PSJ finaldagi g‘alabadan keyin Luis Enrique bo‘yicha muhim qarorga keldi
Frantsiyaning eng qudratli klubi “Pari Sen-Jermen” rahbariyati jamoaning kelajagini ispaniyalik murabbiy Luis Enrique bilan bog‘lamoqda.
Parijliklar tajribali mutaxassisning mehnat shartnomasini yana to‘rt yilga uzaytirishga qaror qildi.
Bu haqida jurnalist va insayder Ben Jeykobs xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Budapeshtda Chempionlar ligasi g‘olibligini muvaffaqiyatli himoya qilganidan keyin PSJ prezidenti Nosir Al-Xelaifiy Luis Enrikening Parijdagi hayotdan juda mamnun ekanini ta’kidlagan.
Shuningdek, klub rahbariyati uning uzoq muddatli loyihasiga to‘liq ishonayotganini bildirgan.
Tomonlar Chempionlar ligasi finaliga qadar barcha asosiy shartlar bo‘yicha kelishib olgan. Shartnomani mavsum tugaganidan keyin rasmiylashtirishga qaror qilingan.
30 may kuni PSJ Chempionlar ligasi finalida Londonning Arsenal klubini mag‘lub etdi (1:1, penaltilar seriyasida 4:3) va qatorasiga ikkinchi bor qit’aning eng nufuzli musobaqasi bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.

Fikrlar