga vakillarining ham tayyorgarligi ayni qizigan pallasida. Ayniqsa, elitaga qaytish uchun asosiy favoritlarga bo‘lgan e’tibor kattaroq. Jumladan, “Andijon” klubi ham o‘tgan yilgi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng pro ligaga ravona bo‘lganiga qaramay, rahbariyat qo‘l siltab qo‘ygani yo‘q. Qaytanga, o‘ziga yarasha ishtiyoq bilan jamoani yana Superligaga olib chiqish yo‘lida sa’y-harakatlar olib borilyapti.

Tecno

Xabaringiz bor, o‘tgan yildan jamoaga bosh murabbiylik qilib kelayotgan Viktor Kumikovga yana ishonch bildirilgan bo‘lib, rossiyalik mutaxassis “Andijon”ni chempionatga tayyorlab boryapti. Uning o‘zi uchun ham “Andijon” bilan pro ligaga tushib ketishi og‘ir va endi jamoani yana Superligaga qaytarishi juda muhim.

Klubning tayyorgarligiga to‘xtalsak, hammasini o‘z qarorgohidan boshlashdi. Keyin Xonobodda yig‘inning navbatdagi bosqichi o‘tkazildi. Shu bilan birga klub Farg‘onada “Hokim Kubogi” musobaqasida ishtirok etdi. Kumikov jamoasi o‘sha turnirda finalgacha etib bordi va hal qiluvchi bahsda Superliga jamoasi – “Qo‘qon-1912”ga 1:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Umuman aytganda, Farg‘onadagi musobaqa ham andijonliklarning mavsum uchun tayyorgarligiga yaxshigina xizmat qildi. Viktor Kumikov uchun bu turnir ayni muddao bo‘ldi.

andijon yangi2

Endigi manzil esa Turkiya! Ha, Superliganing aksariyat klublari Antaliyada yig‘in o‘tkazayotganida pro ligadan yagona vakil sifatida “Andijon” ham o‘sha erda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadigan bo‘ldi. Reja bo‘yicha “Burgutlar” 10 fevral kuni Turkiyaga jo‘nab ketishadi va u erda ikki hafta mobaynida shug‘ullanishadi. Shu vaqt ichida beshta nazorat uchrashuvi o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan. Bizga etib kelgan ma’lumotga ko‘ra, hozircha ikkita raqib nomi ma’lum. Bular – Rossiyaning “Olimp” hamda “Torpedo” klublaridir.

Vaqti-vaqti bilan “Andijon” bosh murabbiyi Viktor Kumikov bilan jamoadagi vaziyat va tayyorgarlik xususida gaplashib turamiz. Bu safargi o‘zaro muloqotimiz qisqaroq davom etdi.

- Viktor Balyutovich, selektsiyadan qoniqyapsizmi yoki...

- Pro ligada o‘ynashimizni hisobga olsak, ha. Qoniqish hosil qilyapman. Balki yana 1-2 nafar futbolchi olarmiz. Buni vaqt ko‘rsatadi, ko‘ramiz.

kumikov1_5

- Jamoangiz endi Turkiyada yig‘in o‘tkazadi. U erda asosiy e’tibor nimaga qaratiladi?

- To‘g‘ri, biz Turkiyada shug‘ullanamiz. Ushbu xorij yig‘inida texnik-taktik mashg‘ulotlarga asosiy urg‘uni bermoqchimiz. Albatta, nazorat o‘yinlari ham bo‘ladi. Hozircha faqat 14 fevral kuni “Torpedo” Moskvaga qarshi o‘yin bo‘yicha kelishib qo‘yilgan.

- Pro ligada faqat “Andijon” Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish uchun jo‘nab ketyapti. Bu yig‘in mavsum davomida jamoangizga qanday ustunlik berishi mumkin?

- Shunchaki, Turkiyada mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha qulay shart-sharoitlar muhayyo. Buning qanday foyda berishini esa boshlanajak mavsum ko‘rsatib beradi.

- Klubni Superligaga qaytarishga va’da bera olasizmi?

- Bizning oldimizga muayyan vazifa qo‘yilgan. Albatta, uni bajarishga harakat qilamiz.

- Tarkibga qo‘shilgan yangi legionerlar xususida fikringiz qanday? Ular jamoani qanchalik kuchaytirishlari mumkin?

- Ular xuddi o‘zimiz o‘ylagandek jamoa uchun kerakli, shuning borasida ancha tajribali legioner futbolchilardir. Tabiiyki, bundan men qoniqdim. Ular klubni kuchaytirishi aniq.

- “Andijon”ni pro ligadagi asosiy favorit deb hisoblaysizmi? Bu yo‘lda qaysi jamoalar sizlar uchun raqobatchiga aylanishadi?

- Qaysi jamoalar favorit bo‘lish-bo‘lmasligini bilmayman. O‘z-o‘zidan shunisi aniqki, aksariyat klublar mavsumni oldilariga qo‘yilgan vazifani bajarish maqsadi bilan boshlashadi.

Bosh murabbiy ancha xotirjam gapirdi va jamoasiga ishonayotgani tabiiy. Barchasi uning rejasi asosida ketyapti. Tarkib bo‘yicha ham vaziyatdan kelib chiqqan holda qoniqayotganini aytdi.

andijon yangi3

Darvoqe, selektsiya haqida. “Andijon” deyarli o‘ziga kerakli futbolchilarni qo‘lga kiritdi. O‘tgan yili Bangladesh chempionatida o‘ynab qaytgan, asli “Andijon” futboli tarbiyalanuvchisi Ildar Mamatkazin yana sobiq klubiga qaytdi va shartnomaga imzo chekdi. 2019 yili O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bilan Osiyo chempioniga aylangan Ilhom Alijonov ham yangi mavsumni “Andijon” safida boshlaydi. “Nasaf”, “Qizilqum”, “Navbahor” kabi klublarda to‘p surgan o‘yinchi andijonliklar bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. “Bunyodkor”dan taklif qilingan hujumchi Shahboz Erkinov ham to‘laqonli ravishda “Andijon” a’zosiga aylandi.

Shuningdek, darvozabon Xurshid Xo‘djaev ham yana sobiq jamoasiga qaytdi. Tez orada Bobur Davlatov bilan ham shartnoma tuzilishi kutilyapti. Kumikov qoniqish hosil qilayotgan legionerlar – Vladimir Bubanya, Goran Miloyko va Bogdan Milich ham shartnoma imzolashganini qo‘shimcha qilmoqchimiz. Qolaversa, yangi yosh iqtidor egalari ham jamoaga jalb qilingan. O‘tgan yilgi tarkibdan ham ayrim etakchilar saqlab qolingan. "Andijon" pro ligada asosiy favorit ekanini amalda ko‘rsata oladimi? Buni mavsum davomida bilib olamiz. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!