
Qishki transfer oynasida "Jenoa" va boshqa klublar qo‘l urgan eng muhim transferlar bilan tanishing
Odatda, yanvar oyida katta transferlar amalga oshmaydi. Shunday bo‘lsa-da, ayrim klublar taniqli futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olishni boshlab yubordi. «Arsenal»ni anchadan beri qiynab kelayotgan Mesut O‘zil Turkiyaning «Fenerbaxche» jamoasi bilan shartnoma imzoladi. 30 yoshli Kevin Strotman esa, «Marsel»dan «Jenoa» safiga ijara asosida borib qo‘shildi. Xo‘sh, yanvar oyida yana qanday transferlar amalga oshdi? Bugun shu savol atrofida fikr yuritamiz.
Yorrit Xendriks PSVdan «Spartak» Moskvaga
Oston Urunov to‘p surayotgan Moskvaning «Spartak» jamoasi gollandiyalik Xendriks bilan shartnoma imzoladi. Tayanch yarim himoyachisi PSV klubi safida 5 yildan beri asosiy figuralardan biri edi, biroq yozda klub «Tuluza»dan Ibrahim Tsangarani sotib oldi. Aynan Tsangara Yorritni asosiy tarkibdan siqib chiqardi. «Qizil-oqlar» gollandiyalik futbolchi uchun PSVga 700 ming evro to‘lab berdi. Aslida, "Transfermarkt" nashri yarim himoyachini 4 million evroga baholamoqda, ammo uning shartnomasi 2021 yilda yakuniga etishini inobatga olgan PSV kamtarin summaga ham rozi bo‘ldi. Yorrit endilikda Oston O‘runov singari Dominko Tadeskoning ishonchini qozonishga harakat qiladi.
Mussa Dembele «Lion»dan «Atletiko» Madridga
«Atletiko» klubi Diego Kosta bilan shartnomani bekor qilgach, uning o‘rnini to‘ldirish maqsadida markaziy hujumchi izlashga tushib ketdi. Variantlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, negadir «matraschilar» bu mavsumda o‘yini chiqmayotgan Mussa Dembeleni tanladi. 24 yoshli futbolchi asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi. Endi esa, u ajoyib tempda to‘p surayotgan Luis Suares bilan raqobatga kirishishi lozim. Oson bo‘lmasligi aniq, biroq bu raqobatdan «Atletiko» foyda ko‘rishi turgan gap.
Madridliklar Mussani mavsum so‘nggiga qadar 1,5 million evro evaziga ijaraga oldi. Shuningdek, klubda hujumchining to‘liq shartnomasini 33,5 million evro evaziga sotib olish huquqi ham mavjud. «Lion» esa, Dembelening keyingi transferidan kelib tushadigan pulning 10 foiziga sherik bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.
Islam Slimani «Lester»dan «Lion»ga
«Lion» Dembeleni Madridga qo‘yib yuborgach, uning o‘rnini ortiqcha qiyinchiliksiz to‘ldirdi. E’tiborlisi shundaki, klub bu transfer uchun bir evro ham sarflamadi. Angliyaning «Lester» jamoasida o‘z shartnomasini to‘liq o‘tab bo‘lgan jazoirlik hujumchi Islam Slimani endilikda «Lion» bilan Liga-1da g‘alaba qozonish uchun kurash olib boradi.
32 yoshli forvard Angliyada o‘zini ko‘rsata olmagach, 4 mavsum davomida turli klublarda ijara asosida to‘p surdi. Slimani o‘zining so‘nggi klubi «Monako» safida juda ishonchli mavsum o‘tkazdi. 18 ta o‘yinda 9 ta gol va 8 ta assist. Hujumchi Frantsiya maydonlarida o‘zini yaxshi his etgani uchun ham aynan «Lion»ning taklifini qabul qildi. Vaholanki, u bilan bir necha arab klublari shartnoma imzolamoqchi edi.
Takefuso Kubo «Real» Madriddan «Xetafe»ga
Yaponiyalik iqtidor egasining «Vilyarreal»dagi sarguzashtlari o‘z yakuniga etdi. Gap shundaki, «sariq suvosti kemasi» hujumchi uchun etarlicha o‘yin amaliyoti taqdim etmadi. Faqatgina, Evropa Ligasida Kubo ko‘proq to‘p surishga muvaffaq bo‘ldi. Oqibatda, yanvar oyida Takefuso «Real» tarkibiga kelib qo‘shildi. Oradan bir kun o‘tib, Madrid klubi uni Ispaniyaning boshqa bir klubi «Xetafe»ga ijara asosida jo‘natib yubordi.
Endilikda, «Real»ning kelajakdagi yulduzi bo‘lishi taxmin qilinayotgan o‘spirin Madriddan uzoq bo‘lmagan shahar klubi sharafini himoya qiladi. Kelishuv mavsum so‘ngiga qadar etib belgilandi. «Real» o‘z futbolchisini ko‘proq o‘yin amaliyotga ega bo‘lishi uchun shunday qarorga keldi. Vaholanki, «Vilyarreal» yaponiyalik futbolchini mavsum so‘ngiga qadar olib qolmoqchi edi. Endilikda, hujumchi «Xetafe»ga elitada jon saqlab qolishda ko‘mak berishi va tajriba to‘plashi lozim. Undan «qirollik klubi»ning orzu-umidlari katta.
Timoti Fosu-Mensa «Manchester Yunayted»dan «Bayer»ga
Angliyaning «Manchester Yunayted» jamoasi a’zosi Fosu-Mensa faoliyatini Bundesligada davom ettiradigan bo‘ldi. U endilikda «Bayer» klubi safida Santyago Ariasning yo‘qligini bildirmasligi lozim. O‘ng qanot himoyachisi sanalgan Arias terma jamoa safida juda og‘ir jarohat oldi va uzoq muddatga safdan chiqdi. Aslida, «aspirinlar» Ariasni yaqindagina «Atletiko»dan ijara asosida o‘z safiga qo‘shib olgan edi. Uning yo‘qligini bildirmaslik uchun Leverkuzen klubi mavsum o‘rtasida Mensaning transferi uchun 1,8 million evro sarfladi.
23 yoshli futbolchi «Bayer» bilan 2024 yilga qadar shartnoma imzoladi. Gollandiyaning «Ayaks» jamoasi tarbiyalanuvchisi sanalgan himoyachi 2016 yilda MYu tarkibida o‘zining debyut uchrashuvini o‘tkazgan edi. Joriy mavsumda Sulsher gollandga atigi bittagina uchrashuvda ishtirok etish imkonini taqdim etdi, xolos. Aynan shu omil Mensani o‘zi uchun boshqa klubdan qo‘nim topishga majbur qildi.
Luka Yovich «Real» Madriddan «Ayntraxt»ga
"Qirollik klubi" Karim Benzemaning o‘rnini egallay olmagan Luka Yovichni ijara asosida «kelgan joyiga qaytarib yubordi». Serbiyalik hujumchi Madridda zaxira o‘tirishdan ko‘ra, o‘z klubida o‘yin amaliyotga ega bo‘lishni afzal ko‘rdi.
Qaysidir ma’noda, bu transferdan barcha tomon yutdi. «Real» Lukani keraksiz futbolchiga aylanib qolishidan va transfer summasi tushib ketishidan qutulib qolgan bo‘lsa, «Ayntraxt» mavsumning hal qiluvchi qismida o‘yinga chanqoq hujumchini qo‘lga kiritdi.
Serbiyalik futbolchi esa, o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi. Tan olish lozim, bu transfer «Real»ning naqadar aql bilan siyosat yuritayotganidan dalolat beradi.
Mesut O‘zil «Arsenal»dan «Fenerbahche»ga
London klubi va nihoyat, turkiyalik futbolchidan «qutuldi» desak, adashmagan bo‘lamiz. O‘yin qaydnomasiga kirmasa ham eng katta maosh olayotgan futbolchi endi «Fenerbaxche» safida o‘z omadini sinab ko‘radigan bo‘ldi.
Yarim himoyachi Turkiya klubiga o‘tish maqsadida, «Arsenal» bilan o‘rtadagi shartnomani bekor qildi. «Fenerbaxche» jamoasi JCh g‘olibiga 100 foizlik o‘yin amaliyoti va’da qilmoqda. Agar Mesut kutilganidek o‘zini erkin his etsa, tez orada uning ijrosidagi super uzatmalarga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Futbolchi allaqachon o‘z orzusidagi klub bilan shartnoma imzolaganini ma’lum qildi. Boshlanishi yomon emas. Agar hammasi shu tempda ketsa, Mesut o‘zining so‘nggi mavsumlarini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishi mumkin. Bu transfer 100 foiz uning foydasiga ishlashi aniq.
Fikrlar