
Qatar futbol assotsiatsiyasi rahbari Toshkentga tashrif buyurdi
Bugun Qatar futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xamid bin Xalifa bin Ahmad Al-Tani poytaxtimizga tashrif buyurdi. Bu haqida MOQ xabar bermoqda. Martabali mehmonni qarshi olar ekan MOQ prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Qatar futbol assotsiatsiyasi prezidentini mamlakat terma jamoasining Osiyo Kubogidagi muvaffaqiyati bilan samimiy muborakbod etdi.
Qatar futboli so‘nggi yillarda jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Buni terma jamoa joriy yilgi Osiyo Kubogida g‘alaba qozongani, 2022 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilishidan bilib olish qiyin emas.
Ma’lumki, O‘zbekiston va Qatar futbol assotsiatsiyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik borasida memorandum imzolangan. Ushbu tashrif davomida ikki terma jamoaning asosiy va turli yosh toifalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlari, hakamlar va murabbiylar uchun turli seminarlar tashkil qilish borasida kelishuvlar amalga oshishi kutilmoqda.
Har ikki assotsiatsiya rahbarlari ertaga MOFA (Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi) ning navbatdagi kongressida ishtirok etish uchun Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahriga jo‘nab ketishadi.
Fikrlar