"Qizilqum"da qolib yordam berishni xohlayman" yoxud sobiq klubiga gol urgan va eng yaxshi o‘yinchiga aylangan Grigalashvili nimani isbotlamoqchi bo‘ldi?

  • 23 iyun, 2021, 23:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qizilqum” klubi kecha Superliganing 6-tur qoldirilgan o‘yini doirasida Olmaliqda AGMKga qarshi maydonga tushdi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda navoiyliklar safarda 1:2 hisobida g‘alaba qozonib, muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.

E’tiborlisi, AGMKning sobiq futbolchilari – Elguja Grigalashvili hamda Erkin Boydullaevning gollari “Qizilqum”ga g‘alaba keltirdi. Gruziyalik Grigalashvili o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.

U bunday e’tirofga haqli edi. Uchrashuvni kuzatgan bo‘lsangiz, shu kuni ushbu legioner maydonda juda faol bo‘ldi. Quyida uning mazkur bellashuvdan keyin sports.uz muxbiriga bergan intervyusini o‘qishingiz mumkin.

- AGMKga qarshi eng yaxshi o‘yinchi bo‘ldingiz. Ayting-chi, sobiq klubingizga qarshi bellashuvda nimalarga qodirligingizni isbotlab berish asosiy maqsadingizmidi?

- Men hech qachon biror kimsaga nimanidir isbotlashga harakat qilmayman. Xudoga shukrki, yaxshi jamoaga qarshi bellashuvni o‘z foydamizga hal qilib, muxlislarimiz qarshisida yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Men jamoadoshlarimga qo‘limdan kelgancha yordam berishga harakat qildim, kiritgan golim orqali klubimning g‘alabasiga hissa qo‘shganimdan xursandman.

guja1_1

- Umuman aytganda, o‘yin sizda qanday taassurot qoldirdi?

- O‘yin juda og‘ir bo‘ldi. Men shunday bo‘lishini oldindan sezgandim. Chunki sobiq klubim safida bir yarim yil to‘p surganman. AGMKning qanday kuchga ega ekanligidan boxarbaman. Shuni bilamanki, ular kuchli, ayniqsa, uy o‘yinlarida. Bu klubni mehmonda dog‘da qoldirish juda mashaqqatli ishdir. Bizning jamoa raqibga nisbatan yaxshi o‘yin namoyish etdi. Bu butun klubimiz a’zolarining sa’y-harakatlari samarasidir.

- AGMK darvozabonining xatosi sizni hayron qoldirdimi?

- Yo‘q, bunday fikrga qo‘shilmayman. Chunki manaman degan eng yaxshi darvozabon ham o‘yinlar chog‘ida xatoga yo‘l qo‘yadi. Darvozabon jamoaga juda ko‘p yordam beradi, ammo buni ko‘pchilik ilg‘amasdan qoladi. Muxlislar posbonlarning gol o‘tkazib yuborgandagi xatolarini ko‘rishadi xolos. Yana qaytaraman: maydonda o‘yinchi – u darvozabon bo‘ladimi yoki boshqa amplua vakilimi, xatoga yo‘l qo‘ygan mahalda hamma faqat uni gapirishga, tanqid qilishga tushib ketadi.

guja_1

- Bugungi bellashuvda AGMKning sobiq futbolchilari sifatida siz va Erkin Boydullaev gol urdinglar. Ayting-chi, bu shunchaki tasodifmi yoki o‘yin oldidan bu borada kelishib olganmidinglar?

- Yo‘q, kelishib olmagandik. Shunchaki, o‘yin paytida voqealar rivoji shunday tus oldi xolos. Jamoa yutar ekan, tarkibdagi u yoki bu futbolchilar o‘zlarini ko‘rsatishlari mumkin. Bugun shunday bo‘ldiki, bizning omadimiz chopdi.

-  Ayni paytda “Qizilqum” hisobida boshqalarga nisbatan durang bilan yakunlangan o‘yinlar ko‘proq – 5 ta. Bu nimadan dalolat beradi?

- Agar siz bizning ishtirokimizdagi o‘yinlarni kuzatib kelayotgan bo‘lsangiz, o‘sha beshta bellashuvda durangdan ko‘ra g‘alabani ilib ketishga yaqinroq bo‘lganimizni, lekin omadimiz chopmay qolganidan boxabar bo‘lsangiz kerak. Futbolda shunday holatlar ham uchraydiki, hammasi o‘zingiz xohlagan darajada yakun topavermaydi. Holbuki, bellashuvni g‘alaba bilan tugatish mumkinligiga ishonasiz, pirovardida esa...Shukrki, bugun omadimiz chopdi va zafar quchdik.

guja5

- Jamoa oldiga mavsumni uchinchi o‘rinda yakunlash vazifasi qo‘yilgan. Voqelikka real nazar bilan qaraydigan bo‘lsak, buning iloji borligiga ishonasizmi?

- O‘ylaymanki, tarkibdagi bor futbolchilar bilan sovrinli o‘rinlardan birini egallash vazifasini bajarsa bo‘ladi.

- Agar xato qilmayotgan bo‘lsam, ikkinchi golingizni urdingiz. Ayting-chi, Superligada raqib darvozasini ishg‘ol etish siz uchun mashaqqatli ishga aylanib boryaptimi?

- Adashmadingiz, bu mening Superligadagi ikkinchi golim. Superligada gol kiritish oson emas. Buning uchun futbolchidan astoydil ter to‘kish va o‘yinlar chog‘ida qulay fursatni topish talab qilinadi.

guja2_1

- Aktamov futbolchilarni o‘yinlar uchun qanday ruhlantiradi: pullar bilanmi yoki...

- Pullar bilan bog‘liq masala bizda joyida. Qolaversa, klubimizdagi ichki muhit juda yaxshi degan bo‘lardim.

- Birinchi davradan keyin rejalaringiz qanday?

- Bundan keyin ham “Qizilqum”da qolib klubga o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarini bajarishida yordam berishni xohlayman.

- Superligada qaysi raqibga qarshi to‘p surish siz uchun juda qiyin?

- Superligada o‘yinlarning barchasi qiyin kechadi. Bu ligada g‘alaba qozonish oson emas. Hatto kuchsizdek ko‘ringan raqibdan ham kutilmagan syurprizlar bo‘lishi mumkin.

- “Qizilqum”dagi eng quvnoq va jiddiy futbolchi kim?

- Jamoadagi eng quvnoq futbolchi men bo‘lsam kerak. Eng jiddiy o‘yinchimi, bu savolingizga javob topib bera olmaymanmi, deb qo‘rqaman.

guja4

- O‘zbekiston terma jamoasi tarixda birinchi marta JCh saralashining ikkinchi bosqichidan keyinoq yurishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Sizning bu haqidagi fikringizni bilmoqchi edim...

- O‘ylaymanki, terma jamoangizda keyinchalik yana hammasi iziga tushib ketadi. Qolaversa, Osiyoda Evropadagi singari kuchli terma jamoalar u qadar ko‘p emas.

- Legioner sifatida omadsizlikning asosiy sababi nimada deb o‘ylaysiz?

- Mening fikrim to‘g‘rimi yo xato qilyapmanmi bilmaymanu, bu yo‘lda bolalar maktabi u qadar samarali ishlamayotgan ko‘rinadi. Chunki ertangi kun kelajagi haqida qayg‘urish yaqin yillarda o‘z samarasini bermasdan qolmaydi. Bu mening shaxsiy fikrim.

- Sizning nazaringizda milliy terma jamoamizni boshqarish uchun hamyurtingiz - Shota Arveladze eng munosib nomzodmi?

- Kechirasiz, bu savolingizga jo‘yali javob ayta olmasam kerak. Nega deganda, terma jamoani kimga ishonib topshirishni faqat O‘FA rahbariyati hal qiladi xolos.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ашуров Бахтийор
24/06/2021 06:05
Жавоблар ҳам,саволларга яраша-деломатик слуҳ тузувчиларникига ўхшайди.