Qaniydi, hamma Cherandek o‘ynasa! Chempionatimizdagi legionerlar haqida maqola

  • 9 aprel, 2020, 15:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Har doim legionerlar masalasi eng nozik mavzulardan biri bo‘lib kelgan. Nega deganda, ularni olib kelasiz-u, biroq o‘zimizdagi futbolchilardan hech qanday ustun jihatlari bo‘lmasa, u holda legionerlardan ne naf? Bizda esa ko‘proq o‘sha muammo ko‘ndalang turadi. Chempionatimizdagi klublar har mavsum o‘z saflariga xorijlik o‘yinchilarni qo‘shib oladilar va bu borada ular tarkibimizni legionerlar hisobiga kuchaytirdik, degan gaplarni aytishadi. Biroq ko‘p hollarda buning aksini ko‘rishimiz mumkin. Lekin bir jihatni ham unutmaslik kerakki, hamma vaqt yaxshi legionerning narxi qimmat turadi. Bizda esa klublarimizning qimmat legionerlarni olib kelishga qurbilari etmaydi. Shu bois ko‘p vaziyatlarda o‘rtacha darajadagi yoki narxlari cho‘ntakbop bo‘lgan futbolchilarni izlashadi. Biroq shunday bo‘lsa-da, ayrim klublarimizning olib kelgan legionerlari kutilganidan-da ziyodroq foydani berishi mumkin va bunga bir necha bor guvoh ham bo‘lganmiz. Bu borada Dragan Cheran, Kaxi Maxaradze, Elguja Grigalashvili, Igor Golban kabilarni aytishimiz mumkin. Hozirda ushbu o‘yinchilar chempionatimizda to‘p surishda davom etishmoqda.

Ma’lumki, chempionatimizning dastlabki uchta turi bo‘lib o‘tganidan keyin koronavirus tufayli Superligamiz ham noma’lum muddatga qoldirilgan. Shu sababli bunday vaziyatda tahliliy yoki boshqa mavzularda turfa xil maqolalar orqali siz o‘quvchilarni zeriktirib qo‘ymaslikka harakat qilamiz. Bizning navbatdagi maqolamiz esa anglagan bo‘lsangiz, chempionatimizda to‘p surayotgan legionerlar haqida bo‘ladi. Chempionatimizda 4+1 limiti joriy etilgan. Xo‘sh, qaysi klubimiz bu limitdan qanchalik foydalangan?

“Paxtakor”

Bugungi kunda chempionatimizdagi eng yaxshi legioner aynan “Paxtakor”da faoliyat olib boryapti, desak bunga hech kimda e’tiroz bo‘lmasa kerak. Gap kim haqida ketayotganini allaqachon payqagan bo‘lsangiz kerak-a? Ha, bu o‘sha Dragan Cheran! Yurtimizdagi faoliyatini “Nasaf”da boshlagan serbiyalik futbolchi keyinchalik “Paxtakor”ga o‘tgach, o‘zining ochilmagan qirralarini yanada ochdi deyishimiz mumkin. Qolaversa, bosh murabbiy Shota Arveladze ham Cherandan qanday foydalanish yo‘lini o‘ylab topdi. Natijada u jamoa uchun juda yaxshi foyda keltira boshladi. O‘tgan yili Dragan chempionatimiz to‘purari bo‘ldi. Bu yil ham mavsumni yuqori kayfiyatda boshlagandi. Endilikda hamma Cheranni O‘zbekistondagi eng zo‘r legioner deya ta’kidlashdan charchashmayapti. Bunga albatta asoslar etarli. Uning maydonni ko‘ra olishi, istalgan holatda gol ura olishi va ayniqsa, u gollar urishda nozik did sohibi ekanligini ham ko‘rsata olyapti. Cheranni sof hujumchi deyish ham biroz noo‘rin, u ko‘proq maydonda hujumchilar ortida yoki erkin ijodkor rolida to‘p surmoqda. Natijada serbiyalik legioner o‘zidan kutilgan o‘yinni ko‘rsata olmoqda.

“Sherlar” shuningdek, jiddiy transferga ham qo‘l urishganidan xabaringiz bor. Evropaning nomdor klublarida  to‘p surgan, Shveytsariya terma jamoasining etakchilaridan biri bo‘lgan hujumchi Eren Derdiyokning O‘zbekiston chempionatiga kelishi ham o‘ziga yarasha muhim voqelik bo‘lgandi. Lekin hozircha ushbu hujumchining chempionatimizga moslashishiga biroz vaqt kerak. Cherandan farqli o‘laroq Derdiyok hozircha chempionatimizda bitta gol urdi. Umuman aytganda, “Paxtakor” uchun hozircha ikkita legioner etarli bo‘lib turibdi.

derdiyok2

“Lokomotiv”

O‘tgan mavsumni 2-o‘rinda yakunlagan va joriy mavsum arafasida tarkibida o‘zgarishlar yuz bergan jamoada bu yil uch nafar legioner ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan biri esa siz-u, bizga juda yaxshi tanish bo‘lgan va uzoq yillardan beri chempionatimizda o‘ynab kelayotgan gruziyalik Kaxi Maxaradzedir. O‘tgan yili “So‘g‘diyona”da to‘p surgan futbolchi bu yil yana “Loko”ga qaytib keldi. Undan tashqari, temiryo‘lchilar tarkibida chernogoriyalik Slavko Damyanovich bilan rossiyalik hujumchi Kirill Pogrebnyak ham bor. Kaxini yaxshi bilamiz, ammo qolgan ikki nafar futbolchi haqida hozircha aniq bir fikrga ega emasmiz. Ammo chempionatning dastlabki turida Pogrbenyak “Andijon” darvozasiga ikkita gol urganini ta’kidlash joiz.

maxaradze_1

“Bunyodkor”

Vadim Abramov xorijlik o‘yinchilar borasida juda kamtarona yo‘l tutdi. Uning jamoasida ikki nafar legioner bor. Ammo ular uzoq qit’alardan emas, balki o‘zimizning yon qo‘shnilarimiz – Tojikiston hamda Turkmanistondan kelgan. Davron Ergashev bilan Selim Nurmuradovni Abramov “Bunyodkor”ga foydasi tegadi deb o‘ylagan shekilli, ularni o‘z jamoasida olib qoldi.

“So‘g‘diyona”

Jizzaxliklarning tarkibiga qarar ekanmiz, ularda uch nafar legioner borligiga amin bo‘lishingiz mumkin. Bular - serbiyalik darvozabon Milan Mitrovich hamda yarim himoyachi Marko Kolakovich, shuningdek, braziliyalik Elivelto Dantas. Mitrovich esa o‘tgan mavsumda ham “So‘g‘diyona” darvozasini 23 ta o‘yinda himoya qilgandi. Kolakovich bilan Dantas esa jizzaxliklarning yangi legionerlari hisoblanishadi. Yana shuni qo‘shimcha qilib o‘tish kerakki, Milan Mitrovich Superligamizdagi yagona xorijlik darvozabondir.

mitrovich

“Surxon”

O‘tgan mavsumda serbiyalik himoyachilar – Darko Stanoevich bilan Vladimir Bubanya “Surxon”ning etakchilariga aylanishgandi. Natijada Darko 25 ta, Vladimir esa 24 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Yangi mavsumda ham klub rahbariyati ikkala legionerlar bilan hamkorlikni davom ettirish uchun shartnomani bir yilga uzaytirishdi. Ularning qatoriga esa rossiyalik hujumchi Aleksandr Kasyan qo‘shildi. O‘tgan mavsumda “Navbahor”dagi o‘yinlari orqali muxlislarga tanilgan futbolchining “Surxon”da paydo bo‘lishini ko‘pchilik kutmagan bo‘lsa ajab emas.

stanoevich

“Nasaf”

Asosan o‘z akademiyasidagi tarbiyalanuvchilariga tayanib kelayotgan “Nasaf” klubi yangi mavsumda ikki nafar legionerni o‘z safiga qo‘shib oldi. Jamoa ustozi Ro‘ziqul Berdiev albatta xorijlik futbolchilarni olib kelish ustida ishlayotganligi haqida ma’lum qilgandi. Shu bois u yig‘in davomida bir qator legionerlarni ko‘zdan kechirdi. Nihoyat, mavsum boshlanishi arafasida serbiyalik Marko Stanoevich bilan bosniyalik hujumchi Dilaver Xaris “Nasaf” bilan shartnoma imzolashdi. Lekin hozircha ularning nimalarga qodirligini ko‘ra olmadik.

“Navbahor”

“Navbahor” legionerlar limitidan to‘liq foydalangan uch klubdan biri bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, namanganliklar mavsumga tayyorgarlik davomida 15-20 dan ziyod legionerlarni ko‘zdan kechirishdi. Lekin asosan chempionatga yaqin xorijlik futbolchilar bilan kelishuvlarga erishildi. Shuni ham aytish kerakki, o‘tgan yilgi legionerlardan rossiyalik Igor Golban bilan Ivan Solovyov hamda tojikistonlik Amirbek Jo‘raboev joriy mavsumda ham “Navbahor” sharafini himoya qilishmoqda. Qolgan ikki o‘rin esa yana ikki nafar rossiyalik futbolchilar – Pavel Golishev bilan Ruslan Bolov hisobiga to‘ldirildi. E’tiborlisi, rossiyalik bosh murabbiy Andrey Kanchelskis asosan o‘z hamyurtlari bilan ishlashga qaror qildi. Hozirda ularning orasida Golban bilan Solovyov doimgidek faolligi bilan ajralib turishibdi. Yaqinda esa Igor Golbanning O‘zbekiston fuqaroligini qo‘lga kiritganligi haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi.

solovyov

“Metallurg”

Ushbu jamoada ikkita legioner bor. Biri jamoa bosh murabbiyi Andrey Shipilovning o‘g‘li Andrey Shipilov. U Rossiya fuqarosi hisoblanadi. Yana biri esa ukrainalik Evgeniy Chumak. O‘tgan mavsumni “Bunyodkor”da o‘tkazgan Chumak o‘zidan u qadar yorqin taassurot qoldira olmagandi. Shunga qaramay, Shipilov uni “Metallurg”ga taklif qildi. Bosh murabbiydan bu haqida so‘raganimizda ukrainalik o‘yinchida jamoasini kuchaytirish xususiyatlarini ko‘rayotganini aytgandi.

AGMK

Legionerlar limitidan to‘liq foydalangan uch klubdan yana biri AGMK bo‘lib turibdi. Ammo Mirjalol Qosimov asosan o‘zimizning chempionatda to‘p surib kelayotgan legionerlarning xizmatidan foydalanishga qaror qildi. Ulardan ikkitasi esa sobiq o‘yinchilaridir. Masalan, serbiyalik Yovan Jokich bungacha ham AGMK sharafini himoya qilgandi va o‘tgan yili “Lokomotiv” tarkibida to‘p surgan. Bu yil esa u yana sobiq klubiga qaytdi. Shuningdek, o‘z vaqtida olmaliqliklar tarkibida to‘p surgan turkmanistonlik Arslanmirat Amanov ham oradan bir necha yil o‘tgach, AGMK a’zosiga aylandi. Bundan tashqari, olmaliqliklar tarkibida o‘tgan mavsumda ham to‘p surgan Elguja Grigalashvili (Gruziya) bilan Igor Zonich (Serbiya)ga yangi mavsumda ham yana ishonch bildirilmoqda. Qolaversa, o‘tgan yili “Qizilqum”da o‘ynagan gruziyalik Mate Vatsadze esa AGMK libosida o‘ynaydigan bo‘ldi. Shu tariqa, Mirjalol Qosimov tarkibda o‘zi ko‘rishni xohlagan legionerlarni to‘play oldi.

grigalashvili

“Andijon”

“Burgutlar” ham legionerlar xizmatidan foydalanmoqda. O‘tgan mavsumda Moldaviya chempionatining birinchi divizionida 40 ta gol bilan to‘purar bo‘lgan hujumchi Artyom Litvyakov andijonliklarning e’tiborini tortdi. Natijada u O‘zbekiston chempionatida debyut mavsumini o‘tkazadigan bo‘ldi. Shuningdek, ukrainalik 32 yoshli Dmitro Zozulya “Andijon”ning himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun olib kelindi. Mavsum startiga yaqin esa nigeriyalik ikki nafar futbolchi – Ibe Mikael Okoro va Emmanuel Arivachukvu taklif etildi.

ibe

“Qo‘qon-1912”

Baxtiyor Ashurmatov bosh murabbiyligidagi “Qo‘qon-1912”da uch nafar xorijlik o‘yinchi ro‘yxatdan o‘tdi. Ulardan biri esa ilgari ham qo‘qonliklar sharafini himoya qilgan serbiyalik hujumchi Filip Rayevatsdir. Ungacha esa uning hamyurti Ivan Yosovich ham “Qo‘qon-1912” a’zosiga aylanib bo‘lgandi. Uchinchi legioner esa afrikalik, aniqrog‘i Kot-D’Ivuardan kelgan Yakuba Bamba.

bamba

“Qizilqum”

Legionerlar limitidan to‘liq foydalangan uchinchi klub “Qizilqum” jamoasidir. Bu yil navoiyliklar legionerlarini to‘liq yangiladi. Rossiyalik Oleg Tolmasov va Ruslan Margiev, Turkmanistondan esa Vezirgeldi Ilyasov bilan Abdi Bashimov hamda Namibiyadan Makkartni Navaseb ilk bor yurtimizda to‘p surish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ko‘pincha “Qizilqum”ga kelgan legionerlar o‘zlarini ko‘rsatishganiga guvoh bo‘lganmiz. Bu borada Grigalashvili, Vatsadze yoki boshqalarni misol keltirishimiz mumkin. Ko‘ramiz, bu safar tanlangan xorijliklar qanchalik o‘zlarini ko‘rsata olisharkin?

“Buxoro”

Tojikistonlik mutaxassis Muhsin Muhammadiev ham ko‘proq legionerlar bilan ishlashni xush ko‘rishini “Buxoro”dagi faoliyati orqali ko‘rsatib bermoqda. Avvalo shuni aytish kerakki, o‘tgan yilgi legionerlardan kanadalik Milovan Kapor bilan gruziyalik Jaba Lipartiya bu yil ham “Buxoro” bilan hamkorlikni davom ettirishga qaror qilishdi. Shuningdek, ularning yoniga xorvatiyalik Edin Yunuzovich hamda ukrainalik Artyom Baranovskiy jalb etildi. Muhammadiev esa ularning ayrimlari bilan ilgari ham boshqa klubda birga ishlagan.

kapor

“Mash’al”

Superliga debyutanti hisoblangan “Mash’al” ham legionerlar xizmatidan foydalanishga qaror qildi. Natijada nigeriyalik Ifeani Ifeani, kamerunlik Ella Ken Arman, ukrainalik Denis Vasilev va turkmanistonlik hujumchi Didar Durdiev “Mash’al”ning yangi futbolchilariga aylanishdi.

ifeani

E’tibor bergan bo‘lsangiz, bu safar Superliganing barcha klublari legionerlar xizmatidan foydalanishdi. Hisoblab chiqsak, chempionatimizdagi barcha xorijlik futbolchilar 47 tani tashkil qilmoqda. Klublar kamida ikki nafar xorijliklar bilan tarkibini kuchaytirdi. Yuqorida aytganimizdek, “Navbahor”, “Qizilqum” va AGMK  4+1 limitidan to‘liq foydalandi. Eng ko‘p legioner  esa Serbiya davlatidan - 10 nafar. Rossiyadan esa 9 nafar legionerlar jalb qilingan. Shuningdek, Turkmanistondan 5, Gruziya hamda Ukrainadan 4, Nigeriyadan 3, Tojikistondan 2, Moldaviya, Chernogoriya, Bosniya, Shveytsariya, Kanada, Xorvatiya, Braziliya, Namibiya, Kamerun va Kot-D’Ivuar singari mamlakatlardan esa 1 nafardan futbolchilar chempionatimizga jalb qilinishgan.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Ibrohim Kuziev
10/04/2020 11:56
Uzbek kluplariga xorijda leganirlarni akademyadan olip kelish kerak 17 yoshli va shartmoni 2+3 tuzush kerak xam arzon daromat buladi kluplarga