
PSJ etakchilari kutilmagan yuqorilashga erishdi, Ronaldu va Messi kuchli uchlikda qoldi: «Oltin to‘p»ga da’vogarlarning yangilangan reytingi
20. Timo Verner («RB Leyptsig»). Avvalgi o‘rni: 19
2020 yilda: 11 gol, 3 assist
Verner uchun yaxshi hafta bo‘lib o‘tdi, deya olmaymiz. Sobiq klubini tark etish oldidan ularning kelgusi raqibini bilib oldi. Yangi klubi «Chelsi» esa kelgusi yil Chempionlar ligasida ishtirok etish imkoniyatlarini birmuncha pasaytirdi: jamoa «Sheffild»ga 3:0 hisobida engildi.
19. Jordan Xenderson («Liverpul»). Avvalgi o‘rni: 18
2020 yilda: 3 gol, 3 assist va premer-liga chempionligi
Xenderson uchun mavsum yakunlandi. To‘pig‘idan olgan jarohati sabab, «Liverpul»ning qolgan o‘yinlarida maydonga tusha olmaydi. Shundoq ham motivatsiyasizlik oqibatida ko‘plab o‘yinlarda g‘alabani boy berayotgan Klopp shogirdlari uchun bu ham qo‘shimcha bosh og‘riq bo‘lishi tabiiy.
18. Rahim Sterling («Manchester Siti»). Avvalgi o‘rni: “top-20”ga yangi qo‘shildi
2020 yilda: 7 gol, 2 assist va mamlakat liga kubogi
«Siti» asosiy raqobatchisini APL chempionligi bilan andarmon bilib qo‘ygan holda o‘zi boshqa titullarni ko‘zlayapti. Chempionlar ligasi qur’asi «shaharliklar» uchun ancha qiyin o‘yinlar ketma-ketligi taqdim etilishini ma’lum qildi. Ammo «Qirollik klubi» to‘sig‘idan o‘tib olgan taqdirda Pep shogirdlarini to‘xtatib bo‘larmikin?!
Sterling esa «Brayton» darvozasiga xet-trik yo‘llab, reytingga kirishga muvaffaq bo‘ldi.
17. Alfonso Devis («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 17
2020 yilda: 2 gol, 4 assist, 12 «quruq o‘yin», Bundesliga va Germaniya kubogi g‘olibligi
Chempionlar ligasi qur’asi myunxenliklarga yoqmagan bo‘lishi katta ehtimol. Germaniya miqyosida oltin dublni rasmiylashtirgan «Bavariya» uchun o‘z tarixidagi ikkinchi treblni qayd etish ancha qiyin kechadi.
19 yoshli Alfonsoning haqiqiy kuchiga «Barselona»ga qarshi kechadigan ehtimoliy chorak final o‘yinida Messini qanday yopa olishiga qarab baho beramiz…
16. Sadio Mane («Liverpul»). Avvalgi o‘rni: 16
2020 yilda: 6 gol, 1 assist va premer-liga chempionligi
Bu kabi beqaror o‘yin namoyish eta boshlagan Mane uchun Angliyada yil futbolchisi, deb topilishdan uyog‘i ortiqchalik qiladigandek tuyulyapti.
U ushbu mavsumni qanday notada yakunlashi «Arsenal» va «Chelsi»ga qarshi uchrashuvlarda ma’lum bo‘ladi.
15. Kay Xaverts («Bayer»). Avvalgi o‘rni: 15
2020 yilda: 14 gol, 8 assist
Bu kabi ko‘rsatkich biz quyiroqda duch keladigan aksariyat futbolchilarda ham uchramaydi. 21 yoshli xavbekning yagona aybi top jamoada to‘p surmasligida. Aksiga olib, leverkuzenliklar Chempionlar ligasi yo‘llanmasidan ham quruq qoldi.
Nemis iqtidorini tez orada boshqa klub futbolkasida ko‘rsak ajablanmaymiz.
14. Paulo Dibala («Yuventus»). Avvalgi o‘rni: 14
2020 yilda: 8 gol, 8 assist
«Yuventus» so‘nggi o‘yinlarda o‘ziga o‘xshamayapti. Lekin yo‘qotayotgan ochkolaridan unumli foydalanib ketadigan ta’qibchi ham yo‘q. «Latsio» ketma-ket 3 ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi.
Dibala «Milan» va «Atalanta»ga qarshi bellashuvlarda jamoasini qutqara olmadi.
13. Jeydon Sancho («Borussiya» Dortmund). Avvalgi o‘rni: 10
2020 yilda: 8 gol, 7 assist
Sancho uchun yozgi ta’til tom ma’noda boshlanib ketgan. U yangi jamoa izlayotgan bo‘lishi mumkin. Manchester «qizillari» safiga borib qo‘shilish ehtimoli Grinvudning so‘nggi uchrashuvlardagi mo‘’jizaviy o‘yini sabab biroz pastladi. Sen bo‘lmasang, boshqasi…
12. Serxio Ramos («Real»). Avvalgi o‘rni: 12
2020 yilda: 7 gol, 9 «quruq o‘yin» va Ispaniya superkubogi
Ramos «Alaves» ustidan qozonilgan g‘alabada jamoasiga yordam bera olmadi. Biroq «Granada»dan tortib olingan muhim 3 ochkoda «El Kapitano»ning munosib ulushi bor. Aynan u bir vaziyatda to‘pni darvoza chizig‘idan qaytarib, hisob tenglashishining oldini olgan edi. Endi «Qirollik klubi» bitta o‘yinni yutishi chempionlik uchun kifoya qiladi.
11. Serj Gnabri («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 11
2020 yilda: 9 gol, 5 assist, Bundesliga va Germaniya kubogi
Gnabri va «Bavariya»ning boshqa futbolchilari endi Chempionlar ligasini kutadi. Milliy frontda ular barchasini qoyillatib bajarishdi. EChLda ham chorak final deyarli naqd...
10. Brunu Fernandesh («Manchester Yunayted»). Avvalgi o‘rni: 10
2020 yilda: 8 gol, 8 assist
Ushbu hafta oldingi muvaffaqiyatlar fonida biroz kuchsizroq o‘tgandek. Ammo aslida, portugaliyalik xavbekning gollarda ishtirok etish seriyasi yakunlangani yo‘q. Bor yo‘g‘i, so‘nggi uchrashuvdagi durang MYu imkoniyatlarini Chempionlar ligasi yo‘llanmasi yo‘lida biroz pasaytirib yubordi.
9. Erling Xoland («Borussiya» Dortmund). Avvalgi o‘rni: 8
2020 yilda: 16 gol, 3 assist
PSJni mag‘lub etgan taqdirda naqadar yaxshi qur’a natijasiga ega bo‘lganini bilgan dortmundliklarning yarasiga tuz sepilgan bo‘lsa ajab emas. Xoland bu yilcha personal sovrinlardan chetda qoladigandek. Darvoqe, «Golden boy» sovrini uchun imkoniyati yuqori.
8. Tomas Myuller («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 5
2020 yilda: 7 gol, 12 assist, Bundesliga va Germaniya kubogi
Nemis futbolchisi uchun mavsum avgustgacha to‘xtagan. Demak, uning reytingda pastlashi hayron bo‘ladigan narsa emas. Ammo uni bunga mahkum etganlar nima «karomat» ko‘rsatgani barchaga qiziq.
7. Killian Mbappe (PSJ). Avvalgi o‘rni: 9
2020 yilda: 12 gol, 8 assist va Frantsiya chempionligi
PSJning qur’ada rosmanasiga omadi keldi: «Manchester Siti», «Real», «Yuventus», «Barselona» va «Bavariya» kabi EChL grandlari bilan finalgacha to‘qnash kelmaydi. Ulardan biri esa finalga katta mashaqqatlar bilan etib keladi. Mbappe kabi tezkor va kuchli futbolchisi bor klub esa finalda hech bir jamoa uchun tayyor «go‘sht» bo‘lmaydi.
6. Karim Benzema («Real»). Avvalgi o‘rni: 6
2020 yilda: 8 gol, 4 assist va Ispaniya superkubogi
Ushbu haftadagi 2 ta uchrashuvda frantsiyalik strayker 2 ta gol va bitta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘yishga erishdi. So‘nggi turlarda La Liga to‘purarligi uchun bemalol Messi bilan raqobatlashib ko‘rsa ham bo‘ladi.
5. Neymar (PSJ). Avvalgi o‘rni: 7
2020 yilda: 9 gol, 4 assist va Frantsiya chempionligi
Bir tarafdan, parijliklarning baxtiga ham mavsum to‘xtatildi. Aks holda, nuqul keraksiz o‘yinlarda orttirib olingan jarohatlar sabab kerakli uchrashuvlarni o‘tkazib yuboradigan Neymar EChL chorak finalida ishtirok etolmasligi mumkin edi.
O‘rtoqlik o‘yinida raqiblari darvozasiga 9 ta gol urgan PSJ futbolchilari futbol o‘ynashni unutib yubormaganliklarini ko‘rsatib qo‘yishdi. Lekin raqib quyi liga vakili edi…
4. Kevin De Bryuyne («Manchester Siti»). Avvalgi o‘rni: 4
2020 yilda: 6 gol, 8 assist va mamlakat liga kubogi
De Bryuyne Anrining gaplaridan rosmana g‘azab otiga minganga o‘xshaydi. U tinmay pas berishga harakat qilyapti. Aksiga olgandek, jamoadoshlari vaziyatlarni ko‘kka sovurishdan zerikmayapti. Chempionlar Ligasi g‘olibligi Kevinga katta ehtimol bilan «Oltin to‘p»ni olib beradi. Ammo uning yo‘lida ulkan g‘ovlar bor…
3. Lionel Messi («Barselona»). Avvalgi o‘rni: 3
2020 yilda: 12 gol, 16 assist
Reytingimizdagi yagona kataloniyaliklar a’zosi 3-pog‘onadaligining sababi ham uning yolg‘izligida. Kichik bo‘yi bilan «Barselona»ning muammolari uni bukib qo‘ymayotgani ham katta gap. Oldinda «ko‘hna qit’a» birinchiligi. Katta ehtimol bilan chorak finalga yo‘l olgan taqdirda «Bavariya»ga duch keladigan «ko‘k-anor ranglilar» «nemis mashinasi» tomonidan burdalab tashlanmaslik uchun ko‘proq ter to‘kishlariga to‘g‘ri keladi.
2. Krishtianu Ronaldu («Yuventus»). Avvalgi o‘rni: 2
2020 yilda: 20 gol, 5 assist
«Atalanta» bilan o‘yinda Ronalduning penaltilari bir amallab «keksa sinora»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Bu turishda EChLda «Lion» to‘sig‘idan-da o‘tish turinliklarga og‘irlik qiladi. Raqiblari ketma-ket ochko yo‘qotmagan taqdirda Ronaldu jamoasi bilan turnir jadvalini boshqarmayotgan bo‘lardi.
1. Robert Levandovski («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 1
2020 yilda: 21 gol, 4 assist, Bundesliga va Germaniya kubogi
Polshalikning gegemoniyasi olovi biroz pasaya boshladi. «Oltin butsa» uchun kurashda ham kursisi qimirlayapti. Bu chempionatlar yakunlanayotganidan darak bermoqda.
«Bavariya» muxlislari Levandovski o‘zining durdona o‘yinlarini EChL uchun saqlab qo‘yganidan umid qilmoqda. Aks holda, myunxenliklarning o‘zi ham zerikib ketgan titullar bilan unga yilning eng yaxshisi unvonining berilishi ancha qiyin masala.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
SPORTS.uz talqini bo‘yicha top-5 chempionatlar ramziy terma jamoasi
Fikrlar