Pro liganing bu yilgi "yulduzlari" kimlar?

  • 9 mart, 2022, 14:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu safar ham juda qiziqarli o‘tishi kutilayotgan pro ligani yildan-yilga saviyasi o‘syapti. O‘z oldiga Superligaga chiqish vazifasini qo‘ygan jamoalar ham ko‘payib bormoqda.

Tecno

Oldingilarga nisbatan bu ligaga e’tibor endi boshqacha. Superligada to‘p surib nom qozongan bir qator o‘yinchilar ham endi qo‘rqmasdan pro ligada to‘p surishga qaror qilmoqdalar.

Boya aytganimizdek, bu erdagi saviyaning darajasi ham ko‘tarilyapti. Bu yil Superligadan ko‘plab o‘yinchilar pro liga klublari bilan shartnomalar imzoladilar. Ushbu maqola orqali pro liganing yangi “yulduzlari” haqida so‘z yuritamiz.

Shahboz Erkinov

Ampluasi: hujumchi

Sobiq klubi: “Bunyodkor”

Yangi klubi: “Andijon”

erkinov3_2

Taniqli hujumchi. Faoliyatini asosan elitada o‘tkazganini yaxshi bilasiz. Ko‘pni ko‘rgan, qiyin o‘yinlarda toblangan futbolchi ekanligi shubhasiz. “Andijon”ga kelguniga qadar Erkinov “Bunyodkor” sharafini himoya qilib kelayotgandi. Yangi mavsumda ham futbolchi Superligada qolishi mumkin edi. Chunki unga takliflar yo‘q emasdi. Ammo Shahboz o‘zi uchun eng yaxshi tanlov sifatida “Andijon” variantini tanladi. Boisi, klub yana Superligaga qaytish uchun jiddiy harakat qilmoqda va bu yo‘lda Erkinov o‘z o‘yini hamda gollari bilan yordam berish uchun keldi.

Vladimir Bubanya

Ampluasi: himoyachi

Sobiq klubi: “Novi Pazar” (Serbiya)

Yangi klubi: “Andijon”

bubanya_2

Serbiyalik bu legionerni yaxshi taniysiz-a? Ilgari AGMK va ayniqsa, “Surxon”dagi bir necha yillik faoliyatini muxlislar bilishadi. Albatta, u tajribali o‘yinchi. Bu erga kelishidan avval Qozog‘istondan ham chorlov bor edi. Ammo O‘zbekiston futboli va chempionatini yaxshi bilgani uchun “Andijon”dan tushgan taklifni qabul qildi. Doimgidek, u yangi jamoasida 15-raqamni oldi. Erkinov kabi Bubanya ham ilk bor faoliyatini pro ligada davom ettirishga qaror qildi. Ammo bu ular uchun ortga tashlangan qadam emas, deb hisoblamoqdalar. Chukni o‘z oldiga aniq maqsadi bor jamoada to‘p surish etarlicha motivatsiya berishi turgan gap. Bu yo‘lda ushbu o‘yinchilarning tajribasi asqotishi tabiiy.

Bobur Davlatov

Ampluasi: yarim himoyachi

Sobiq klubi: “Metallurg”

Yangi klubi: “Andijon”

Iqtidorli o‘yinchi – Bobur Davlatov ham “Andijon” a’zosiga aylandi. Bu futbolchi Rossiyada “Rubin” va “Nefteximik” klublarida to‘p surgan. Qozog‘istonda esa “Jetisu” hamda “Aktobe” jamoalari sharafini himoya qilgan. O‘zimizni chempionatda “Mash’al”, “Nasaf” hamda “Lokomotiv” jamoalarida o‘ynagan futbolchi o‘tgan mavsumni “Metallurg”da o‘tkazdi. Hujumkor yarim himoyachi bu yil “Andijon”ga yordam berishni maqsad qildi. Agar u jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lib, o‘z o‘yinini topib olsa, pro liganing eng yaxshilaridan biri bo‘lishi turgan gap.

Marlen Chobanov

Ampluasi: himoyachi

Sobiq klubi: “Paxtakor”

Yangi klubi: “Turon”

“Paxtakor”da to‘p surgan futbolchining pro ligaga o‘tishi biroz kutilmagan holat bo‘ldi. Chunki hali yosh va yana bemalol Superligada o‘ynashga qodir edi. Biroq “Turon” vakillari Chobanovni o‘z jamoasiga jalb qilishni uddasidan chiqishdi. Marlen o‘tgan yili bir marta O‘zbekiston milliy terma jamoasining yig‘iniga ham chaqirildi. To‘g‘ri, u hali yosh. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, “Paxtakor”da o‘z o‘rniga ega bo‘la olmadi. O‘zi ishtirok etgan uchrashuvlarda esa ayrim qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yganini ham ko‘rdik. Lekin “Paxtakor”dek klubda to‘p surish orqali baribir o‘ziga tajriba orttirdi. “Turon” esa Chobanov misolida yaxshi bir himoyachiga ega bo‘ldi. Ammo u yana o‘sishda davom etishi kerak.

chobanov

A’zam Aliev

Ampluasi: yarim himoyachi

Sobiq klubi: “Surxon”

Yangi jamoasi: “Turon”

Namangan futboli tarbiyalanuvchisi. Bir necha yillar “Navbahor” uchun o‘ynadi. Keyin Termizning “Surxon” klubida ham faoliyat olib bordi. Bir so‘z bilan aytganda, yaxshi darajadagi o‘yinchi. Maydonni yaxshi ko‘ra oladi va o‘yinni “o‘qiydi”. Bu yil esa garchi pro liga bo‘lsa-da, “Turon”dan tushgan taklifni qabu qildi va yaypanliklarga Superligaga qaytish yo‘lida yordam berishni xohladi. Holbuki, Aliev ham yuqorida nomlari keltirilgan futbolchilar kabi yana bemalol Superligada to‘p surish imkoniyati bor edi.

Ravshan Yagudin

Ampluasi: darvozabon

Sobiq klubi: “Bunyodkor”

Yangi klubi: “Mash’al”

Iqtidorli posbon Ravshan Yagudin “Bunyodkor”da binoyidek o‘ynab kelayotgandi. Har holda jamoa darvozasini qo‘riqlashda o‘zini ko‘rsatayotgandi. Ammo uning u erdan ketishini kutmagandik, ochig‘i. Yagudin esa “Bunyodkor” bilan xayrlashib, Muborakning “Mash’al” jamoasidan qo‘nim topdi. O‘z navbatida “Mash’al” Yagudinni qo‘lga kiritish orqali darvozadagi muammolarini hal qila oldi. Chunki futbolchining Superligada to‘plagan tajribasi asqotadi.

yagudin7

Sardor Telyakov

Ampluasi: yarim himoyachi

Sobiq klubi: “Navbahor”

Yangi klubi: “Turon”

“Navbahor” safida to‘p surgan Sardor Telyakov yangi mavsum boshlanishiga oz fursat qolganida jamoasini o‘zgartirdi. Qishki yig‘inning katta qismini namanganliklar bilan o‘tkazgan yarim himoyachi “Turon” bilan birga pro ligada ishtirok etishga rozilik bildirdi. “Turon” Telyakovni qo‘lga kiritish orqali tarkibini yanada kuchaytirdi.

sardor5_2_1

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!